AQSh regulyatori Ilon Mask kompaniyasiga miya implantlarini odamlarda sinovdan o’tkazishga ruxsat berishdan bosh tortdi, deb yozdi Reuters.
Neuralink kompaniyasi 2022 yil boshida Oziq-ovqat va dorilar sifati ustidan sanitar nazorat boshqarmasiga (FDA) ariza topshirgan edi. Biroq u rad etildi.
Neuralink miya chiplarini odamlarda sinab ko’rishni rejalashtirayotgani haqida Mask 2019 yildan beri bir necha bor xabar bergan. Tadbirkorning so’zlariga ko’ra, kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan implantlar falaj va ko’rlik kabi kasalliklarni davolashda yordam berishi mumkin. Neuralink vakillari falaj bo’lgan bemorlarga kompyuter matni orqali uni yozmasdan muloqot qilish imkonini beruvchi mexanizm yaratishni o’z maqsadlaridan biri deb e’lon qilgan edi. Biroq, FDA xavflarni juda katta deb hisobladi.
Rad etishni asoslash uchun regulyator Neuralink insondagi sinovlarga o’tishdan oldin hal qilishi kerak bo’lgan o’nlab muammolarni sanab o’tgan. Eng katta tashvish qurilmadagi litiy batareyasi bilan bog’liq edi. FDA implantning miya to’qimalariga zarar bermasligi bo’yicha shubhalangan.
Qayd etilishicha, FDA rad etganidan bir yil o’tgach, kompaniya hali ham muammolarni hal qilmagan. Shunga qaramay, Mask Neuralink 2023 yilning bahorida regulyatordan ruxsat olishiga va’da bermoqda.
Neuralink 2016 yilda tashkil etilgan. Uning taxminiy qiymati 1 milliard dollardan oshadi. 2021 yil aprel oyida kompaniya miyasiga chip o’rnatilgan maymunni ko’rsatdi. Hayvon kompyuter monitoridagi kursorni fikr kuchi bilan boshqardi va stol tennisi o’ynadi.
2022 yilda AQSh hukumati Neuralink kompaniyasining hayvonlar sinovi bilan shug’ullanishi yuzasidan tergov boshladi. Uning natijalari haqida hali hech narsa ma’lum emas. Kompaniya xodimlari hayvonlarda sinovlarning o’tkazilishi ularning azoblanishi va o’limiga olib kelishini aytgan edi.
Neuralink kompaniyasining eng muvaffaqiyatli raqobatchisi Synchron bo’lib, u allaqachon falaj bo’lgan bemorlarga yordam berish uchun mo’ljallangan BCI implantini odamlarda sinab ko’rish uchun ruxsat olgan va bir nechta operatsiyalarni amalga oshirgan.