«Endi uyma-uy yurib kuldiramiz»

«Odamlar, ehtiyot bo’linglar, men sizlarni sevar edim…»

Har kuni ertalab har kimning qiladigan odatiy yumushlari bor. Badantarbiya, hovlida ishlash, mol-holga qarash, musiqa tinglash, nonushta tayyorlash, farzandlarni bog’cha, maktabga kuzatish, ishga ketishga alohida tayyorgarlik…  Bizning har tongda qiladigan ish-ravishimiz shu va shu kabi tadoriklar.

Ba’zilar har kunni kundalik matbuot nashrlarini kuzatish bilan boshlaydi. Shu orqali boshlanayotgan kunning eng muhim va dolzarb voqea-hodisalaridan boxabar bo’ladi. Eng asosiysi, yangiliklar va o’sha voqealar chambaragida o’zining o’rni,ishtiroki va mustaqil pozitsiyasini belgilab oladi. Kun davomida shunga uyg’un holda faoliyat yuritadi. Har bir kuni shu zaylda kechadigan odam uchun matbuot ijtimoiy hayoti va umrining eng asosiy tayanch nuqtalaridan biri.

Dunyoda bir necha million adadda chop etiladigan gazetalar bor. Tabiiyki, ularning o’quvchilari mazkur adaddan kamida uch-to’rt barobar ko’p. Bunday nashrlarning insoniyatga yetkazadigan o’ta muhim va ahamiyatli ma’lumotlari borligi uchun ham ular bir necha o’n yillar davomida muntazam ravishda qo’lma-qo’l bo’lib o’qilyapti.

Odamlarning matbuotga munosabati qay darajada bo’lsa, matbuotning kishilar hayotiga ta’siri ham shunchalik bo’lishi haqidagi fikrda jon bor. Matbuotdan xalq nimanidir kutsa, talab qilsa, matbuot ham ana o’sha mezon asosida ishlayboshlaydi. Lekin ayrim bir holatlar borki, ular bugungi matbuotning zalvoru saviyasini o’ziga moslashtirib oladi.

Gazetaga kim mushtoq?

Gazetani juda intiq kutadiganlar bor. Ular hatto tahririyat bilan doimiy bog’lanib, gazetaning shu soni soat nechada bosmaxonaga berilishi-yu, bosish uchun qancha muddat ketishigacha qiziqishadi. Gazetani qo’lga olishni intiqib kutishadi. To’g’ri, ular gazetaning har bir sonini shunday qarshi oladi, deyolmaymiz. Sababi, ko’pchilikka ma’lum. Ular faqat o’zlarining maqolasi chop etilayotgan sonni shunday kutishadi. Boshqalari qiziqarli emas. Bundaylar uchun gazetaga maqola berish nufuz, obro’, majburiyat tusini olib ulgurdi. Shuning uchun ham «shu oyda falon mavzuda maqola chiqarishim kerak», yoki «biror maqolaga familiyamni qo’yib yuboringlar», kabi «iltimos»lar matbuotning kundalik hayotiga aylanayozdi. Aslida har bir soha faoliyatidagi ijtimoiy ahamiyatga ega eng muhim jihatlarni keng targ’ib-tashviq qilish, ommaga yetkazish kabi e’tiborli va sharafli vazifa negadir biqiq va tor shaxsiy g’arazlar panasida qolib ketayotganday.

Achinarlisi, bugun bunday savdo har bir nashrning boshida bor. Ayrim mualliflar matbuot orqali aytadigan biron e’tiborli gapi yo’qligini bilishsa-da, boyagi g’arazlar uchun matbuot maydonidan bir enli joy so’rab, tahririyatma-tahririyat chopishdan tolmaydi. Ular orasida o’zini salkam daho hisoblaydiganlari bor.

Yaqinda tahririyatimizga xuddi shunday qo’lyozmalardan bir dastasi keldi. Sabr-bardosh bilan o’qib chiqdik. Pichoqqa ilinadigan hech narsa topolmagach,  o’qishga ketgan vaqtimizga achindik, xolos. Ulardan birida o’qituvchilarga laqablar qo’yish, ularni mazah qilib ustidan kulish, sha’niga nomunosib gaplar aytish va shuni matbuot orqali keng yoyish ko’zlangan. Butun jamiyatimizda ustoz-murabbiylarimizning qadri va qaddini ko’tarish uchun salmoqli harakatlar qilinayotgan bir paytda asossiz gaplar bilan ularni yomonotliq qilish joizmikan?..

Muallifning esa, da’vosi juda katta. Shu paytgacha biron tahririyatdan maqolasi qaytmagan emish, chunki yomon yozish qo’lidan kelmas emish. Yana muallifning «agar shu maqolani chop qilmasangiz, unday qilaman, bunday qilaman…» degan qat’iy buyruq-ko’rsatmasi, do’q-po’pisasi ham bor.

Bugun matbuotimizda bunday holatlar ko’p kuzatilayotir. Ayrim tahririyatlar bunday mualliflarga «dushman ko’rinib» ularning fig’onini falakka chiqarsa, ba’zilari sal murosa qilib, «noyob» mualliflarning ham ra’yini yerda qoldirmaslikka harakat qilishyapti. Xalqqa yetkazilishi zarur bo’lgan, odamlarga haqiqiy xushxabar yo ogohlik bo’ladigan materiallardan ko’ra, hisobot yo nom chiqarish uchun berilayotgan narsalar ko’payayotgani matbuotimizning saviyasi va darajasiga ta’sir o’tkazmay qolmaydi. Ijodkorlar ichida ana shunday «daho»larning ko’payishi esa, «Kichkina tabib» filmida tilga olinganidek, «kunimiz kinnachilarga qolayotganidan» dalolat.

O’qib berish xizmati

Yaqinda bir voqea bo’ldi. Olis hududlardan biriga borib, bir tashkilotning faoliyatini tahliliy o’rgandik. Jamoatchilik uchun muhim jihatlarini bir maqolada jamlab, gazetada e’lon qildik. Bu haqdagi xabarni o’sha tashkilotga yetkazdik. Ular odatdagidek «gazetani qaerdan olsak bo’ladi?» degan savolni berishdi. Gazeta tarqatish va sotish bilan shug’ullanadigan maxsus tizimlar borligini tushuntirguncha ancha ovora bo’lishga to’g’ri keldi. Ularning javobi yanayam qiziqroq bo’ldi: «eshitmagan ekanmiz». Shunday bo’lgach, gazeta tarqatish bilan shug’ullanadigan tashkilotni topib, undan kerakli nashrni sotib olishning uddasidan chiqolmasligi aniq edi. Shundan so’ng gazetani tahririyatdan pochta orqali ularga jo’natishga to’g’ri keldi. Bilasiz, bunday hollarda ba’zan eshovidan tushovi qimmatga tushadi. Qolaversa, yetib borishi uchun ham bir necha kun vaqt kerak. Nihoyat, jo’natmamiz manzilga eson-omon yetib boribdi. Keyin yana qo’ng’iroq qilishdi. Minnatdorlik bildirish uchunmikan, deb o’ylagandik, adashibmiz. «Bu gazetada biz haqimizdagi maqola chiqmabdi-ku?..»

Mohir so’z ustasi Hojiboy Tojiboyev insonlarning munosabati haqida gapira turib, «endi uyma-uy yurib kuldiramiz, shekilli…» degan edi. Shunga o’xshab, biz ham o’quvchining qo’liga gazeta olib borib berganimiz yetmaganiday,  endi har bir uyga borib, o’qib ham berishimiz kerakka o’xshaydi. «Hurmatli janob, mana bu yerda yozilgan ism-familiya sizga tegishli, agar pasportingizni ochib, solishtirib ko’rsangiz, gazetadagi ism-sharif sizniki ekaniga amin bo’lasiz», deganday…

Matbuotga e’tiborimiz shunaqa bo’lgandan keyin yana nimani kutish mumkin? Bugun gazetalar haqiqatni yozmaydi, deya iddao qilish qanchalik o’rinli?

Eshak va  samolyot poygasi

Bosma nashrlar haqida gap ketsa, yozda yoqqan qorni ko’rganday ajablanib qaraydiganlar bor. «Dunyoning bir burchagidan ikkinchisiga har daqiqada minglabaxborot yashin tezligida yetkazilayotgan bir paytda bosma nashrga kun qolibdimi», deb fikr yuritadi ular. Gazeta ular uchun Daqqiyunusdan qolgan antiqa narsa. Kompyuter, internet, mobil telefon kabi vositalar gazetaga hojat qoldirayotgani yo’q, deb hisoblashadi. Shu o’rinda teskari bir qarashga duch kelamiz: Yaponiyaning «Tonggi quyosh» gazetasi shu bugun ham sakkiz million adadda har kuni nashr etilib turibdi. Nima, ularda bizdagiday kompyuter, internet, mobiltelefon yo’qligi uchun shundaymikan?.. Tabiiyki, unday emas. Ularda biznikidan farqli ravishda bosma nashrlarni tezkor va innovatsion tarzda tarqatish, o’quvchiga qulay tarzda yetkazib berish ishlari namunali darajada yo’lga qo’yilgan. Uyqudan uyg’onishi bilan eshigiga o’rnatilgan maxsus qutichadan kundalik nashrlarni olib, bemalol tanishib chiqish imkoni bor. Biz esa, samolyotlar poygasida eshak bilan qatnashmoqchi bo’lgan kishidek, ibtidoiy usulda gazeta-jurnal tarqatish bilan bandmiz. Haftada bir marta chiqadigan gazetaning o’quvchiga yetib borishiga ham yana sal kam bir hafta vaqt ketsa, bunaqa «tezkorlik» o’quvchini qoniqtirmasligi tabiiy.

Bugun ko’p joylarda guldor qog’ozlarga o’ralgan saqich, shirinlik, rangli suvsotadigan avtomat-kiosklar ishlab turibdi. Odamlar bunday antiqa «sotuvchisiz do’kon»dan qiziqishga bo’lsa-da, narsa xarid qiladigan bo’lishdi. Yangilik baribir yangilik-da, insonning qiziqishini yanayam orttiradi. Bunday qiziqishimiz boisi bo’lgan ushbu tizim faqat moddiyatimiz uchungina emas, aqliy-ma’naviy ehtiyojlarimiz uchun ham xizmat qilsa, nur ustiga nur bo’lmasmidi?.. Ichiga gazeta-jurnallar taxlangan ana shunday info-kiosklar aholiga qulay bo’lgan, odamlar gavjum joylarga o’rnatib qo’yilsa, xalq uchun saqichu shirinlikdan ko’ra foydaliroq emasmi? Odamlar ko’zi bilan ko’rgan narsaga (hatto u unchalik zarur bo’lmasa ham) xaridor bo’lishadi. Matbuot esa bizning kundalik zaruratimizga aylanishi kerak.

Jurnalistning a’moli

«Odamlar, ehtiyot bo’linglar, men sizlarni sevar edim…»

Bu gapni umrini xalqqa axborot etkazishga sarflagan, quvonch va qayg’usini insoniyat baxtu tashvishida ko’ra bilgan va atigi qirq yil umr ko’rgan bo’lsa-da, salmoqli ijod qila olgan jurnalist aytgan. Shu birgina jumla ommaviy axborotvositalariga oid faoliyatning tub negizini yaqqol ko’rsatib beradi, deyish mumkin. Insondagi yuzlab ehtiyoj-manfaatlardan qat’i nazar insoniyatga bo’lgan hurmat-ehtirom va e’tibor hayotda hamisha ustivor bo’la olsagina ommaviy axborotvositalari o’z vazifasini yanada haqqoniy bajara oladi.

Sohibnazar TURDIALIYEV,