Futbolning vatani sifatida, odatda, Angliya e’tirof etiladi, biroq, aslida, bunday emas. Birinchi raqamli sport turini Tumanli Albion vakillari o’ylab topishmagan, ular shunchaki futbol qoidalarini bir qolipga solishgan. Futbol qonunlari haqidagi birinchi majmua «Kembrij qoidalari» nomi ostida 1846 yili nashrdan chiqqan. Dastlab ushlab qolish, turtish, itarish va oyoqdan chalish taqiqlangan bo’lsa-da, futbolchilarga qo’li bilan o’ynashga ruxsat berilgan. 1863 yilning dekabr oyiga kelibgina Angliyada futbol regbidan farqlanib, hozirgi ko’rinishga kela boshladi.
Futbol tarixi esa ancha qadimga borib taqaladi. Millionlar o’yini tasvirini eslatib yuboruvchi ilk suratlarni misrliklarning dahmalarida uchratish mumkin. Ikki yarim ming yildan ko’proq vaqt avval xitoylik jangchilar ham futbolga o’xshash o’yin o’ynashgan. Buni qarangki, o’sha o’yin «dzu-nyu» deb atalgan: «dzu» — oyoq bilan itarish, «nyu» — to’p degan ma’noni beradi. Lekin shuni ham tan olish kerak, futbolga hozirgi nomini, albatta, Angliyada qo’yishgan. Britan aristokratlari ushbu o’yinni irganib «to’p tepish» deb atashgan. Chunki o’sha paytdagi feodallarning fikricha, futbol vassallarni ko’plab kerakli mashg’ulotlar, masalan, kamondan o’q otishdan chalg’itgan.
DEVORMA — DEVOR URIShISh
Aytish joizki, 217 yili Derbi shahri yaqinida uyushtirilgan ilk tarixiy matchda mahalliy keltlar drujinasi Rim legionidan ustun kelgan. O’sha tahlikali yillarda futbol maydoniga har ikki tomondan besh yuzdan ortiq odam chiqarilgan, musobaqa, to’g’rirog’i, jang shartlari kelishib olinmagan. «Futbolchilar» ham bellashuvdan ko’ra ko’proq harbiy topshiriqni bajarishgan, ya’ni to’pni ma’lum bir nuqtaga olib borish kerak bo’lgan. Mo’ljal aniqroq bilinishi uchun aksar hollarda darvozani nishon qilishgan. Albatta, hozirgi futbol darvozalari emas, balki biror imorat yoki devorga o’rnatilgan oddiy darvoza. Umuman olganda, har bir futbol ishqiboziga yaxshi tanish bo’lgan inglizcha «gol» so’zi nishon yoki darvoza degan ma’noni anglatadi. Biror-bir qoidaning yo’qligi bois bellashuvlar «devorma-devor urishish»ga juda yaqin holatda o’tgan. Futbolni «Bu vahshiy hayvonlarga xos g’azabdan boshqa narsa emas. Haddan ortiq shafqatsizlik va haddan ko’p qon to’kish», deya ta’riflagan edi XVI asr britan yozuvchisi Filipp Stabbs.
BIRINChI FUTBOL O’YINI
Birinchi futbol bellashuvi barcha qonun-qoidalarga asosan, 1681 yili qirol Karl II davrida o’tkazilgan. O’yin qoidalariga amal qilmagan futbolchilarni jazolash maqsadida jarima zarbalari qo’llanila boshlagan. Bunday tartib 1863 yildan joriy qilingan. Futbolni boshqarib boruvchi hakamlar esa oradan 18 yil o’tib — 1881 yildagina maydonga tushishgan. Bungacha barcha bahsli vaziyatlar jamoa sardorlari tomonidan yechilgan, hakamlar bo’lsa, maydondagi voqealarni faqat tribunada turib kuzatishgan. Turgan gapki, o’zaro kelishuvga erishib bo’lmagan holatlarda jamoa sardorlari mushtlarini ishga solishgan. Oqibatda hakamlarga qo’shimcha huquqlar berilgan. Mana shundan keyin britan jentlmenlari futbol maydonini ring bilan adashtirmaydigan bo’lishgan.
« O’LSANG HAM, MAYDONDA QOL!»
Xoh ishoning, xoh ishonmang, match davomida o’yinchini almashtirishdek oddiy qoida faqat 1968 yildan boshlab futbolga kiritilgan. Bungacha xalqaro musobaqalarda o’yinchi almashtirish degan gapning o’zi yo’q edi. Futbolchilar match paytida qo’li yoki oyog’ini sindirib olsa, o’yinni shu holatda davom ettirishga majbur bo’lgan.
«MEN ShUNGA LOYIQMAN!»
Gap futbol hakamlari haqida ketar ekan, ularning ham o’ziga xos g’aroyib fe’li borligini e’tirof etish joiz. Masalan, futbol tarixida ikki marta matchni boshqarib borayotgan hakamlar o’zlariga-o’zlari qizil kartochka ko’rsatishgan. Bunday holatlarning biri «Piterboro Nort End» — «Royal Meyl» matchini boshqarib borayotgan Endi Ueyn bilan kuzatilgan bo’lib, vaziyatning mushtlashuvga aylanib ketishining oldini olish maqsadida hakam o’zini maydondan chetlashtirgan. «Sautgempton Arms» hamda «Xerstborn Tarrant British Legion» klublari o’rtasidagi o’yinni boshqarayotgan Melvin Silvestr esa o’zini itarib yuborgan futbolchini mushtlagani uchun o’z-o’ziga qizil kartochka ko’rsatgan.
MAYDONDAN HAYDALGAN 22 FUTBOLChI
1969 yilning 3 noyabr kuni Buyuk Britaniyada futbol tarixidagi eng xunuk match qayd etilgan. Mahalliy kubok uchun kechayotgan bellashuvda tomonlar to’p uchun shunchalik ayovsiz kurash olib borishganki, natijada bosh hakam barcha futbolchilarni o’yindan chetlashtirgan. Ya’ni o’zaro taloto’p paytida hatto yon hakamga ham jarohat yetkazilgan va u shifoxonaga jo’natilgan.
Xuddi shunga o’xshash holat Ispaniyada, ikkinchi ligada ishtirok etuvchi klublar — «San Isidro» va «Olimpiko Karrante» o’rtasida kechgan matchda ham kuzatilgan. O’yin nihoyalanishi arafasida har ikki jamoa futbolchilari hakamlardan norozi bo’lib, match arbitrini o’rab olishadi va uni haqoratlab, turli tahdidli so’zlarni aytishadi. Biroq bosh hakam qaltis vaziyatda ham xotirjamlikni yo’qotmaydi va cho’ntagidan qizil kartochkani chiqarib, 22 nafar futbolchining barchasini maydondan chetlashtiradi.
BU — FAKT!
Futbol tufayli Kolumbiya termasi himoyachisi Andres Eskobar hayot bilan vidolashganini hamma ham bilmasa kerak. Gap shundaki, 1994 yili AQSh mezbonlik qilgan jahon chempionatida Andres o’z darvozasiga gol urib qo’yadi. Natijada kolumbiyaliklar keyingi bosqichga chiqa olmaydi. Oradan bir necha kun o’tib futbol fanatlaridan biri Eskobarga qarata oltita o’q yo’llaydi va har o’q otganda «Gol!» deb hayqiradi.
Aytgancha, aynan 1994 yilgi jahon chempionatida Rossiya — Kamerun termalari o’rtasida bo’lib o’tgan o’yinda Rossiya termasi a’zosi Oleg Salenko afrikaliklar darvozasiga beshta to’p kiritgan. Musobaqaning final matchida esa birorta ham gol urilmagan; birinchi marta final durang natija bilan nihoyasiga yetgan va chempion penaltilar seriyasiga ko’ra aniqlangan (Braziliya Italiyadan 3:2 hisobida ustun kelgan).