Olimlar AQSHning Nyu-York shtatida ilgari noma’lum bo‘lgan dengiz hayvoni turiga mansub, hayratlanarli darajada “oltin” rangli qoldiqlarini aniqladi. Ushbu turga Lomankus edgecombei nomi berilgan. Bu organizmlar Yerda 450 million yildan ortiq vaqt avval yashagan. Bu haqda Cell xabar berdi.
Ko‘pchilik qoldiqlardan farqli o‘laroq, odatda cho‘kindi jinslarda bosim ostida saqlanib qoladigan bunday namunalar o‘z anatomiyasini o‘zgartirmagan. Ularning juda kichik tanalari millionlab yillar davomida sekin-asta metall – pirit bilan almashgan, natijada shakli deyarli buzilmagan holda saqlanib qolgan.
Oksford universiteti paleobiologi Lyuk Perrining tushuntirishicha, pirit kislorodsiz muhitda organik moddalarni parchalovchi bakteriyalar faoliyati natijasida hosil bo‘ladi. Ular ajratib chiqaradigan gaz temir bilan reaksiyaga kirishib, sulfid hosil qiladi.
“U yerda saqlanib qolgan hayvon jasadlari pirit hosil bo‘lishi uchun aynan sharoit vujudga keladigan kichik orolchalarni eslatadi”, deydi Lyuk Perri.
Natijada tadqiqotchilar uch o‘lchamda juda mukammal saqlangan qoldiqlar majmuasiga ega bo‘lgan. Bu bo‘g‘imoyoqlilar inqirozi davrida yashagan, “qo‘shimcha” oyoqlarning mo‘ylov, qisqich va tishsimon tuzilmalarga aylanish evolyutsiyasiga guvoh bo‘lgan mavjudotlar anatomiyasini imkon qadar aniq tasavvur qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiya va Albaniya chegarasidagi sulfidli g‘or ichida ulkan yer osti o‘rgimchak koloniyasi va gigant qo‘shma to‘r topilgandi. Dunyodagi eng katta o‘rgimchak to‘ri 100 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallaydi. G‘orga kirishdan oldin taxminan 50 metr naridagi hudud doimiy qorong‘u, yo‘lak tor va past, tubi esa sulfidga boy daryo bilan qoplangan. Ba’zi to‘r qismlari ipak va o‘rgimchaklar og‘irligidan devordan ajralib tushgan.


