image0

Yerga o‘xshash sayyoralar koinotda ilgari o‘ylanganidan ancha ko‘p uchrashi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot “Science Advances” jurnalida e’lon qilindi.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, quruq va tosh tarkibli sayyoralarning shakllanishi yosh yulduz tizimlari yaqinida sodir bo‘ladigan o‘ta yangi yulduzlar (supernova) portlashlarining tabiiy oqibati bo‘lishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer va boshqa Yer tipidagi sayyoralar muz va tosh aralashmasidan iborat “planetezimal” deb ataluvchi jismlardan hosil bo‘lgan. Kelajakdagi sayyoralar quruq va toshli bo‘lishi uchun bu “xomashyo” dastlab suvning katta qismini yo‘qotishi kerak. Bu jarayonda qisqa umrli radioaktiv izotoplar, xususan alyuminiy-26 parchalanishi natijasida yuzaga kelgan issiqlik muhim rol o‘ynagan. Qadimiy meteoritlar tahlili orqali uning Quyosh tizimining ilk davrida mavjud bo‘lgani tasdiqlangan.

Avval olimlar bu kabi izotoplar protoplanetar diskka faqat yaqin atrofdagi supernova portlashi orqali tushgan, deb hisoblagan. Biroq hisob-kitoblar ziddiyatni ko‘rsatgan: zarur miqdordagi radioaktiv moddalarni yetkazish uchun portlash juda yaqin bo‘lishi kerak va bunday holatda u sayyoralar shakllanayotgan diskni butunlay vayron qilgan bo‘lardi.

Tokio universiteti olimi Re Savaada boshchiligidagi tadqiqotchilar yangi izohni – “sho‘ng‘ish mexanizmi”ni taklif qildi. Ushbu modelga ko‘ra, supernova yosh Quyosh tizimidan taxminan 3,2 yorug‘lik yili masofada, xavfsiz oraliqda portlagan. Portlash to‘lqini zaryadlangan zarrachalarni tezlashtirib, ularni kosmik nurlar oqimiga aylantirgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, radioaktiv elementlar protoplanetar diskka ikki yo‘l bilan kirgan. Izotoplarning bir qismi, masalan temir-60 to‘g‘ridan to‘g‘ri chang zarralari orqali, boshqa qismi, jumladan alyuminiy-26 esa disk ichida hosil bo‘lgan – kosmik nurlar barqaror atomlar bilan to‘qnashib, yadroviy reaksiyalarni boshlab bergan. Ushbu mexanizm jamlanmasi meteoritlarda topilgan radioaktiv elementlar tarkibini aniq takrorlaydi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, bunday sharoitlar yetarlicha tez-tez yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ularning bahosiga ko‘ra, Quyoshga o‘xshash yulduzlarning 10-50 foizi shunga o‘xshash radioaktiv izotoplar darajasi mavjud muhitda shakllangan bo‘lishi mumkin. Bu esa suv zaxirasi cheklangan, quruq va toshli – hayot uchun potensial mos sayyoralar galaktikada odatiy hol bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro astronomlar jamoasi Atakama yirik millimetr/submillimetr massivi (ALMA) yordamida “Cloverleaf” nomi bilan tanilgan mashhur kvazarning (ko‘rinadigan olamdagi eng yorqinlari qatoriga kiradigan astronomik ob’ektlar sinfi) kuzatuvlarini amalga oshirgani haqida xabar berilgan edi.