Dengiz, qum va quyosh uchrashadigan joy – Antaliya

Turkiyaning serquyosh shahri Antaliya shimoliy yarimsharda kuz havosi kirib kelganiga qaramasdan, sayyohlarni o’zining musaffo muhitida kutib olishda davom etmoqda. Antaliyaning issiq havosi, toza plyajlari, yam-yashil tabiati va qadimiy xazinalari kuzdan qochishni rejalashtirganlarga uzoq cho’zilgan yozni taklif qiladi.

Sentyabr oyida tabiat qishga tayyorgarlik ko’rishni boshlaganda, bizni isitayotgan yoz quyoshi bilan xayrlashamiz. Dam oluvchilar asta-sekin dengiz bo’yidagi ta’tillari va plyajdagi dam olish joylaridan uylariga qaytadilar.

Antaliyada esa hayot boshqacha. O’rta Yer dengizi va Turkiya Rivierasining qoq markazida joylashgan ushbu janubiy viloyat o’zining yerli aholisiga uch yuz kunlik quyosh nurini taqdim etadi. Yil davomida kamdan-kam hollarda havo harorati 20 darajadan pastga tushadi va noyabr oyi oxirigacha dengizda suzish va toza plyajlaridan bahramand bo’lishingiz mumkin.

Antaliyaning qulay geografik joylashuvi va deyarli yil bo’yi davom etadigan issiq iqlimi sayyohlar e’tiboridan chetda qolmaydi. Antaliyaga yozda tashrif buyuruvchilar bu yerda qolish muddatini uzaytiradi, nafaqaxo’rlar esa bu go’zal shaharda mo’tadil qishdan bahramand bo’lishni istab qoladi.

Toza plyajlar

Antaliya ko’z bilan ko’rinadigan darajada toza plyajlari bilan mashhur. Turkiya Rivierasining markazi bo’lgan Antaliyaning tozaligi uchun moviy bayroqli deya e’tirof etilgan 229 ta plyaji mavjud bo’lib, sayyohlar noyabr oyining oxirigacha yoki hatto dekabr oyining boshiga qadar ushbu plyajlardan bahramand bo’lishlari mumkin.

Antaliyada kuz va qish oylarida Lara, Konyaaltı va Kaputashning toza plyajlariga tashrif buyurishingiz mumkin. Shahar markazida joylashgan nozik qumli Lara plyaji o’zining yumshoq to’lqinlari bilan suzish uchun ideal joy hisoblanadi.

Konyaaltı plyaji shahar g’arbidan Bey tog’larigacha yetti kilometrga cho’zilgan. Barlar, kafelar va tungi klublar bilan qoplangan Konyaaltı qirg’og’i kuz va qishda, shuningdek yozda gavjum, unutilmas kunlar va oqshomlarni taqdim etadi. Kash va Kalkan yaqinidagi Kaputash plyaji ham eng go’zal plyajlardan bo’lib, jarlikka o’yilgan uzun zinapoyalar orqali sohilga tushib chiqiladi.

Ajoyib qadimiy shaharlar

Ming yillik sivilizatsiyalar vatani Antaliya noyob madaniy merosga ega. Qadimda Pamfiliyaning poytaxti bo’lgan qadimiy Perge shahri Antaliya shahar markazidan atigi 18 kilometr sharqda joylashgan.

Tarix davomida o’zining betakror arxitekturasi va marmar haykallari bilan mashhur bo’lgan bu muhtasham shahar Rim vannalari, ajoyib mozaikalari va taqa shaklidagi stadioni va bir vaqtlar o’n ikki ming kishiga mo’ljallangan antik teatri bilan tashrif buyuruvchilarni hayratda qoldirishda davom etmoqda. Perge, haqiqatan ham Antaliyaning qadimiy ulug’vorligini bugungi kungacha saqlab kelayotgan xazinadir.

Kashdan 40 kilometr g’arbda joylashgan qadimiy Patara shahri Likiya imperiyasining eng qadimgi va eng muhim shaharlaridan biri bo’lgan. Pataradagi qazish ishlari 1988 yildan beri davom etayotgan bo’lsa-da, uning ajoyib plyaji yo’qolib borayotgan O’rta Yer dengizi toshbaqasi Karetta Karetta uchun muhim ko’payish hududi hisoblanadi. Bundan tashqari, Patara butun dunyo bo’ylab Santa Klaus nomi bilan tanilgan Avliyo Nikolayning tug’ilgan joyi bo’lganligi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Antaliyaning sho’ng’ish markazlari

Antaliya dunyoga mashhur sho’ng’insh markazi hamdir. Shahar ko’plab suv va ekstremal sport turlari bilan shug’ullanish imkoniyatlarini taqdim etadi va jahon darajasidagi sho’ng’ish mashg’ulotlari hatto kuz va qishda ham shug’ullanish mumkin. Antaliya bo’ylab Kalkandan Pataragacha bo’lgan keng hududda ko’plab sho’ng’ish markazlari faoliyat ko’rsatadi.

Shaharning janubida joylashgan Kash esa dengiz o’tlari, marjon va dengiz shimgichlari kabi dengiz florasi va faunasini, shuningdek, qadimiy shaharning suv ostida qolgan xarobalari bilan dunyoning eng yaxshi 10 sho’ng’ish joyidan biri hisoblanadi.

Golfchilar

Antaliyaning mashhur kurort tumani Belek, dunyoga mashhur golf maydonlari bilan ham e’tiborga mo’lik. Belek golf turizmi uchun muhim markaz bo’lib, u hashamatli mehmonxonalar, kurortlar va Yevropa golf olamida mashhur infratuzilmaga ega ekanligi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Antaliyadan 20 daqiqalik masofada joylashgan Belekda joylashgan 15 ta turli darajalardagi golf maydonchalari kuz va qish mavsumlarida ham golf muxlislari uchun hizmat qiladi. Bundan tashqari, Belekning ba’zi golf maydonlari noyob yoritish tizimlari bilan tunda golf o’ynash imkoniyatlarini taqdim etadi.

Dunyoga mashhur trekking marshrutlari

Antaliya shuningek haqiqiy trekking jannatidir. Dunyoning eng go’zal marshrutlari qatoridan joy olgan Likiya yo’li va Avliyo Pol yo’li ham Antaliyada joylashgan. Turkiyaning birinchi uzoq masofali piyoda marshruti bo’lgan Likya yo’li, Fethiedan Antaliyagacha cho’zilgan 500 kilometrlik yo’ldir.

Likiya yo’li Fethie, O’likdeniz, Kapalaklar vodiysi, Kabak ko’rfazi, Kalkan, Kash, Kekova, Demre, Patara, Olimpos tog’i, Chirali va Goynuk kanyoni kabi tabiat mo’jizalaridan tortib, antik davrga oid ko’plab tarixiy obidalarni ham taqdim etadi.

Qadimgi Perge shahridan boshlanib, Ispartadagi Eğirdir ko’li yaqinidagi Yalvach tumanida tugaydigan Avliyo Pol yo’li Turkiyadagi ikkinchi eng uzun masofali piyoda yo’li hisoblanadi. Trekkerlar ikki ming yil davomida ziyorat marshruti sifatida tanilgan ushbu mashhur va mashaqqatli yo’lni bosib o’tib, nasroniylar uchun muhim hisoblangan tarixiy obidalarni tomosha qilishlari mumkin.

Antaliyaning tabiiy mo’jizalar – g’orlar

Antaliya, har biri takrorlanmas tabiat mo’jizasi hisoblangan g’orlari bilan ham mashhur. Shahardan 30 kilometr shimoli-g’arbda va dengiz sathidan taxminan 430-450 metr balandlikda joylashgan Karain g’ori Turkiyadagi eng katta tabiiy g’orlardan biridir. G’ordan insoniyat tarixiga o’zgacha bir ko’rinish bergan g’or qoldiqlari Antaliya muzeyi va g’or yaqinidagi Karain muzeyida namoyish etilmoqda.

Turkiyada turizmga ochilgan birinchi g’or, Alaniya tuman markazida joylashgan Damlatosh g’ori bo’lib, o’z nomini g’or ichidagi toshlardan tomayotgan suvdan oldi.

Olimlar, uzunligi 300 metr bo’lgan mazkur g’orda 200 metr kvadrat maydonni egallagan bu stalaktit va stalagmitlarning 12 ming yil avval paydo bo’lganligini taxmin qilishadi.