image0

Bitkoin narxi savdo tarixi davomida ilk bor 100 ming dollardan oshdi. Bu haqda “Bitcoin.com” platformasidagi ma’lumotlarda keltirilgan.

Unga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan 10:26 holatida kriptovalyutaning narxi 103 ming 408 dollarni tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyida AQSH prezidenti saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozonganidan so‘ng kriptovalyuta narxi o‘sishni boshladi. O‘sha paytda narx 68 ming dollar atrofida edi. Bunday o‘sish respublikachining kriptovalyuta bozoriga oid bayonotlari bilan bog‘liq. Xususan, Tramp AQSHni sayyoraning kriptomarkaziga aylantirishni va bitkoin zaxirasini to‘plashni va’da qilgan.

“Agar kriptovalyutalar kelajakni belgilasa, men uning AQSHda “qazib olinishi”, ishlab chiqarilishi va zarb qilinishini xohlayman”, deydi Tramp.

“Reuters” nashri tomonidan noyabrning birinchi yarmida o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, bitkoin narxining o‘sishida Trampning o‘rni alohida ekanligi ta’kidlangan. Sidneydagi ATFX Global bozor tahlilchisi Nik Tvidelning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak prezident bu sohani qo‘llab-quvvatlayotgani va kriptovalyuta ilgari past baholangan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Astronaut Capital kriptoaktivlarni boshqarish kompaniyasining bosh investitsiya direktori Mettyu Dibbning fikriga ko‘ra, Trampning siyosati boshqa davlatlarning AQSHni ortda qoldirish maqsadida bitkoin sotib olish imkoniyatlarini oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bitkoin kursi 94 ming dollardan oshib, yangi tarixiy rekord natijani o‘rnatgani xabar qilingan edi.