O’zbekiston va Belarus o’rtasidagi ochiqlik, o’zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv hamkorlik keng miqyosdagi yo’nalishlarni o’z ichiga oladi.
O’zaro savdo hajmi muttasil oshmoqda, sanoat kooperatsiyasi va qishloq xo’jaligi sohalarida muhim loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mintaqalar o’rtasida ko’p qirrali aloqalar mustahkamlanmoqda, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvlar kengaymoqda.
Bu O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga mamlakatlarimiz o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan yo’llagan tabrikda alohida qayd etildi.
Qutlovda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli so’nggi yillarda O’zbekiston va Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbari O’zbekiston va Belarus sherikligini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo’lida yanada mustahkamlash borasidagi intilish qat’iy ekanini qayd etib, Prezident Aleksandr Lukashenkoga mustahkam sog’liq, farovonlik va davlat ishlarida muvaffaqiyatlar, Belarus xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.