Hammaniki kamaysa, bularniki ko'paydi! Dunyodagi eng badavlat 10 nafar odamning boyligi pandemiya davrida 2 baravar oshdi

Pandemiyadan beri qashshoqlikdagi odamlar soni 160 millionga ko’paydi.

Dunyoning eng badavlat o’n odami pandemiya davrida o’z boyligini ikki baravar oshirdi. Bu haqda Oxfam xayriya tashkilotining hisobotida so’z boradi.

Ma’lum qilinishicha, koronavirus pandemiyasi dunyoda ijtimoiy tengsizlik muammosini yanada kuchaytirgan. 2020 yilning martidan 2021 yilning noyabrigacha bo’lgan davrda dunyodagi eng badavlat 10 nafar odam o’z boyligini ikki baravar oshirgan.

Pandemiyaning dastlabki ikki yilida ularning boyligi 700 milliard dollardan 1,5 trillion dollarga ko’tarilgan. Bu sekundiga 15 ming dollar yoki kuniga 1,3 milliard dollarga boyish degani.

Oxfam xayriya assotsiatsiyasi hisobotiga ko’ra, dunyodagi barcha milliarderlar birgalikda ushbu davrda o’z boyliklarini pandemiyadan oldingi 14 yilga qaraganda ko’proq oshirgan.

«Agar bu o’n kishi ertaga o’z boyligining 99,999 foizini yo’qotsa, ular hali ham bu sayyoradagi barcha odamlarning 99 foizidan boyroq bo’lishadi», — degan Oxfam xalqaro tashkiloti bosh direktori Gabriela Buxer.
Ma’lumotlarga ko’ra, dunyodagi eng boy 10 nafar kishi quyidagilardir: Ilon Mask, Jeff Bezos, Bernard Arno va uning oilasi, Bill Geys, Larri Ellison, Larri Peyj, Sergey Brin, Mark Sukerberg, Stiv Balmer va Uorren Baffet.

Ularning umumiy boyligi 1,5 milliard dollarga ko’tarilgan bo’lsa-da, ular o’rtasida jiddiy farq bor. Jumladan, Maskning boyligi 1000 foizdan ko’proqqa, Geysning boyligi esa shunchaki 30 foizga o’sgan.

Tashkilot hisobotida aytilishicha, koronavirus pandemiyasidan oldin dunyo aholisining qariyb yarmi, yoki 3,2 milliard kishi qashshoqlikda yashagan. Bugungi kunga kelib bu raqam 160 millionga oshgan.

«Milliarderlar uchun pandemiya oltin vasvasasiga aylandi. Hukumatlar iqtisodga milliardlab mablag’ yo’naltirdi, ammo ularning aksariyati aksiya bahosidan foyda ko’radigan odamlarga qoldi», — deydi Oxfam vakili Manuel Shmitt.
Oxfam butun dunyo hukumatlarini korporatsiyalar va o’ta boylarga nisbatan yuqori soliqlar joriy etishga va bundan tushgan daromadni ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirishga sarflashga chaqirmoqda. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi vaksinalar uchun patentlardan voz kechish va ularning sayyorada adolatli taqsimlanishini ta’minlash kerak, deb hisoblaydi assotsiatsiya.

Avvalroq Ilon Maskning boyligi ikkinchi marta 300 milliard dollardan oshgani xabar qilingandi. Shuningdek, Amerikalik milliarderlarning boyligi qariyb bir yilda 1,8 trillion dollarga ko’paygani haqida xabar berildi.