GM Uzbekistan Chevrolet Orlando avtomobilining ishlab chiqarilishi to’xtatilganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Spot O’zbekistonda ishlab chiqarilgan va keyinchalik boshqa rusumlarga o’z o’rnini bo’shatib bergan avtomobillarga e’tibor qaratdi deya yozmoqda daryo.uz
Daewoo Tico (1996 — 2003)
Tico’ning tarixi 1982 yilda Yaponiyada Suzuki Alto bilan boshlangan. Bir necha yildan so’ng ishlab chiqaruvchi modelni Janubiy Koreyaga sotgan. Avtomobil 1996 yildan O’zbekistonda, shuningdek, uch darajali tezlik uzatish qutisi bilan Ruminiya va Polshada ishlab chiqarila boshlangan. Model 1990 yillar oxiriga kelib eskirgan va Daewoo uning o’rnini bosuvchini izlab, Tico’ni ishlab chiqarishni qisqartira boshlagan. Uning ishlab chiqarilishi dastlab Janubiy Koreya, keyin Sharqiy Yevropa va 2003 yilda O’zbekistonda to’xtatilgan. Asakadagi zavodda jami 90 mingta Tico ishlab chiqarilgan. Uning o’rnini esa Matiz egallagan.
Daewoo Nexia (1996 — 2008)
Nexia’ning namunasi 1984 yildan boshlab ishlab chiqarilgan Opel Kadett E nemis modeli bo’lgan. 1995 yilda Daewoo modelni zamonaviylashtirgan va Janubiy Koreyada Daewoo Cielo nomi ostida sota boshlagan. 1996 yilda mashina O’zbekistonda ishlab chiqarilib, MDH mamlakatlariga sotila boshlandi. Nexia’ning ishlab chiqarilishi 2008 yilda uning o’rniga restayling qilingan Nexia II kelgach, to’xtatilgan.
Chevrolet Tacuma (2007 — 2009)
Avtomobil Daewoo Nubira asosida loyihalashtirilgan. Avtomobil ko’plab mamlakatlarda Rezzo brendi ostida sotilgan. Mashina Tacuma nomi ostida faqat O’zbekiston va Ukrainada ishlab chiqarilgan. 2008 yilda mashina Asakada ishlab chiqarila boshlanganda, allaqachon eskirgan model edi va o’zining «so’nggi kunlarini yashayotgan edi». Uning o’rnini Chevrolet Orlando egalladi.
Chevrolet Epica (2007 — 2012)
Tacuma bilan bir vaqtda keng gabaritli Epica ham ishlab chiqarila boshlangan. Tacuma’dan farqli ravishda Epica yangi model edi, u rasman 2006 yilda taqdim etilgan. Avtomobil O’zbekistonda 2012 yilgacha ishlab chiqarildi va uning o’rniga Malibu keldi.
Chevrolet Lacetti (2003 — 2014)
Daewoo tomonidan 1997 yildan boshlab ishlab chiqarilgan Nubira’ning o’rnini 2002 yilda Lacetti egallagan. Bir yildan so’ng esa Lacetti Asakadagi zavodda ishlab chiqarila boshlangan. 2008 yilda Lacetti O’zbekistonda seriyali ishlab chiqarila boshlangan. 2013 yilda esa Lacetti II (Gentra) ishlab chiqarilishi boshlandi. Bir yildan keyin esa birinchi avlod Lacetti’ning ishlab chiqarilishi to’xtatilgan.
Chevrolet Nexia (2008 — 2016)
Klassik Nexia’ning restayling talqini O’zbekistonda sakkiz yildan ko’proq ishlab chiqarildi, shundan so’ng o’z o’rnini Ravon Nexia’ga bo’shatib berdi. U xalq tilida Nexia III deb ataladi
Chevrolet Malibu (2012 — 2017)
Dastlabki Malibu 1978 yilda AQShda ishlab chiqarilgan. O’zbekistonda 2012 yildan ishlab chiqarila boshlangan talqin modelning 1997 yilda qayta tug’ilganidan keyingi sakkizinchi avlodi hisoblanadi. 2017 yilda uning o’rnini Malibu’ning to’qqizinchi talqini egalladi, u xalq tilida Malibu II nomini olgan. 2019 yilda modelning dunyo bo’yicha o’ninchi talqinini taqdim etish rejalashtirilgan.
Chevrolet Orlando (2014 — 2018)
O’zbekistonda 2014 yildan ishlab chiqarila boshlangan Orlando 2008 yilda taqdim etilgan. 2015 yildan boshlab modelni Vyetnam, Rossiya va Venesuelada ishlab chiqarish bosqichma-bosqich qisqartirilgan. 2018 yilda avtomobil faqat ikkita mamlakat — O’zbekiston va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan. Shundan so’ng GM Janubiy Koreyadagi zavodni yopishga qaror qilgan, GM Uzbekistan esa Orlando xaridi uchun shartnomalar berish to’xtatilganini ma’lum qildi. Modelning dunyo bo’yicha ishlab chiqarilishi yopilgan hisoblanadi.