image0

Siam egizaklari – tana a’zolari bir-biriga jismonan birikkan egizaklar bo‘lib, homiladorlikda embrionlarning to‘liq ajralmay qolishi oqibatida yuzaga keladi. Bu juda kam uchraydigan hodisa bo‘lib, taxminan har 189 mingta tug‘ilishdan birida uchraydi. Janubi-g‘arbiy Osiyo va Afrika hududlarida siam egizaklari tug‘ilishi nisbatan ko‘proq uchraydi. Ammo dunyoga kelayotgan bunday egizaklarning taxminan teng yarmi o‘lik holda tug‘iladi yoki uchdan bir qismi keyingi yigirma to‘rt soat ichida vafot etadi. Qiziqarli jihati shundaki, omon qolgan siam egizaklarining 2/3 qismini ayollar tashkil qiladi.

Maqolada bir tanada yashasa-da, katta muvaffaqiyatlarga erishgan, operatsiya natijasida ikkiga ajralgan va omadsiz amaliyot qurboni bo‘lgan siam egizaklari haqida so‘z boradi. Ular bilan tanishar ekansiz, ikki fikr, ikki hisning bir tanada jam bo‘lishi naqadar murakkab hodisa ekanini anglaysiz.

Chang va Eng Bunkerlar – 21 farzandning otalari

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi1

1811 yilning 11 mayida tug‘ilgan siam egizaklari – Chang va Eng siam egizaklari atamasi paydo bo‘lishiga sababchilardir. Boisi ular avval Siam deb atalgan Tailandda dunyoga kelgan. Ammo 1829 yilda shifokorlar tomonidan tekshirish uchun AQSHga olib ketingan. Keyinchalik egizaklar Amerika va Yevropada “g‘ayrioddiy odamlar” ko‘rgazmalarida qatnasha boshlaydi va shu orqali katta mashhurlikka erishadi va 1839 yilda gastrollarni to‘xtatib, Shimoliy Karolinada yashashga qaror qiladi.

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi2

Chang va Eng AQSH fuqaroligini olib, opa-singillarga uylangan va jami 21 farzand ko‘rgan. Shuningdek, ular qul sotib olish darajasida moliyaviy barqarorlikka erishadi. 62 yoshga yetganda avval Chang, bir necha soat o‘tib esa Eng vafot etadi. Jasadlarni o‘rganish chog‘ida, egizaklar jigar va ko‘krak suyaklarini bog‘lab turgan pay orqali birikib turgani aniqlangan.

Lazarus va Joannes Kolloredo – biri qotillik qilgan, ikkinchisi o‘lim jazosidan qutqarib qolgan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi3

1617 yilda Italiyaning Genuya shahrida tug‘ilgan Lazarus va Joannes ismli siam egizaklari Yevropa bo‘ylab “g‘ayrioddiy odamlar” ko‘rgazmalarida qatnashadi. Joannesning yuqori tanasi va chap oyog‘i Lazarusning tanasidan chiqib turardi. Joannes asosan Lazarusning parazit egizagi edi. U gapira olmasdi, ko‘zlari har doim yumuq bo‘lardi va og‘zi doim ochiq edi.

Aytilishicha, Lazarus xushmuomala va kelishgan odam bo‘lgan, shuningdek, sog‘lom farzandlar ko‘rgan. U odam o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Ammo begunoh egizagi ham o‘lishi mumkinligi bois, hukm ijro etilmaydi. Ularning o‘lim sanasi esa noma’lum.

Milli i Kristin Makkoy – qullikdan ozod bo‘lgan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi4

1851 yilning 11 iyulida qullar oilasida tug‘ilgan Milli va Kristin yosh bolaligidayoq noodatiy xususiyatlari uchun pul ishlash maqsadidagi odamlar tomonidan sotib olingan. Keyinchalik ular butun dunyo bo‘ylab sayohat qilib, qo‘shiq aytish va raqs tushish orqali tomoshabinlarni xushnud etgan. Bu faoliyat ularga ko‘p yillar davom etgan qullik, majburiy tibbiy tekshiruv va tadbirlarda “g‘aroyib odam” sifatida ishtirok etishning og‘ir oqibatlarini yengib o‘tishga yordam bergan.

Ular bir necha marotaba sotilgan, biroq ozodlik to‘g‘risidagi farmon chiqarilgach, qullikdan ozod etilgan va ota-onalariga qaytarilgan. 1912 yilda sil kasalligi oqibatida dastlab Milli, 12 soat o‘tib esa Kristin ham olamdan ko‘z yumadi.

Jakamo va Jovanni Battista – mushtlashib qoladigan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi5Ushbu siam egizaklari Italiyaning Lokana shahrida taxminan 1875 va 1877 yillar orasida tug‘ilgan. Boshqalardan farqli jihat shundaki, ular ikki oyoq, to‘rt qo‘l, ikki yurak va alohida diafragmaga ega edi, ammo katta va kichik ichaklari umumiy bo‘lgan.

Shunga qaramay, har biri o‘z oyog‘ini o‘zi boshqargan va egizagining tanasini his qilmagan. Ular ham boshqalar kabi butun dunyo bo‘ylab ko‘plab “g‘ayrioddiy odamlar” ko‘rgazmalariga olib borilgan va turli shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgan. Jakamo va Jovanni italyan, fransuz va nemis tillarida gaplasha olgan va o‘zaro kelishmovchiliklarni mushtlashish orqali hal qilgan. Ularning shaxsiyatlari ham farq qilgan: Jovanni pivo, Jakamo esa mineral suv ichishni yoqtirgan, qolaversa, Jakamoga qaraganda Jovanni gapdon bo‘lgan. Ular AQSHda haftasiga ming dollargacha to‘lanadigan ko‘rsatuvlarda ishtirok etib, nafaqaga chiqqach, Italiyaga qaytib, hashamatli villa xarid qilgan.

Masha va Dasha Krivoshlyapovalar – qiynoqli tajribalar o‘tkazilgan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi6

Rossiyalik siam egizaklari Masha va Dasha 1959 yilning 3 yanvarida tug‘ilgan. Ularning onasi Yekaterina Krivoshlyapova egizaklarni tabiiy yo‘l bilan dunyoga keltirish uchun ikki kecha-kunduz qiynalgan, biroq hech qachon farzandlarini ko‘rmagan. Unga “og‘ir nogiron bola” tug‘ilgani aytilib, egizaklar olib ketilgan.

Masha va Dasha bel sohasida 180 daraja burchak ostida birikkan edi. Ularda ikki bosh, ikki tana, to‘rt qo‘l, bittadan oyoq bor edi va uchinchi oyoq orqada joylashgan bo‘lib, rudimentar (rivojlanmagan) bo‘lsa-da, harakatlana olgan. Ular ustida olib borilgan tibbiy tajribalar keyinchalik eng shafqatsiz va qiynoqqa o‘xshash tajribalar sifatida tanilgan.

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi7

Shifokorlar tajriba uchun egizaklarning birini muzdek suvga tushirib, o‘limga yaqin haroratga olib borib, ikkinchisida qanday o‘zgarishlar yuz berishini kuzatgan. Ular kuydirilgan, ochlik va uyqusizlikka duchor etilgan, hattoki, elektr tokiga ulangan.

Yana bir og‘ir tajriba asosida egizaklar oshqozonlariga maxsus zontlar kiritilib, me’da suyuqligi doimiy nazorat qilingan. Tahlil uchun kuniga uch martalab qon olingan. 1956 yilda Masha va Dasha ilmiy tadqiqot institutiga olib boriladi va u yerda 8 yil davomida yashirin saqlanadi. 1964 yilga kelib, ularning mavjudligi haqida xabarlar tarqaladi va shundan so‘ng internatga ko‘chiriladi.

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi8

Ularning fe’l-atvorlari turlicha edi: Masha o‘ziga ishongan, hazilkash va o‘g‘il bolalarga o‘xshash xarakterga ega bo‘lgan, Dasha esa buning aksi edi. Ma’lum payt ular spirtli ichimlikka ruju qo‘yadi. Keyinchalik esa onalari bilan uchrashishga muyassar bo‘lgan. 2003 yilning 14 aprelida Masha yurak xurujidan vafot etadi, 17 soat o‘tib esa Dasha ham hayotdan ko‘z yumadi.

Ladan va Lale Bijanilar – bir-biridan ajralishni istagan, ajralgach esa vafot etgan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi9

Ladan va Lale 1974 yil 17 yanvar kuni Eronda tug‘ilgan va 2003 yil 8 iyulda vafot etgan. Ladan yurist, Lale esa jurnalist bo‘lishni xohlagan. Ammo ular Ladanning istagini tanlab, Tehron universitetida to‘rt yil davomida huquqshunoslikni o‘rganadi.

Egizaklar bir-biridan ajralishni juda xohlaydi va 1996 yilda Germaniyaga boradi. Biroq shifokorlar operatsiya o‘ta xavfli ekanini aytib, murojaatni rad etadi. O‘z maqsadlaridan qaytmagan Ladan va Lale 2002 yilning noyabrida operatsiya uchun Singapurga yo‘l oladi. Egizaklar Singapurda 8 oy davomida chuqur psixologik va huquqiy tekshiruvlardan o‘tadi.

2003 yil 6 iyulda boshlangan operatsiyada 28 nafar shifokor va 100 dan ortiq tibbiy xodimlar ishtirok etadi. Jarayon nihoyatda murakkab bo‘lgan, chunki ularning miyasi umumiy qon tomir orqali birikkan edi. Bundan tashqari, operatsiya davomida yana bir nechta aniqlanmagan qon tomirlariga duch kelinadi. Jarrohlardan biri Ben Karson operatsiyani to‘xtatishni taklif qiladi, ammo doktorlardan biri bunga rozi bo‘lmaydi.

8 iyulda ajratilgan Ladan va Lale juda og‘ir holatga tushib qoladi, chunki qon yo‘qotilishi nihoyatda katta edi. O‘sha kuni 14:30 da Ladan, undan 90 daqiqa o‘tib esa Lale operatsiya stolida jon taslim qiladi.

Ebigeyl va Brittani Hensellar – ikki boshli o‘qituvchilar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi10

Ikki bosh bitta tanaga ega amerikalik siam egizaklari Ebigeyl va Brittani 1990 yil 7 martda tug‘ilgan. Ularda alohida yurak, oshqozon, umurtqa pog‘onasi, orqa miya va o‘pka mavjud edi.

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi11

Ularning har biri bir qo‘l va bir oyoqni boshqaradi, bu esa umumiy harakatlarda katta muammo tug‘diradi, chunki bunday harakatlar hamkorlikni talab qiladi. Qiziq tomoni shundaki, Ebigeyl va Brittani bir vaqtda alohida ovqatlanish va yozishi mumkin. Ebigeyl va Brittani 2013 yildan beri Minnesotada o‘qituvchilik qilmoqda va sog‘lom yigitga turmushga chiqqan.

Ronald va Donald Galyonlar – eng uzoq yashagan siam egizaklari

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi12

1951 yilning 28 oktyabrida AQSHning Ogayo shtatida dunyoga kelgan Ronald va Donald ismli siam egizaklarida bir necha ichki a’zolar birikib ketgan edi va shuning uchun ular ikki yoshgacha shifoxonada qolgan.

Egizaklar hech qachon rasmiy ta’lim olmagan, chunki maktablar ularni boshqa bolalar uchun chalg‘ituvchi deb hisoblagan. Ronald va Donaldning otasi ularni AQSH, Lotin Amerikasi va Kanadaga ko‘rgazmalarga olib borib, shu orqali pul topgan.

2020 yil 4 iyul kuni egizaklar yurak yetishmovchiligi tufayli 69 yoshda vafot etgan. Ular dunyodagi eng uzoq yashagan siam egizaklari sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Karl va Klarens Agirrelar – ajratilgan egizaklar

Ikki bosh bitta tana: eng matonatli 9 siam egizagi13

Filippinlik hamshira Arlin siam egizaklari Karl va Klarensni dunyoga keltiradi. Garchi bolalarning bunday tug‘ilishi homiladorlik tekshiruvlari paytidayoq aniqlangan bo‘lsa-da, ayol katolik dini vakili bo‘lgani uchun abortdan bosh tortgan.

Bolalar bosh qismidan bir-biriga birikkan edi va kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘ilgan. Agar ular ajratilmasa, sakkiz oydan ortiq yashay olmasligi ehtimoli aytiladi va 2003 yilning fevralida nyu-yorklik bolalar neyrojarrohi Jeyms Gudrich jamoasi ajratish operatsiyasi uchun tayyorgarlikka kirishadi. Oktyabrda esa bir necha bosqichli operatsiya boshlanadi.

Nihoyat, 2004 yil 4 avgust kuni Karl va Klarens muvaffaqiyatli ajratiladi va hozirda ular oddiy hayot kechirmoqda.