Joriy yilning 20 noyabr kuni dunyoning ayni paytdagi eng baland va eng past bo‘yli ayollari uchrashdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, dunyoning ayni paytdagi eng baland bo‘yli ayoli Rumeysa Gelgi (bo‘yi 215,16 sm) va eng past bo‘yli Yoti Amge (bo‘yi 62,8 sm) Londonda joylashgan Savoy mehmonxonasida uchrashgan. Ikki ayol o‘rtasidagi bo‘y farqi 152,36 sm bo‘lishiga qaramay, ular bir-biri bilan yaxshi chiqishgan.
“Bizda umumiy jihatlar bor. Ikkimiz ham bo‘yanishni, o‘zimizga qarashni, zargarlik buyumlarini va tirnoqlarimizni parvarish qilishni yaxshi ko‘ramiz. Bo‘y farqimiz tufayli ko‘z aloqsi biroz qiyin bo‘ldi, lekin bu juda ajoyib edi”, deydi Gelgi.
Shuningdek, Amge ham Gelgi bilan uchrashganidan juda xursand bo‘lganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, turkiyalik veb-dizayner Rumeysa Gelgi 2021 yilda dunyodagi eng baland ayol sifatida qayd etilgan. Uning bo‘yining balandligi juda kam uchraydigan uiver sindromi bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gelgi dunyoda ushbu sindrom bilan tashxis qo‘yilgan 27 qizdan biri. 27 yoshli Gelgi ayollar orasida dunyodagi eng katta qo‘llar (24,93 sm), eng uzun bel (59,90 sm) va eng uzun quloqlar (o‘rtacha o‘lchami 9,58 sm) rekordlariga ham egalik qiladi.
Shuningdek, hindistonlik aktrisa va media yulduzi Yoti Amge esa axondroplaziya nomli suyak o‘sishi buzilishi kasalligi bilan tug‘ilgan. U “Amerika dahshat hikoyasi: G‘alati shou” serialida rol ijro etgan va tarixdagi eng past bo‘yli aktrisa sifatida tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida eng past bo‘yli ayol AQSHning Kaliforniya shtatida dunyodagi eng baland bo‘yli erkak bilan uchrashgan edi.