Bo'g'ma ilon bilan do'stlashgan bolakay

Bugunning odamini hayratga solish ancha mushkul. Ammo shunday ekzotik mamlakatlar borki, u yerlarda ko’pgina narsalar odamning aqlini shoshirib qo’yadi. Chunki ekzotik mamlakatlarda barcha-barchasi — odamlarning turmush tarzidan tortib, dunyoqarashigacha o’zgacha va hatto uy hayvonlari ham biz o’rganganimizdek mushuk yoki itlardan iborat emas. Masalan, Kambojiyadagi qishloqlarning birida bolakay bo’g’ma ilonni asrab olgan. Mana, necha yildirki, ism-sharifi Uorn Sambat bo’lgan bolakay 5 metrli bo’g’ma ilon bilan birga yashaydi va ular ajralmas do’st. Odamlar istiqomat qiladigan uylargacha sudralib keladigan ilonlar Kambojiya ahli uchun unchalik qo’rqinchli emas. Bolalar ham yoshligidan ilonlar bilan o’ynab katta bo’lishadi. Uorn Sambat bilan ham xuddi shunday voqea yuz berdi. Kunlarning birida Sambatlar oilasiga bo’g’ma ilon kelib qoldi. Oila boshlig’i ilonni o’ldirmadi va uni qaytarib changalzorga olib borib tashladi. Ammo ertasiga ilon tag’in uyda bo’y ko’rsatdi. Katta Sambat bo’g’ma ilonni tutib oldi-da, yana o’rmonga tashlab keldi. Biroq bu holat uchinchi marta ham takrorlangach sudralib yuruvchi jonivorni uy hayvoni sifatida qoldirishga ahd qilishdi. O’shandan buyon Uorn bo’g’ma ilon bilan birga va suyukli jonivoriga Chamreun deb ism ham qo’yib olgan. Ular hatto birga uxlashadi. Uorn Sambat (u payti bolakay 3 yoshda edi) avvaliga ilonning ustiga chiqib olar va dumidan tortib o’ynardi. O’tgan yillar davomida Chamreun biror marta ham bolaga ziyon yetkazmagan. Hozir bo’g’ma ilonning uzunligi 5 metrdan oshadi, vazni 100 kilogrammdan ortiq. Agar Chamreun xohlasa Uornni bemalol yutib yuborishi mumkin, ammo ilon negadir bunday qilmaydi. Sambatlar esa Chamreunni o’z oilalariga farovonlik, mo’l-ko’lchilik va salomatlik keltiradigan mo»jizaviy himoyachi sifatida bilishadi. Bolakay va ulkan bo’g’ma ilon o’rtasidagi noodatiy do’stlikni o’z ko’zi bilan ko’rish uchun dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar kelishadi. Sambatlar oilasi ilon ularga baxt keltiradi, deb hisoblashadi va Chamreunga yaxshilab qarab, o’z vaqtida uning qornini to’yg’azishadi. Bolakay va bo’g’ma ilon o’rtasidagi antiqa do’stlik tarixi ana shunday…

 

loading…