Bu savol azaldan barchani qiziqtirib keladi. Umuman, odamzodning tabiati shunaqa. Qarshisidagi real voqelikka ko’z yumib, hech qachon anglab bo’lmaydigan sirli voqeliklar sari talpinaveradi. Biz uchun juda qiziq tuyiladigan narsalardan biri bu fazodir. Mutaxassislar qiziqishlarimizni hisobga olgan holda fazodagi ba’zi sirlarni bizga oshkor etishmoqchi. Xullas, birinchi savol.
Fazoda skafandrsiz odam qay holatni boshidan kechiradi? U portlab ketadimi?
Yo’q, odam fazoda skafandrsiz portlamaydi. Bu holat faqat fantastik filmlardagina kuzatiladi. Bunday vaziyatda odam fazo va tanadagi bosim keskin farqlanishi oqibatida shar kabi shishib, keyin yorilishi mumkin. Ya’ni, u ichidagi bor kislorodni tashqariga chiqaradi-yu, tabiat qarshisida ojiz qoladi. Chunki fazo vakuumga o’xshaydi. Odam vazni o’sha yerdagi bosimga qarshilik qila olmaydi. Shu sababli muallaq havoda turib qoladi. Lekin portlamaydi. Chunki inson to’qimalari havo shari kabi elastik yoki mo’rt emas.
Odam fazoda skafandrsiz sovqotadimi?
Yo’q, u ma’lum muddatgacha sovqotmaydi. To’g’ri, u sovuqni his etadi. Biroq sovqotish xavfidan yiroq bo’ladi. Sovqotishga tanadagi issiqlik yo’l bermaydi. Chunki bu issiqlik tashqariga juda sekin chiqadi. Shuning evaziga odam fazoda skafandrsiz sovqotmaydi.
Odam organizmidagi suyuqlik qaynaydimi?
Fazoda skafandrsiz turgan odamning qoni qaynamasligi aniq. Chunki u yopiq shaklda tomirlarimizda oqadi. Tomirlar qonga eng past bosimda ham qaynamasdan suyuq holatda qolish imkonini beradi. Organizmdagi suv esa qaynaydi. Hatto og’iz bo’shlig’idagi so’lak ham qaynay boshlaydi. Buni odamning o’zi aniq his etadi.
Odam skafandrsiz fazoda yonib ketadimi?
Yo’q, yonib ketmaydi. Ammo fazoda ultrabinafsha nurlardan himoya vositasi yo’qligi sababli quyoshning o’ta qaynoq tafti urilib og’ir darajadagi kuyish jarohatini oladi.
Odam bo’g’ilib o’ladimi?
Ha, skafandr bo’lmasa, har qanday odam fazoda bir necha lahza ichida bo’g’ilib o’ladi. Taxminan 30 soniya ichida hushidan ketadi. Yana shuncha muddatda klinik o’lim holatini boshdan kechiradi. Agar bir yarim daqiqa ichida unga sun’iy kislorod yuborilsa, qayta ko’zini ochishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun fazogirlar ochiq fazoga faqat skafandr kiygan holatda chiqishadi. Shunda ham uzoq qolib ketishmaydi.
loading…