O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi, birinchi xonim Ziroatxon Mahmudovna Mirziyoyeva bugun, 4 dekabr kuni 60 yoshni qarshiladi.
2016 yildan beri O‘zbekistonning birinchi xonimi sifatida ko‘plab loyihalarga boshchilik qilib kelayotgan Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabrda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan.
Yosh Ziroat Hoshimova Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiga o‘qishga kirgan va u yerda bo‘lajak Prezident, o‘sha paytda universitetning komsomol qo‘mitasi kotibi sifatida ishlab yurgan Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi. Qizning qarindoshlari ularning munosabatlariga qarshi bo‘lgan, shunga qaramay, yoshlar turmush qurgan.
Ziroat Mirziyoyevaning to‘ng‘ich qizi Saida onasining talabalik davrida – 1984 yil 4 noyabrda dunyoga kelgan. Uning ikkinchi qizi Shahnoza esa 1986 yil 8 avgustda tug‘ilgan. Shu yili Ziroat Mirziyoyeva Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Uning o‘g‘li Miralisher Mirziyoyev esa 2009 yilda tug‘ilgan.
Mirziyoyeva 2020 yildan buyon O‘zbekistonda qulay va inklyuziv muhit yaratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshiruvchi “Zamin” xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond faoliyatini 5 ming ayolga yordam berishdan boshladi. Shuningdek, “Zamin” fondi faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdir. Birinchi xonim shunga doir ko‘plab loyihalarga bosh-qosh bo‘lgan.
Shuningdek, u Prezidentga xorijiy tashriflarda hamrohlik qiladi. Uning birinchi xonim sifatidagi ilk xorijiy tashrifi Xitoyga bo‘lgan.
Bundan tashqari, uning o‘zi ham qizlari hamrohligida xorijiy davlatlarga tashrif buyuradi. Xususan, o‘tgan yili noyabr oyida u Turkiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Emina Erdo‘g‘an tomonidan dunyo birinchi xonimlari uchun tashkil etilayotgan "Falastin uchun yagona yurak" sammitida ishtirok etdi.
Tashrifda Ziroat Mirziyoyevaga kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
O‘sha oyda O‘zbekiston birinchi xonimi Qatarda bo‘lib o‘tgan XI Ta’lim bo‘yicha xalqaro innovatsion sammitda qatnashdi. Bu safar unga to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
Shu o‘rinda Ziroat Mirziyoyevaning Toshkentda o‘tgan xalqaro tadbirga mezbonlik qilganini ham eslab o‘tish o‘rinli. 2023 yil 8-9 noyabr kunlari Toshkent Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitiga mezbonlik qilgandi. Sammitda ishtirok etish uchun kelgan davlat rahbarlarining rafiqalari "Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumida qatnashdi.
O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi forumda Turkiya Respublikasining birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidentining rafiqasi Jamila Alamolxoda, Qirg‘iz Respublikasining birinchi xonimi Oygul Japarova, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, yosh ekofaollar ishtirok etgan.
Joriy yilda ham Ziroat Mirziyoyevaning xalqaro tabirlardagi faoliyati qizg‘in o‘tmoqda. Xususan, u o‘tgan oyda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birga Bakuda o‘tgan COP29 doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida ishtirok etdi. COP29 sammiti doirasida Bakuda "Yoshlarning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlardagi yetakchiligi" mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an, Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Vengriya, BMT tuzilmalari va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, mazkur mamlakatlarning yosh ekofaollari qatnashdi.
Oilaviy hayoti haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Ziroat Mirziyoyeva 3 farzandning onasi va 6 nabiraning mehribon buvijonisi. Ular odatda saylovlarda jamoatchilikka birgalikda ko‘rinish beradi.
Bundan tashqari, Prezident oilasi vakillari bazi-bazida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oilaviy rasmlarni ulashib turadi.
Masalan, 2022 yilda Shahnoza Mirziyoyeva onasi norin tayyorlayotgani aks etgan suratni e’lon qilgandi. Suratda Ziroat Mirziyoyevaga uning kuyovi Otabek Umarov yordam berayotgani aks etgan. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu surat trendga chiqqan, norin asosiy mavzuga aylangandi.