Bastiliyada saqlangan temir niqobli sirli mahbus. U tarixiy shaxsmi yoki afsona?

Ko’pchilik televizorda bir necha bor namoyish etilgan «Temir niqobli odam» Amerika filmini ko’rgan bo’lsa kerak. Filmdagi bosh rollarni mashhur aktyorlar Leonardo di Kaprio, Jeremi Ayrons, Jon Malkovich, Jerar Depardye va Gabriel Birnlar ijro etgan. Filmda qirol Lyudovik XIV ning egizagi taxtni egallab, qirolga esa temir niqob taqib zindonga tashlashadi. Xo’sh, haqiqatda qirol temir niqobda zindonga tashlanganmi? Temir niqobli asir haqiqatda bo’lganmi? Uning ismi nima? «Daryo» bugungi maqolada shu haqida hikoya qiladi.

Temir niqobli odam haqiqati haqida
Temir niqobli odam Fransiya tarixidagi eng sirli mahbuslardan biridir. U haqidagi romanlar va filmlar uning mavjudligi va shaxsiyati haqida turli xil mish-mishlarni yaratgan desak mubolag’a bo’lmaydi. XVII asrning 80 yillarida Fransiyada g’alati mahbus haqida gap-so’zlar tarqala boshladi. U shaxsan Lyudovik XIV ning buyrug’iga ko’ra hibsga olingan va qamalgan edi. Uning shaxsining noma’lumligidan tashqari, temir niqob taqib yurishga majbur edi.

1687 yilda bir gazetada mahbusning O’rta Yer dengizidagi Avliyo Margarita orolchasidagi qamoqxonaga temir qafasda, yuziga po’latdan niqob taqilgan holda olib kelingani yozilgan. Uni kuzatib kelish esa sobiq mushketyorlardan Bening de Sen Mars ismli ofitserga topshirilgan. Ularning ikkalasi, mahbus va De Sen Mars Alp tog’larida joylashgan Pignerol va Ekzil qal’alarida ham birga bo’lishgani manbalarda qayd etilgan.

1698 yil 18 sentyabr kuni mahbus Fransiyaning mashhur Bastiliya qal’a-qamoqxonasiga o’tkazildi. Chunki Sen Mars bu safar Bastiliya gubernatori etib tayinlangan edi. Mahbusni bu safar ham xuddi o’sha holatda olib kelishgan edi. Bastiliya mulozimlaridan biri o’z xotiralarida shunday hikoya qilgan: «u doim niqobda edi va ismi hech qachon aytilmas edi». Uning ismini aytish taqiqlangan edi va o’zi bu ishni qiladigan bo’lsa, darhol otib tashlanishi kerak edi.

1703 yil 19 noyabr kuni sirli mahbus vafot etdi va uni Avliyo Pyotr qabristonida dafn qilishdi. Uning ismi ham, yoshi ham soxtalashtirildi. Kiyimlari va shaxsiy buyumlari yoqib yuborildi, u yashagan qamoqxona xonasi esa ohak bilan oqlanib tashlandi. Shunday qilib, uning kimligi noma’lumligicha qolgan bo’lsa-da, uning o’sha davrda yashagani aniq.

Uning shaxsiga doir fitna nazariyalari
Temir niqobli kishi Lyudovik XIV ning hukmronligi yillari (1643–1715) da yashadi. Lyudovik XIV ning tarafdorlari uni «Quyosh qirol» deyishardi va uning davrida Fransiya qudratli davlatga aylanganini iddao qilishadi. Unga qarshilar esa uning bir mustabiddan farqi yo’qligini, mutlaq monarxiya Fransiyani politsiya davlatiga aylantirganini aytishadi. Qirol vafot etgach, sirli mahbus haqidagi gap-so’zlar poroxli bochkaga olov yoqqandek bo’ldi.

Bastiliyada saqlangan temir niqobli sirli mahbus. U tarixiy shaxsmi yoki afsona?

Go’yo uning qamalishi qirolning shaxsiy buyrug’i sifatida mish-mishlar urchib ketdi. Boshidanoq, u haqidagi gaplar oddiy qo’rqinchli ertaklardan ko’ra ahamiyatliroq edi: ular Lyudovik XIV ga qarshi propaganda uchun xizmat qildi. Masalan, 1688–1697 yillarda bo’lgan urushda o’z mustaqilligini fransuz ekspansiyasidan himoya qilishni istagan gollandlar ushbu hikoyalardan Lyudovikka qarshi foydalandi. Golland josuslari qamoqdagi temir niqobli kishini ona qirolichaning jazmani va qirolning haqiqiy otasi ekani haqidagi mish-mishni tarqatdi. Shu tariqa ular Lyudovikning taxtga noqonuniy o’tirganiga diqqatni qaratmoqchi bo’ldi.

Bunday mish-mishlardan qirol oilasi vakillari ham uzoq qolmadi. Ba’zi bir konspirologlar niqobdagi kishini Lyudovikning jazmani Luizadan bo’lgan o’g’li Lui Burbon ekanini aytdi. Lui Burbon o’zining gomoseksualligi oshkor bo’lgach, otasi tomonidan saroydan badarg’a qilinadi. U otasi mehrini qayta qozonish maqsadida, Flandriyadagi yurishda qatnashdi va jarohatlanib o’sha yerda vafot etdi. Konspirologlar fikricha, u tirik qolgan va otasi tomonidan temir niqobda qamoqqa tashlangan deyiladi.

Keyinchalik ham uning kimligi borasidagi taxminlar va shaxslar ro’yxati o’sishdan to’xtamadi. Bir qator mashhur shaxslarning, qirolning egizak ukasi va hatto qirolning o’zi ekani haqidagi mish-mish va qarashlar ko’payib ketdi.

Masalan, shunday versiyalardan birida niqobdagi kishi Lyudovik XIV davridagi eng kuchli shaxsiyatlardan biri bo’lgan Kardinal Mazarini ekani aytiladi. Bu nazariyani 1963 yilda fransuz tarixchisi Sharl Benekrut ilgari surdi. Uning aytishi bo’yicha, 1614 yilda Polineziyadan 12 yoshli Mazariniga ikki tomchi suvdek o’xshaydigan albinos bola olib kelinadi. Uning Mazariniga o’xshash ekanini 1655 yilda gersog De Gol payqab qoladi. Keyin esa u Mazarinini o’sha bola bilan almashtirib qo’yadi va u Mazarinining o’rnini egallaydi. Mazariniga esa temir niqob kiydirilib qamoqqa tashlanadi.

1847 yilda Baron Gleyxen o’zining «Xotiralar»ida temir niqobli kishini qirol Lyudovik XIV ning o’zi deydi va bu voqea biz yuqorida esga olgan «Temir niqobli kishi» filmi uchun ssenariy vazifasini o’tab berdi.

Bastiliyada saqlangan temir niqobli sirli mahbus. U tarixiy shaxsmi yoki afsona?

1717 yilda Bastiliya qamoqxonasida o’tirgan buyuk fransuz mutafakkiri Volter o’z esdaliklarida qamoqxonadagi yoshi katta mahbuslardan temir niqobdagi mahbus haqida eshitganlarini qayd qilib o’tdi. U uni shunday ta’riflaydi: «yosh, kelishgan qaddi-qomatga ega, basavlat, kimligi noma’lum mahbus». Ushbu tariflardan shuni bilish mumkinki, u muhim shaxsiyatlardan biri bo’lgan.

U nozik didli bo’lgan va gitara chalgan, unga mahsulotlarning eng sarasini berishgan. Qamoqxona boshlig’idan boshqa hech kim u bilan ko’rishish huquqiga ega bo’lmagan. Volterning fikricha, u qirolning ukasi yoki akasi bo’lishi mumkin. XX asrdagi ko’plab filmlarga asos bo’lib xizmat qilgan versiyaga ko’ra, u qirolning taxtga da’vogar akasi bo’lishi mumkin.

daryo.uz

Bastiliyada saqlangan temir niqobli sirli mahbus. U tarixiy shaxsmi yoki afsona?
loading…