«Bovari xonim – bu men». Jahon adabiyoti durdonasi – «Bovari xonim» romani haqida

Fransuz yozuvchisi Gyustav Flober asarlari jahon adabiyoti realizm taraqqiyotida muhim o’rin egallaydi. 1 oktyabr kuni uning dunyoga mashhur «Bovari xonim» romani nashr etilganiga 164 yil to’ldi. «Daryo» sana munosabati bilan asar haqidagi qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.

«Bovari xonim» romanining yaratilish tarixi
XIX asr fransuz realizmi rivojlanishining ikkinchi bosqichi (1850–1870 yillar) Flober nomi bilan bog’liq. Fransuz yozuvchisi Gyustav Flober 1821 yilda Fransiyaning Ruan shahrida tavallud topdi. U dastlab Parij universitetining huquqshunoslik fakultetini o’qib tugalladi. Ammo yoshligidan adabiyotga bo’lgan qiziqishi tufayli hikoya, qissa yoza boshladi.

Yozuvchi asosan 1857 yilda yozilgan «Bovari xonim» romani bilan shuhrat qozondi. Flober rus yozuvchilari I. Turgenev, L. Tolstoy bilan yaqin ijodiy aloqada bo’lgan edi. Ijodi Rossiyadagi adabiy jamoatchilik diqqatini ham o’ziga tortdi. Yozuvchi o’ziga xos asarlari bilan jahon adabiyotida realizm taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shdi.

Flober badiiyatining fransuz va jahon adabiyotiga ta’siri katta. Ko’pchilik adabiyoshunoslar uni O. Balzakning realistik an’analari davomchisi deb hisoblaydi. «Bovari xonim» romani esa Floberning dunyoqarashi va estetik tamoyillarini aks ettiruvchi ilk muvaffaqiyatli asari sifatida jahon adabiyotidan munosib o’rin egalladi. Yozuvchi ushbu asar ustida besh yil ishlagan edi.

«Bovari xonim – bu men». Jahon adabiyoti durdonasi – «Bovari xonim» romani haqida

1851 yilning kuzida Flober «Bovari xonim» romanining birinchi syujetini yaratdi. Flober u tasvirlayotgan manzara – burjua dunyosining manzarasi uning umidsizligi bilan ifodalanashini aytib o’tgan edi. Roman ustida ishlayotgan Flober «o’ylaymanki, kitobxonlar birinchi marta o’z qahramonini masxara qiladigan kitobni mutolaa qiladi», deb yozadi.

Bovari xonim kim edi?
Romanning bosh qahramoni – shifokorning rafiqasi Emma Bovari edi. U axloqsiz yashaydi va hashamat ketidan quvib, qarzga botadi. Roman syujeti juda sodda va hattoki qo’rqinchli bo’lsa ham, romanning asl qiymati har bir tafsilotlar orqali oshib boraveradi. Shuni aytish kerakki, Flober yozuvchi sifatida har bir asarni ideal darajasiga yetkazishi bilan tanilgan edi, har bir syujet, qo’llanilgan so’z doim adabiyoshunoslarni hayratga soladi.

Yozuvchi kichik burjua muhitining vahshiyligini Emmaning mistik umidlari va yuksak ideallari orqali atrof-muhitga qarshi isyon qilishi bilan mohirona ifodalaydi. Emma yozuvchining hayotga bo’lgan da’vosi sifatida romanning boshqa qahramonlaridan yuqoriga ko’tarilib boradi.

«Bovari xonim – bu men». Jahon adabiyoti durdonasi – «Bovari xonim» romani haqidaFloberning «Bovari xonim – bu men» so’zlari hammaga ma’lum. Emma Bovari obrazida burjua domiga tushgan romantik qahramon fosh etiladi. Shu bilan birga, muallifning qahramonga yaqinligi, Floberning ob’yektivligiga qaramay, undagi mehr-shafqatni bildiradi. Keyinchalik, fransuz adabiy tanqidida «bovarizm» atamasi ishlatib kelindi. Bu odamning o’zi va uning dunyodagi o’rni haqidagi noto’g’ri, buzilgan g’oyasi tasvirini anglatdi.

Romanning nashr etilish tarixi
Roman ilk bora Parijdagi Revue adabiy jurnalida 1856 yil 1 oktyabrdan 15 dekabrgacha nashr etildi. Roman nashr etilgandan so’ng yozuvchi axloqni buzish haqida asar yozganlikda ayblandi va jurnal muharriri bilan birgalikda 1857 yil yanvar oyida sudga tortildi. Ammo asarning katta shon-shuhrati uni ommalashtirdi va 1857 yil 7 fevraldagi oqlov romanni o’sha yili alohida kitob sifatida nashr etishga imkon berdi.

Romanda adabiy naturalizmning o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Floberning odamga nisbatan shubha bilan qarashlari uning asarlarida ijobiy qahramonlar yo’qligida namoyon bo’ldi. Bugungacha Flober Fransiyaning uch buyuk realistlaridan biri sifatida baholanib kelinmoqda. Fransuz realizmi taraqqiyotida Floberning faoliyati Balzak va Stendalning asarlari singari muhim bosqichdir.

«Bovari xonim – bu men». Jahon adabiyoti durdonasi – «Bovari xonim» romani haqida

2007 yilda taniqli mualliflar orasidagi so’rovnomaga ko’ra, «Bovari xonim» romani o’z davrining eng katta ikki romanidan biridir.  Turgenev bir vaqtlar  romanni «butun adabiy dunyodagi eng yaxshi asar», deb aytib o’tgan edi.

Roman asosida bugungi kungacha Jan Renuar, Vinsent Minnelli, Aleksandr Sokurov, Klod Shabrol va boshqalar tomonidan filmlar suratga olingan.

Zulxumor Orifjonova tayyorladi.

daryo.uz