Chopar Pizza «oltin pissa»larni sotuvga chiqardi. Mablag'lar saratonga chalingan bolalarni davolashga sarflanadi

Tarmoq vakillarining ma’lum qilishlaricha, aksiya orqali kelib tushgan mablag’ saratonga chalingan bolalarning davolanishi uchun yo’naltiriladi.

«Har yili o’zbek kompaniyalari o’z xodimlariga yangi yil sovg’alari uchun o’rtacha 30 mln so’m atrofida mablag’ sarflaydilar. Chopar Pizza Toshkent va O’zbekistonning boshqa shaharlaridagi kompaniyalarning 2020 yilgi korporativ sarflardan voz kechib, ushbu mablag’larni xayriya ishlariga yo’naltirishga, ularni haqiqatan zarur manzilga sarflashga chaqiradi», – deyiladi restoran ma’muriyati xabarida.

Ma’lumot uchun, «Ezgu amal» xayriya jamg’armasi saraton kasalligiga chalingan bolalarni davolash uchun mablag’ yig’ish bilan shug’ullanadi. Bolalarning zarur tibbiy yordamni olishlariga ko’maklashadi. Jamg’arma fuqarolar va ko’ngilli kompaniyalar tomonidan moliyaviy yordamlar evaziga ishlaydi.

Ushbu fond va Chopar Pizza hamkorligidagi xayriya loyihasida ramziy «oltin pissa» sotuvga qo’yilmoqda. Uning narxi 999000 so’mni tashkil qiladi.

Noyob resept tarkibiga qazi, mazali pishloqlar va maxsus oq sous kiradi.

«Oltin yurak» aksiyasidan tushgan barcha mablag’lar «Ezgu amal» jamg’armasi vasiyligidagi bolalarning sog’ayishi yo’lida sarflanishi belgilangan.

Tashkilotchilarga ko’ra, «Oltin pissa»ga 6 dekabrdan 9 dekabrgacha (99) 911-77-47 raqamiga qo’ng’iroq qilish orqali buyurtma berish mumkin.

Pissalar 10-11 dekabr kunlari jonli efirda tayyorlanadi va xayriya tadbirida ishtirok etishga qaror qilgan saxiy insonlarga yetkazib beriladi.

«Saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam qo’lini cho’zing. Mehr ulashing, kimningdir yuragi urishda davom etsin», – deya o’z xabarini yakunlagan Chopar Pizza.