OZODAXON
(Toshkent tibbiyot akademiyasi kardiologiya bo’limi hamshirasiga hazil she’r…)

* * *

Hamshira qiz qaymoq devdim, ixlos edi,

Qarashlari quvloq devdim, e’zoz edi,

Bilgani bir qiynoq devdim, haq rost edi,

Ozodaxon, man xastani qiynamagin,

Sevmayman deb asabimga o’ynamagin.

* * *

«Aka»lading, aka bo’lib qolayozdim,

Ko’p lab burding, bo’larimcha bo’layozdim,

Nishlaringdan sal bo’lmasa o’layozdim,

Ozodaxon, man xastani qiynamagin,

Sevmayman deb asabimga o’ynamagin.

* * *

Tun. It hurmas, karvon o’tmas, men o’taman,

Qorong’idan qo’rqqan nomard, tek kutaman,

Derazangga toshlar otib uyg’otaman,

Ozodaxon, man xastani qiynamagin,

Sevmayman deb asabimga o’ynamagin.

* * *

Oh, qaniydi, bo’yingga bir bo’ylasaydim,

Seni obdon hansiratib quvlasaydim,

Faqat sening nog’orangga o’ynasaydim,

Ozodaxon, man xastani qiynamagin,

Sevmayman deb asabimga o’ynamagin.

* * *

Mana, qara, tek turibman, yelganim yo’q,

Hali qaynoq bag’irchangga to’lganim yo’q,

Men «TOShMI» ga qiynoq uchun kelganim yo’q,

Ozodaxon, man xastani qiynamagin,

Sevmayman deb asabimga o’ynamagin.

Olimjon HAYIT