Tojikistonning Rudakiy tuman sudi 26 fevral kuni 27 yoshli Muhayyo Yoqubovani sog’liqqa atayin og’ir zarar yetkazishda aybdor, deb topdi va uni o’n yilga qamadi. Sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar u ozodlikda qoladigan bo’ldi.
Muhayyo Yoqubova o’tgan yilning iyul oyida 9 oylik bolasi Mudassir Karimovning badaniga o’nta igna sanchib, og’ir jarohat yetkazganlikda gumonlanib, tergov qilina boshlagan edi. Suddan so’ng Muhayyo Yoqubova ayblovni tan olmasligini aytdi:
– Bu tuhmat. Hech bir ona o’z farzandiga bunday munosabatda bo’lmaydi. O’g’limning badanida ignalar qaerdan paydo bo’lganini bilmayman. Tergov qilishganida meni zo’rlash bilan qo’rqitishdi, katta o’g’limni tortib olish bilan tahdid qilishdi. Shunday yo’l bilan ayblovni tan oldirishdi.
9 oylik Mudassir Karimov o’tgan yilning iyulida Dushanbedagi Milliy tibbiyot markaziga og’ir ahvolda olib kelingan edi. Shifokorlar o’shanda uning badanidan o’nta igna topishgan.
Rentgen orqali bolaning boshida, burnining ostki qismida, oyoqlarida, bo’ynida, ko’krak qafasida va boshqa a’zolarida ignalar borligi aniqlangan.
Ayrim ignalar tananing ichiga chuqur kirib ketgani oqibatida shifokorlar chaqaloqni qayta operatsiya qilishlariga to’g’ri kelgan. Shifokorlar o’shanda bu ignalar bola tanasida kamida uch oydan beri mavjudligini aytgan edilar.
Bolaning otasi esa Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketgan.