Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

«HAY-HAY TV». ERTANGI TELEDASTURLAR… (Birinchi qism)

 

08: 00 da: Infarktga uchraganlar uchun «Kim uzoqqa sakraydi?» badantarbiya mashg’uloti.

08: 30 da: Kashandalar uchun «Bozorda o’pkaning bahosi qanchaykan, qo’shni?» yumoristik ko’rsatuvi efirga uzatiladi.

09: 30 da: Bir guruh quruvchilar talabiga binoan «Qur… Qur… Qur ovchilar» ruknidagi «G’isht qolipdan ko’chganda» teleshousi namoyish etiladi.

10: 30 da: Qassob og’alarimizga bag’ishlangan «Qassobga yog’ qayg’usi, buqaga-chi?..» hajviy telejurnali.

11: 30 da: «OLOY RALLI» avtobuslar poygasi to’g’ridan-to’g’ri olib ko’rsatiladi. Poygada shahrimizdagi №19- yo’nalish avtobuslari faol ishtirok etadi.

13: 00 da: «Mahalla faollari» turkum ko’rsatuvlari doirasida «Sen zo’rmi, men zo’r» qishloq fuqarolar yig’ini raisi Parpi piyon yoshlarga ichkilikning zararli jihatlari haqida qimmatli maslahatlar berib o’tadi.

15: 00 da: «Vodiylarni yayov kezganda…» ko’rsatuvida olis qishloqlardan birida yashovchilar 20 chaqirim naridagi shaharga jamoat transportisiz piyoda qatnash qanchalar totli ekani haqidagi jonli lavhalari bilan o’rtoqlashishadi.

16: 00 dan 20: 00 gacha tanaffus.

20: 00 da: Ajoyib va izlanuvchan boshlovchimiz G’iybatinisa Mishmishova xabarlari asosida qiziqarli axborot dasturini e’tiboringizga havola etamiz.

20: 50 da: Ko’ring, havas qiling! «Qarg’ish» xalq ijodiyoti xalqaro tanlovi to’g’ridan-to’g’ri olib ko’rsatiladi. Tanlovda bizning yagona vakilamiz Diydorinisa Qursinova o’zining bir donagina qarg’ishi bilan nafaqat raqibalarni ortda qoldirdi, balki tomoshabinlardan tortib hay’at a’zolarigacha og’zini lang ochib, tosh qotirdi. «Xo’sh, qanday qarg’ish ekanki, xalqaro tanlovda bizga g’oliblikni hadya etibdi?» deya hayron bo’lishingiz tayin. Diydorinisaning tanlov bosh sovrinini qo’lga kiritishiga sabab bo’lgan qarg’ish elimiz, ayollarimiz orasida mashhur o’sha qarg’ish «He og’zingdan qoning kelsin!» qarg’ishi edi, hurmatli tomoshabin!

22: 00 da: «Oyim… Oyim… O-oyim…» taxallusi bilan elga mashhur shoiraning yaqindagina oqqa ko’chirilgan «Hm-m-m-m…» sarlavhali she’ri she’riyat muxlislariga taqdim etiladi. She’rni shoiraning o’zi o’qiydi.

23: 00 da: «Opovsi, keling, g’iybatlashayli-ik!» yarim hazil, yarim chin ko’rsatuvi efirga uzatiladi. Ko’rsatuvda qarzdorligi ko’pligi sababli gazi o’chirib ketilgan bir guruh qo’ni-qo’shni ayollar gaz tashkiloti rahbarlarining po’stagini qoqishadi.

Shuning bilan ertangi ko’rsatuvlarimiz yakuniga yetadi. Biz bilan qoling!

 

«HAY-HAY TV». ERTANGI TELEDASTURLAR… (Ikkinchi qism)

 

04: 00 da: Oyparastlar uchun «Osmondagi oyimdan, tomorqadagi loyimdan» ko’rsatuvi;

05: 00 da: Farg’ona vodiysi nonvoylari faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Ustoz-shogird» turkumidan «O’v, tandirni qizitmabsan-ku, qizitaloq! Bir urib chalpak qip qo’yaymi?» deb nomlangan telefilm efirga uzatiladi;

06: 30 da: Ko’p xotinli erkaklar uchun «Imperator» ko’rsatuvi;

08: 00 dan 10: 00 gacha tanaffus;

10: 00 da: Suvoqchilarga bag’ishlangan «Gar andavang soz bo’lsa…» ko’rsatuvi namoyish etiladi;

11: 00 da: Qashshoq va yurak kasaliga yo’liqqanlar talabiga ko’ra, «Eshiklar yopiladi, keyingi mehmon gazchilarmish» ko’rsatuvini tomosha qilasiz;

12: 45 da: Jamiyat uchun illat hisoblanmish fohishabozlikka qarshi kurash doirasidagi «Tungi kapalak — bu arvoh kapalak» ko’rsatuvi;

13: 45 dan 18: 00 gacha profilaktika;

18: 00 da: Havaskor shoira Oybegim Quyoshbek qizi o’zining «Hm-m… Savil-ey» deb nomlangan yangi she’rini she’riyat muxlislariga havola etadi;

18: 30 da: Qandli diabet xastaligini bartaraf etish masalasiga bag’ishlangan «Shakarim» ko’rsatuvi efirga chiqadi. Ko’rsatuvda tibbiyot fanlari nomzodi Asalxon Orzuqilovna ishtirok etadi;

19: 30 da: «Siz uy hayvonlarini sevasizmi?» ko’rsatuvini tomosha qiling. Ko’rsatuvni xorijlik yetuk mutaxassis Kim Sen It xonim olib boradi;

20: 30 da: «Suvaraklardan qanday qutulay?..» Bu ko’rsatuvda yetuk mutaxassis Stas Saranchayevning qimmatli maslahatlarini tinglaysiz.

22: 00 da: Otarchilar hayotiga bag’ishlangan «Tomsuvoqqa xushim yo’q» tahliliy ko’rsatuvini e’tiboringizga havola etamiz. Ko’rsatuv davomida aynan otarchilarimizning jonli qo’shiqlaridan ham tinglash baxtiga musharraf bo’lasiz.

01: 00 da: Uyqusizlik kasaliga yo’liqqanlar uchun «Xayrli tong, xayrli tong va yana xayrli tong… Yoki Olimtoy, qo’radagi qo’ylar nechtaykan?» hajviy telejurnalimizni miriqib tomosha qiling.

Olimjon HAYIT