Habib O'zbekistonda fast-fud restorani ochadi

Restoran tarmoqlarini ishga tushirish 360–550 ming dollarga baholanmoqda.

Rossiyalik aralash yakkakurash kurashchisi Xabib Nurmagomedov bilan hamkorlikda «M-it grupp franchayzing» kompaniyasi M-eat by Khabib fast-fud restoranlar tarmog’ini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda uning vakili «Vedomosti»ga ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, tarmoqning birinchi korxonasi allaqachon «Moskva-siti» biznes markazidagi «Poytaxtlar shahri»da ochilgan. May oyining oxiriga qadar kompaniya Moskvada yana 14 ta shoxobchani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Uning vakili aniq manzillarni aytmagan, lekin bitta muassasa ochilishiga sarmoya kiritish 2–3 million rublni tashkil etishiga aniqlik kiritgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning umumiy qiymati, Moskva shahrida allaqachon ochilgan restoranni hisobga olmaganda, birinchi bosqichda 28–42 million rublni (360–550 ming dollar) tashkil qiladi.

Shuningdek, «M-it grupp franchayzing» restoran tarmog’ini rivojlantirish bo’yicha katta rejalarga ega. U 2023 yil oxirigacha beshta davlatda, jumladan Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida 150 ta savdo nuqtalarini ochishni kutmoqda. Kompaniya ushbu mamlakatlarda franchayzlarni qidirmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyada kompaniya Markaziy federal okrugning boshqa mintaqalariga, shuningdek, Shimoliy Kavkazga kengayishni ko’rib chiqmoqda. M-eat by Khabib, shuningdek, keyinchalik o’z mahsulotlarini yirik chakana savdo do’konlarida sotishni rejalashtirmoqda.