image0

Braziliyaning Amazonka mintaqasida joylashgan shahar ulkan jarliklar tufayli yo‘qolish xavfi ostida qoldi. Bu haqda “Oddity Central” xabar berdi.

Buritikapu – aholisi taxminan 55 ming kishidan iborat bo‘lgan shahar jiddiy tahdidga duch kelmoqda. Tez sur’atda kengayib borayotgan ulkan jarliklar uni butkul vayron qilishi mumkin. So‘nggi oylarda bu muammo yanada kuchayib, rasmiylar eng xavfli hududlardan 1200 kishini evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan.

Buritikapuda jarliklar muammosi taxminan 30 yil oldin boshlangan bo‘lib, bu yerning qumli tuprog‘ining eroziyasi, samarasiz shahar rejalashtirish va ommaviy o‘rmon kesish jarayonlari bilan bog‘liq. Ammo so‘nggi kuchli yomg‘irlar jarayonni keskin tezlashtirib, jarliklarning kengayishiga sabab bo‘ldi. Bir necha yil oldin mutaxassislar bu hududda 26 ta ulkan chuqurlikni aniqlagan. Ularning ba’zilari 20 metrgacha chuqurlikka ega bo‘lib, o‘zaro qo‘shilib, ulkan jarliklarga aylana boshlagan.

“So‘nggi oylarda jarliklar geometrik progressiyada kengayib, turar-joylarga yaqinlashmoqda”, deyiladi mahalliy rasmiylar tomonidan chiqarilgan favqulodda qarorda.

Hokimiyat favqulodda holat e’lon qilgan, ammo vaziyat nazoratdan chiqib ketgan. Ular hozircha faqat evakuatsiya qilingan fuqarolarni shaharning xavfsizroq hududlariga joylashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

“Bu yaxshi, go‘zal shahar, ammo hozirgi sharoitda u bir necha yildan keyin butkul yo‘q bo‘lib ketishi mumkin”, deydi mahalliy tadbirkor Karlos Martins.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marmar dengizi hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oqibatida qariyb 4 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi xabar qilingandi. Ushbu hududda joylashgan Istanbul shahrida esa 16 million kishi yashaydi. Seysmologlarning baholashicha, magnitudasi 7 yoki undan yuqori bo‘lgan zilzilada taxminan 90 ming bino vayron bo‘ladi, 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga keladi. 4,5 million odam vaqtinchalik boshpanaga muhtoj bo‘ladi.