BILASIZMI… “MARSDA HAM HAYoT QURSA BO'LADI. AMMO…”

 

Ha, qizil sayyora bilan yerliklar ancha vaqtdan beri qiziqib kelishadi. Ayniqsa, Amerika, Rossiya, Hindiston, Xitoy kabi rivojlangan davlatlar tezroq Marsga odamlar uchishini, tezroq u yerda xuddi yerdagidek hayot qurishni istashmoqda. Lekin bu ishni qisqa fursatda amalga oshirib bo’lmaydi. Negaki, Marsda kislorod yo’q. Demak, hayot yo’q. Hayot paydo qilish uchun Olloh izn berishi lozim. Shundagina qaysidir yo’l bilan kislorod paydo bo’ladi. Yana bir narsa. Marsga parvoz qilishga shaylangan odam yerliklar bilan xayrlashishi emas, balki vidolashishi lozim. Nega deganda, yerdagi yuqori texnologiya odamni qizil sayyoragacha yetkazib qo’yishga qodir, ammo uyoqdan yerga olib kelishga qodir emas. Bundan chiqdi Marsga uchgan odam doimiy tarzda o’sha yerda qolib ketishiga to’g’ri keladi. Qachonki, yerda yanada yuksak darajadagi texnologiya yaratilsa, o’shandagina marsliklarni yerga qaytarish mumkin bo’ladi.

Odamlar bunga ham qanoat qila olishmayapti. Allaqachon Marsga birinchilardan bo’lib parvoz qiluvchilar guruhi tuzish harakatlari boshlangan. Gollandiyaning «Mars One» tashkiloti Marsga uchishni xohlovchilar ro’yxatini tuzib chiqqan. Tashkilot talabiga ko’ra, Marsga uchishni istagan odam voyaga yetgan bo’lishi lozim. Tashkilot bu ishni 2013 yili boshlagan. Hozirgacha xohlovchilar soni 200 000 nafardan oshib ketgan. Bular 140 ta davlat fuqarolaridir. Ro’yxatdagilarning asosiy qismi amerikalik. Qolganlar Xitoy, Hindiston, Rossiya. To’g’ri, barcha xohlovchilar Marsga uchmaydi. Oldin ro’yxatdagilar uch-to’rtta maxsus tanlov asosida saralab olinadi. Qolaversa, Marsga yetgach, ular quruq yerga qo’nishmaydi. Oldin alohida baza quriladi. Olimlarning aytishicha, Marsdagi tuproqda yo’lini topib turli sabzavotlarni yetishtirsa bo’larkan. Biroq yerliklar faqat ko’kat va sabzavot bilan oziqlanmaydi-ku, to’g’rimi?!. Yerdan ular uchun doimiy ravishda oziq-ovqat tashib turiladi. Xo’sh, Yerdan Marsgacha yetish uchun qancha vaqt kerak bo’ladi? Yetti oy atrofida vaqt zarur bo’larkan. Yer va Mars sayyorasi oralig’idagi masofa 225 million kilometrga teng ekan. Agar sayyoralar doimo harakatda ekanini hisobga olsak, o’rtacha masofa 400 million kilometrga ham yetishi mumkin. Basharti harakat davomida bir-biriga juda yaqin kelib qolsa, masofa 54 million kilometrga teng bo’ladi.

Ufologlarning aytishicha, yerliklar Marsga uchgan taqdirda ham qizil sayyorani birinchilardan bo’lib zabt etgan hisoblanishmaydi. Chunki bizning qadimiy ajdodlarimiz million yillar oldin xuddi o’sha qizil sayyoradan yerga uchib kelishgan. Endi ulardan ayrimlarining avlodlarigina o’z vataniga qaytadi xolos.

Olimjon HAYIT tayyorladi