Bos, bos, qamchi bos, tarixiy rekord egasi Yelizaveta II

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasining boshidan, mana, 68 yilu 310 kundirki toj tushmayapti. U bu borada hatto tarixiy rekordni ham yangilagan ekan.

Hokimiyatda o’tirish bo’yicha bundan oldingi «buyuk natija» — kimsan Konstantin VIII janobi oliylariga tegishli bo’lgan. U juda-juda qadim zamonda, to’g’rirog’i, 962 yilning mart oyidan 1028 yilning dekabr oyigacha, ya’ni 66 yilu 226 kun taxtda o’tirgan. U ingliz xonimining ushbu qaysarligidan go’ridan tik turib ketgan bo’lsa ham ajab emas.

Elizaveta II esa hamon hokimiyatga tashna. Yo’qsa, allaqachon vorislariga topshirib yuborgan bo’lardi boshqaruvni. Buyoqda bechora o’g’li mahtal.
95 yosh ostonasiga tobora yaqinlashayotgan Ikkinchi Liza momoga bugungi siyosat olamida hasad qilayotganlar ham, havas qilayotganlar ham ko’p.

Hokimiyatda qolish borasida hatto Tumanli Albion tomonlardagi katta xolasiga o’xshashga intilayotganlar ham uchrab turibdi. Ularning orasida Lukashenko, Putin, Szinpin va albatta, Arkadag’ni alohida ajratib ko’rsatish mumkin.

Bizga-ku farqi yo’q, lekin bunday orzular ko’pincha xomxayolligi yoki egasining umri yetmagani uchun puchga chiqib kelgan.

Elizavetalar esa hatto tarix ham istisno etgan shaxslardir. Ularga o’xshash uchun esa kamida Yelizaveta II bo’lish kerak.

Quyidagi solishtirma infografikada qirolicha qanchadan-qancha buyuk shaxslarni dog’da qoldirganini ko’rish mumkin. Hosila aytganidek, bos-bos, qamchi bos!!!

platformauzb