O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Avstraliya cho‘llarida mislsiz jang bo‘lib o‘tdi. Minglab sobiq askarlar hukumat tomonidan taklif qilingan imtiyozlar evaziga G‘arbiy Avstraliyaga ko‘chib o‘tdi. Fermer xo‘jaliklari tashkil etayotgan bu askarlarga “noodatiy dushman” xavf soldi – uzun bo‘yli, ucha olmaydigan qush hisoblanuvchi emular ovqat izlab yangi tashkil etilgan xo‘jalik yerlarini payhon qildi.
Hukumat esa tez va g‘ayrioddiy qaror qabul qildi: 20 mingdan ortiq emuni yo‘q qilish uchun pulemyotlar bilan qurollangan askarlar yuborildi. Dastlab bu oson ko‘ringan “amaliyot” edi, biroq voqealar mutlaqo boshqacha tus oldi.
G‘ayritabiiy jang
Birinchi jahon urushidan so‘ng hukumat 5 mingdan ortiq sobiq askarni fermerlik bilan band qilish uchun G‘arbiy Avstraliyaga joylashtirishni reja qildi. Ammo hududning og‘ir sharoitlari – unumsiz tuproq va beqaror yog‘inlar dehqonchilikni qiyinlashtirdi. 1932 yili qattiq qurg‘oqchilik oqibatida 20 mingdan ortiq emu qushlari ozuqa izlab fermerlik hududlariga kirishga majbur bo‘ldi. Ular nafaqat ekinlarni payhon qildi, balki panjaralarni buzib, mayda yovvoyi hayvonlarga ham yo‘l ochdi. Shundan so‘ng, Avstraliya artilleriyasining ikkita Lyuis yengil pulemyoti bilan qurollangan uch askari emularni yo‘q qilish uchun yetib keldi.
Mutaxassislar fikricha, o‘sha paytda odamlar emularni yetarlicha o‘rganmagani, ularning nihoyatda tez va epchil qushlar ekanini bilmagani sababli operatsiya nazoratdan chiqib ketdi.
Dastlabki uch kunda atigi 30 ta emu o‘ldirildi. Qushlar mayda guruhlarga bo‘linib harakatlanishga o‘tdi.
“Urush” haqidagi xabarlar tarqalgach, ommaning qiziqishi ortdi. Odamlar o‘zini epchillik bilan himoya qilayotgan emularga qoyil qolishdi. Hattoki, qushlarning “jangovar bo‘linmalar” tashkil qilib, kuzatuvchilar yordamida askarlardan qochishi haqida mish-mishlar tarqaldi.
Tarqalib ketgan emularni yuk mashinalari yordamida to‘plab, pulemyotchilar nishoniga aylantirishga urinilgan, lekin 88 km/soat tezlikda yuguruvchi bu qushlar notekis yerlarga qochib ketgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hattoki yengil o‘qlar ularni o‘ldira olmagan – jarohatlangan emular yashab ketgan.
45 kunlik jang davomida askarlar 2,5 ming qushni o‘ldirishga erishdi. Ko‘p o‘tmay, emularga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish chaqiriqlari yangradi va hukumat operatsiyani to‘xtatdi. Emular esa bu jangda g‘olib bo‘ldi!
Cho‘lning "o‘lmaslari"
“Emu urushi” nafaqat harbiy muvaffaqiyatsizlik namunasi, balki bu qushlarning hayratlanarli darajada chidamliligini ham ko‘rsatdi. Bo‘yi qariyb 180 sm, qadami esa 1 metrga yetadigan emu uchmaydigan va dinozavrlar avlodi sanaluvchi qushlardir. Kuchli oyoq mushaklari ularni katta tezlik va chidamlilik bilan ta’minlab, 88 km/soat tezlikda yugurish va kuniga 24 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi.
Emulardan "namunali ota" chiqadi, deyish mumkin. Ular urg‘ochilari qo‘ygan tuxumlarni 8 haftagacha inkubatsiya qiladi va yangi yorib chiqqan jo‘jalarni 6 oygacha parvarishlaydi.
Odatda emu yolg‘iz yoki kichik oila guruhlarida ozuqa izlaydi. Biroq qurg‘oqchilik davrida ular katta to‘dalarga birlashib, mamlakat bo‘ylab keng miqyosdagi ko‘chishlarni amalga oshiradi. Aynan shu tabiiy xatti-harakatlar “Emu urushi” deb nomlangan ushbu voqealarga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, emular Avstraliya ekotizimida muhim o‘ringa ega. Ular yirik hududlar bo‘ylab urug‘larni tarqatib, o‘simliklarning qayta tiklanishiga yordam beradi.
Avstraliya ramzi
Ekologik rolidan tashqari, emular chuqur madaniy ahamiyatga ham ega. Qadimgi avstraliyaliklar afsonalarida emu chidamlilik, kuch va tabiat bilan bog‘liqlik timsoli o‘laroq ko‘riladi. Bu qushlar Avstraliya bilan shunchalik chambarchas bog‘lanib ketganki, ular mamlakat gerbida, 50 sentlik tangasida va hatto sport jamoalari logotiplarida ham tasvirlangan.
Harbiylarni muvaffaqiyatsizlikka duchor qilgan bu qushlar moslashuvchanlik va omon qolish ramziga aylandi. Dunyoning eng kichik qit’asi va eng katta oroli bo‘lgan Avstraliya davlatida 1999 yildan buyon emular qonun himoyasida. Ular barqaror populyatsiyaga erishgan va hozirda emular soni 600 mingdan ortiq.
Xitoydagi chumchuqlar qirg‘ini
Inson va tabiat mojarolari haqida gap ketganida chumchuqlarni qirish ortidan kelgan “Xitoy ocharchiligi” haqida eslamaslikning iloji yo‘q. 1958 yilda mamlakatda “To‘rt zararkunanda” kampaniyasi boshlandi, unga ko‘ra, pashsha, chivin, kalamush va chumchuqlar yo‘q qilinishi kerak edi. “Inson tabiatni zabt etishi kerak” – tashviqot shioriga aylantirildi.
Odamlar chumchuqlarni o‘ldirish uchun ularning uyalarini buzish, tuxumlarini yorish, quvish, qo‘nishga imkon bermaslik kabi turli usullarni qo‘lladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kampaniya oqibatida yuzlab million chumchuqlar o‘ldirilgan. Aslida esa boshqa turdagi qushlar ham katta zarar ko‘rgan.
Oradan ikki yil o‘tgach, chigirtka kabi hasharotlar nazoratdan chiqib ketdi, aql bovar qilmas tasodif tufayli o‘sha yili katta qurg‘oqchilik ham kuzatildi. Tabiatdagi bunday nomutanosiblik oqibatida millionlab odamlar ochlikdan halok bo‘ldi. Ularning sonini hech kim aniq bilmaydi. Xitoy hukumati rasman 15 million kishi halok bo‘lganini aytadi. Jurnalist Yan Szishen o‘zining “Qabr toshlari: Buyuk Xitoy ochligi” kitobida halok bo‘lganlar soni 36 millionni tashkil etganini yozgan.
Odamlarning hammasi ham faqatgina och qolib halok bo‘lmaganini ta’kidlash kerak. Mamlakat bo‘ylab tartibsizliklar kuchayib ketgan va ular oziq-ovqat uchun bir-birlarini o‘ldirgan.
Bugunga kelib, Xitoy hamon o‘zi yaratgan muammoni tan olmaydi va uni “Uch yillik qiyin davr” deb ataydi.
Holatni qanday nomlashdan qat’iy nazar, chumchuqlarni qirish kampaniyasi oqibatida yuzaga kelgan ekologik ofat kelajak uchun saboq berdi.
Ta’kidlash kerakki, Avstraliya hukumati o‘z xatosini vaqtida anglab yetdi va katta muammolar girdobiga tushib qolishdan saqlandi. Yuqoridagi voqealar insonga “tabiat ishi”ga aralashmaslikni, hech bir mavjudot shunchaki yaratilmagani va har birining o‘z vazifasi borligini hisobga olishni o‘rgatdi deyish mumkin.