Sog’liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov O’zAga bergan intervyusida «Dok-1 Maks» preparatini qabul qilgan o’nlab bolalarning (kamida 20 nafar) vafoti voqeasiga fikr bildirdi. Vazir bunda shifokorlarning aybi yo’qligi, aybdorlarni aniqlash bo’yicha tekshiruv ishlari ketayotganini aytgan.
«Aniq ayta olamanki, bu birgina shifokorlarimizning aybi emas. Chunki bu preparatlarning boshqa davlatlardan bunday holatda kirib kelishi, zararli preparat bo’lib chiqqani biz shifokorlarning aybimiz emas. Bu masalada SSVda juda katta ishchi guruh tashkil qilinib, chuqur ilmiy o’rganilmoqda. Chetdan keladigan har qanday xavf-xatarga tayyor turishimiz, ogoh bo’lishimiz kerakligi o’zimiz uchun ham juda katta saboq bo’ldi. Lekin hozirgi holatda, mamlakatimizga aynan «Dok-1 Maks» preparati va «Ambronol» siroplarining qalbakisi kirib kelishi, uning tarkibida bunday zaharli moddalar bo’lishi shifokorlarimizning aybi emas.
Muhimi, bu bilan bog’liq o’lim holatlarini deyarli to’xtatdik. Bugun haqiqatda ushbu doridan zaharlanib, davolanayotgan bolalarimiz bor. Bu oldingi boshqa zaharlanishlardan tubdan farq qiladigan zaharlanish bo’lgani uchun ham zudlik bilan ilmiy, chuqur ichiga kirib, aniqlash ishlari olib borilyapti», – degan vazir.
Amrillo Inoyatov zaharli preparatlarning O’zbekistonga kirib kelishida o’sha paytda sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari sifatida o’zining ham mas’ul bo’lganini inkor etmagan.
«Albatta, mas’ulmiz. Buning uchun bizda Farmagentlik tashkiloti bor. Ushbu Farmagentlik bugun huquq-tartibot organlari tomonidan chuqur tekshirilyapti. Bugun mamlakatimizga kirgan ayrim partiya preparatlari sertifikatlari soxtalashtirilgani to’g’risida faktlar aniqlangan. Bu uchun javobgarlik bor. Aybdorlarning hammasi qonun oldida ham, xalq oldida ham albatta, javob beradi», – degan u.
Eslatib o’tamiz, «Dok-1 Maks» dori vositalarining zarari haqida ilk marta Samarqand viloyat bolalar ko’p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov vazirlik mutasaddilariga xabar bergandi. Keyinroq u sobiq vazir Behzod Musayev topshirig’iga ko’ra bolalar o’limi haqida kech xabar berganlik aybi bilan ishdan bo’shatilgandi.
Azizovga qo’shib, shifoxonaning gemodializ bo’yicha mutaxassisi B.G’aniyev, viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo’yicha o’rinbosari S.Mo’minov, onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo’limi bosh mutaxassisi S.Rasulov, Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP mudiri X.Muzaffarov, ushbu OShPning oilaviy shifokori U.Mahmudov va doya hamshirasi M.Siddiqova ham lavozimidan ozod etilgandi.