BILASIZMI…

 

«PERUNING QORA TOShLARI»

 

Peruning Tinch okeani sohilidagi hududlari anchadan beri dunyo arxeologlarini qiziqtirib keladi. Bu hududlardan qazish ishlari natijasida minglab yillar oldin mavjud bo’lgan Chavin, Parakas, Naska madaniyatiga oid qazilmalar topilgan…

 

Echkemar minib havoga ko’tarilgan yigit

 

Ayniqsa, Ika shahrida topilgan qora toshlar ko’pchilik olimlarni o’ylanishga majbur etdi. Toshlarning o’rtacha hajmi bir-ikki metr oralig’ida bo’lib, barchasiga turli suratlar o’yib ishlangan.

Toshlar shu qadar qat’iy tartibda terib chiqilganki, xuddi kutubxonani eslatadi. Olimlar bundan quyidagi xulosaga kelishdi: «Toshlar qandaydir tabiiy ofat tufayli yer ostida qolib ketgan. Aslida bu katta bir shahar bo’lib, madaniyat o’ta rivojlangan…»

Toshlarning biriga ot mingan chavandoz surati tushirilgan. Suratdagi odam ko’proq neandertallarni eslatib yuboradi. Chunki uning boshi katta, peshonasi juda keng va jag’ qismi nihoyatda ulkan…

Faqat bir narsa mavhum. Otlar Ammerikaga Kolumbdan so’ng olib kelingan. Amerika otlarining so’nggisi esa 200 ming yil oldin o’lgan. Otdagi chavandoz laboratoriya sharoitida tekshirib ko’rilganda, 40 ming yil oldin yashagani ma’lum bo’ldi.

Boshqa bir toshga fil quvlab ketayotgan odam surati tushirilibdi. Vaholanki, Amerikada oxirgi fil ham ot bilan bir vaqtda o’lib ketgan. Bu ham mayli. Boshqa bir toshda echkemar mingan holda havoda parvoz qilayotgan yigit tasvirlangan. Olimlar mana shu toshga alohida e’tibor qaratdi va eramizdan ancha avvalgi davrlarda madaniyat, hayvon o’rgatish rivojlangan degan xulosaga kelishdi.

 

Qadimda yurak jarrohligi bo’lganmi?

 

Insonni nihoyatda hayajonlanish, ajablanishga majbur etgan doktor Kabrera topgan toshlar seriyasi bo’ldi. Bu toshlarning har birida jarrohlik operatsiyasida kechadigan turli lahzalar aks ettirilgan. Masalan, toshlarning birida vrach bemor yigitni yotqizib, ko’krak qafasini ochish bilan band. Uning yonida esa ikkinchi vrach qo’lida jarrohlik asbob-uskunalarini ushlagancha turibdi. Ikkinchi toshda endigina organizmdan chiqarib olingan yurak aks ettirilgan. Uchinchi toshdan keksa erkak (uning keksaligi ajinlar yordamida ko’rsatib berilgan) ning ko’ksidan vrach xasta yurakni ajratib olib, uning o’rniga yosh o’smirning yuragini o’rnatmoqda. To’rtinchi toshga hozirgina yuragi operatsiya qilinib, kesilgan joylari tikib qo’yilgan qariyaning surati tushirilgan. Qariyaning nafas yo’liga trubka joylashtirilgan. Keyingi toshlarda jarrohlik operatsiyasidan keyingi holatlar tasvirlangan. Birida operatsiyadan chiqib, yengil nafas ola boshlagan bemor, boshqasida jarrohning bemor yuragini eshitib ko’rayotgandagi manzara.

Yana bir toshga xasta yuragi ko’ksidan ajratib olingan qariya surati chizilgan. Qariya yuragi sug’urib olinsa-da, o’lmagan, maxsus uskunaning bir uchi qariya organizmi, ikkinchi uchi yonboshdagi ayol yuragiga ulandi. Mana shu harakat qariyaning tirik qolishini ta’minlab berdi.

Olimlar mana shu jihatga hayron qolishdi. Axir, vrach jarrohlik operatsiyasini o’tkazish uchun anatomiya va fiziologiyani chuqur o’zlashtirgan bo’lishi kerak! Qolaversa, uskunalari ham a’lo darajada bo’lishi shart. Aks holda bemor operatsiyadan so’ng qon zaharlanishi oqibatida hayotdan ko’z yumishi tayin.

 

Donor kim bo’lgan?

 

Haqiqatan, o’sha paytlarda donorlik qilgan shaxslar kim bo’lgan? Olimlar buning ham javobini laboratoriya sharoitida toshlarni tekshirish jarayonida aniqlashdi. Masalan, qariyaga o’z yuragini hadya etgan o’smirning tanasida hech qanday jarohat yo’q. Demak, u jangda yaralanmagan. Sog’ holatda operatsiya stoliga yotqizilgan. Ammo o’ziga qolsa, hayotda ko’ngilli ravishda birovga yuragini bermasdi. Olimlar o’smir kimningdir quli bo’lganini taxmin qilishdi.

 

Jarrohning qo’li

 

Doktor Kabrera o’zi topgan toshlarni o’rganish jarayonida jarrohlarning qo’liga alohida e’tibor qaratdi. Ularning qo’li oddiy odamnikiga emas, ko’proq maymunnikiga o’xshab ketardi. Chunki bosh barmoq qolgan barmoqlarga qarama-qarshi tura olmasdi. Shuni hisobga olib doktor bu odamlar rostdan neandartallar ekanini ta’kidladi. Faqat suratdagilar neandartallar orasida juda tez fursat ichida aqlan rivojlanganini alohida qayd etib o’tdi.

 

Hayvon o’rgatuvchilar

 

Shubhasiz, ko’plab toshlarga hayvon o’rgatayotgan erkak surati tushirilgan. Kabrera bu jihatni ham maxsus o’rganib chiqdi va neandartallar aqlan o’sishida xuddi shu odat ham hissa bo’lib qo’shilganini aniqladi. Afsuski, oradan yillar o’tib muzlik davri boshlandi va neandartallar, o’sha davrda yashagan hayvonlar halok bo’ldi. Keyingilari esa ajdodlar qoldirgan madaniyat, ma’rifat, tafakkurni meros qilib ola bilmadi.

 

Qabila qanday tuzilgan?

 

Doktor Kabreraning fikricha, aqlan rivojlangan neandartallar o’zidan keyin davomchi qoldirishga ham e’tibor qaratgan. Ular o’ta qoloq qabilalar ichidan aqllisini tanlab olishgan-u, qolganlarini yo’q qilishgan. Aqlsiz odamlar tafakkuri yuksaklarga to’siq vazifasini o’taydi deb hisoblashgan. Bir qabilaga birlashgan aqlli neandartallar bir-birlariga suyanch bo’lgan holda tobora rivojlanishda davom etgan…

Olimlar hozirgi kunda ham toshlarni o’rganishda davom etishmoqda. Zahirada yana 20 mingdan ziyod qora, g’aroyib toshlar navbatda turibdi. Ularning taxminiga ko’ra, bundan tashqari yer ostida 300 mingga yaqin qazib olinmagan qora toshlar mavjud. Ular ham albatta o’rganib chiqiladi.

 

ARQONDAN YaSALGAN KOMPYuTER

 

Shu kunga qadar Markaziy va Janubiy Amerikada yashagan inka qabilalari bronza asrining qoloq qabilasi sifatida e’tirof etilardi. Ammo Xorvard universiteti professori Garit Urtonning «Inkalarning kipu belgisi» kitobi nashr etilgach, bu e’tirofga o’rin qolmadi. Kitobda yoziladiki, inkalar biz o’ylaganchalik qoloq bo’lmagan. Ular o’qish va yozishni yaxshi bilgan. Faqat ular yozuvlarni rangli arqonchalarda saqlashgan. Buning uchun arqonning har yer har yeri tugib qo’yilgan. Mana shu tugunlar orqali nimalar yozilganini o’qish mumkin bo’lgan. Lekin yozuvni faqat inka qabilasi a’zolarigina o’qiy olgan.

Masalan, XVI asr oxirida Janubiy Amerikada ispanlar xukmronlik qilgan. Kunlarning birida ish bilan shoshib qaergadir ketayotgan uch ispan o’rta yashar inka erkagini tutib oldi. Kiyimidan uning mahalliy korchalon va bilimdonlardan ekanini ispanlar darrov payqadi. Erkak ispanlardan kiyimlari orasida nimanidir yashirardi. Ispanlar negadir qiziqib erkakni kuch bilan yerga yiqitishdi va o’sha narsani tortib olishdi. Inka yashirgan narsa har yer har yeri tugib qo’yilgan rangli arqon edi. Ispanlar erkakni qiynagan holda buning nimaligini aniqlashga urinishdi. Inka g’urur bilan javob qildi:

— Bu yerga dunyodagi barcha bosqinchi, lashkarboshilar haqida faktlar bitilgan…

O’sha lahzadanoq ispanlar bu arqonga bitilgan bitiklarni aniqlash harakatiga tushdi. Afsuski, buning imkonini topa olishmadi. Inkalar o’lib ketishsa-da, o’z sirini oshkor etmadi.

Zamonamiz olimlari bu rangli arqonlarni kompyuterga mengzashadi. Negaki, hali hanuz biror mutaxassis bu sirning kalitini topa olmadi va arqon tugunlari nimadan so’zlashi haqida ma’lumotga ega bo’lmadi. Buning uchun inkalar qo’yib ketgan haqiqiy parolni aniqlash lozim. Baxtga qarshi buning ham imkoni topilmaydigan ko’rinadi.

Olimjon HAYIT tayyorladi