Dunyodagi eng hashamatli turmalar

Barchaga ma’lum, turma deganda ko’z o’ngimizda to’rt tarafi tikanli simlar, soqchilar uchun mo’ljallangan shiyponchalar, oynalari qoraytirilgan, temir panjarali maskan namoyon bo’ladi. Bu maskanlarda ashaddiy jinoyatchilar, insoniyat hayoti uchun xavfli retsidevistlar jazo muddatini o’taydi. Afsuski, Yevropa va Amerika davlatlarining ko’pchiligida shunday turmalar borki, ularni hashamatli uy deb atash to’g’riroq bo’ladi. Boshqa bir turmalar esa, aksincha, naq do’zaxni eslatadi.

Hozir e’tiboringizga shunday hashamatli turmalarni havola etamiz.

TURMA EMAS, NAQ KURORT!

Norvegiya plyajida 77 kishini o’ldirgan, 151 kishiga og’ir tan jarohati yetkazgan manyak Anders Breyvik esingizdami? Uni bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etishgan. Ammo u oradan hech qancha o’tmay, turmadagi og’ir va ayanchli sharoitdan shikoyat qilgan. Vaholanki, u jazo muddatini o’tayotgan kamera to’liq mebellashtirilgan, uch xonali, televizor, muzlatkich, kompyuter o’yinlari, sport bilan shug’ullanishda ishlatiladigan trenajyorlar bilan jihozlangan. Agar dunyoning boshqa davlatlaridagi mahbuslarga qo’yib berishsa, o’zi o’tirgan kamerani Breyvik bilan jon deb almashtirgan bo’lardi. Agar yaxshilab nazar solsak, Norvegiya o’ta hashamatli turmalari bilan dunyoga mash­hur. Shularning biri «Bastoy Island» turmasi hisoblanadi. Turmagacha Oslo shahridan bir soatlik yo’l. Xush manzarali orolda joylashgan. Turmada jazo muddatini o’tayotgan kallakesarlar, retsidevistlar plyaj quyoshida toblanishadi, baliq oviga chiqishadi, tennis o’ynashadi, saunada cho’milishadi. Mahbuslar badbo’y va tor kameralarda emas, yog’ochdan qurilgan kottejlarda yashashadi. Bir so’z bilan aytganda, naq kurortning o’zi. Bu yerning turmaligi shu yerda bilinadiki, mahbuslar ertalab soat 8:30 dan kunduz soat 15:30 ga qadar ishlashadi.

Ish ham shundayki, ba’zilar bog’da ishlaydi, ba’zilar otlarni parvarish qiladi. Bu turmadan qochib ketish umuman qi­yinchilik tug’dirmaydi. Ammo hech bir mahbus qochib ketishni xohlamaydi. Ajablanarlisi, bu turmada jazo muddatini o’tab haqiqiy hayotga qaytgan jinoyatchi qaytib jinoyatga qo’l urmaydi.

DISKOTEKALI TURMA

Bu turma Filippindagi Sebu orolida joylashgan. 2004 yili ham bu turma o’ta shafqatsiz qonunlari, yashash uchun umuman sharoit yo’qligi bilan nom qozongandi. Kutilmaganda mahbuslar to’polon ko’tardi. To’polonlar shafqatsizlik bilan bostirildi. Lekin shundan so’ng turma boshlig’i Bayron Garsiya turma sharoitini o’zgartirish haqida bosh qotira boshladi. U mahbuslarni toza havoda sayrga olib chiqish amalini raqs maydonchasi, diskoteka tashkil etish bilan almashtirdi. Mana, o’shandan beri bu diskotekada yuzlab mahbuslar bajonidil raqs tushishadi, dam olishadi. Hech kim to’polon ko’tarmaydi ham. Ayniqsa, bu turma mahbuslari Maykl Jeksonning qo’shiqlarini yoqtirishadi.

MAHBUSGA ZOR TURMA

Normand orollari qatorida Sark oroli mavjud. Bu orol, aslida, Angliya qirolligi ixtiyorida sanaladi. Ammo avtonom respublika sifatida tan olingan. Aholisi atigi 600 kishidan iborat, o’z bayrog’iga ega. Bu yerda avtomobilda harakatlanish qat’iyan taqiqlangan. Faqat otda yoki velosipedda yurish mumkin. Shu orolda 1856 yili dunyodagi eng jajji turma bunyod etilgan. Bittagina ikki kishilik kamerasi bor. Kamera diametri vokzallardagi hojatxona hajmiga teng. Ammo doim bo’sh turadi. Ma’lum bo’lishicha, Sark orolida yashovchilar hech qachon qonunni buzmas ekan.

TURMA EMAS, DO’ZAXNING O’ZI

Dunyodagi eng dahshatli turmalardan biri Zimbabveda joylashgan. Bu yerdagi dahshatli qoidalardan biri shundaki, turmaga bir martadan ko’p tushgan mahbus qip-yalang’och holda jazo muddatini o’tay boshlaydi. Bir mahbusga bu turmada 1 kv metr joy to’g’ri keladi. Qo’riqchilar, turma nazoratchilari qo’shimcha jazo sifatida mahbuslarga hojat chiqargach, yuvib yuborish uchun izn berishmaydi. Qolaversa, turmadagi aksariyat mahbuslar yillab quyosh nuridan bahramand bo’lmaydi. Quyoshni umuman ko’rmaydi. Iflosgarchilik natijasida mahbuslarning 99 foizi yuqumli va oxiri o’lim bilan yakun topadigan xastaliklarga chalinadi.

manba: mirnov.ru