75 ming so'mlik bir likopcha salat yoxud ehtiyot bo'ling, «yulg'ich» restoranlar «shilib» olyapti

Yangi yil! Deyarli hamma nishonlaydigan, «qaerda o’tirsak ekan», deya o’ylaydigan bayram, shunday emasmi? 31-dekabr yaqinlashgani sari restoranlarni jamoaviy bazmlar bosib ketdi. Qaerga qo’ng’iroq qilma, qaysi restoranga buyurtma berma, hammasi band. Hech restoranga bormaydigan odamlar ham Yangi yilga yaqin ancha-muncha joylarning nomini bilib olishadi. Bayram o’z nomi bilan bayramdak o’tishi kerakligi rost, lekin… Narxlarning osmondaligini ko’rib, yoqa ushlaysan kishi. Arzisa-ku, bayram kunlari o’zingdan ayamaysan, ammo o’sha restoranlar bayram nishonlashga arzimasa-chi?

Ayniqsa, Toshkentdagi restoranlar, e-hey, ularning davri kelgan. Go’yoki bir yillik daromadni shu bayramdan chiqarib olmoqchidek. Uyalmasdan, ha-ha, ishonavering, hech uyalmasdan narxlarni oshirishyapti.

«Shilib» qoling, «urib» qoling restoranlar

Restoranga kirdingiz. Tan olish kerak, chiroyli bezaklar, tavallo qilib kutib oladigan ofitsiantlar qurshovida o’zingni xursand his etasan. «Bir yilda yo’q deganda, bir marta maza qilib o’tirsam, nima bo’libdi» deysan. Va menyuni ochasan… Kimlardir «Ha, oshirib yuborishibdi, yaramaslar», deydi, kimlardir parvo ham qilmaydi, yana kimlardir yuragini ushlaydi.

Salat narxi 75 ming so’m. Eng arzonini menyudan qidirib topasiz, bodring va sabzi qo’shilgan salat — 45 ming so’m. Atrofdagilardan xijolat chekib, buyurtma qilasiz va yoningizga mittigina likopchada «allanima»ni tashlab ketishadi. E-ha-a, bu sizning o’sha 70 ming so’mlik salatingiz, yoqimli ishtaxa!

75 ming so'mlik bir likopcha salat yoxud ehtiyot bo'ling, «yulg'ich» restoranlar «shilib» olyapti

Do’kondan sotib oladigan 1500 so’mlik non, restoranda naq yetti ming so’mga baholanibdi. Ichimliklarning narxi 30, 40, hatto 50 ming so’m atrofida. Asosiy ovqatlarning narxi haqida esa gapirishga hojat yo’q. Bir kulging keladi, bir yig’laging!

Kechirasiz, biz soddalik qilib, kamchiqimligimizga borib, korporativ bazmlar haqida gapirishni unutibmiz. Majburiy menyu korporativlar uchun 250-350 ming so’m atrofida! Biror narsa deb, qarshi fikr bildirib ko’ringchi, qo’liga oppoq sochiq ilib, sochini silliq taragan ofitsiant «Oka, bu yer restoran», deya kinoyali jilmayadi. Va ularning taomlari naqadar «shirin» ju-u-da «mazali» ekanligi haqida gapira ketishadi.

Odamga ozgina insof kerak

Odamga ozgina insof kerak, hurmatli restoran «biznesi» bilan shug’ullanuvchilar! Siz bir likopcha salatga 80 ming narx belgilaganingizda, oddiy odamlar o’sha pul uchun uch kun ter to’kib ishlashini o’ylaysizmi?!

75 ming so'mlik bir likopcha salat yoxud ehtiyot bo'ling, «yulg'ich» restoranlar «shilib» olyapti

To’g’ri, hech kim bir-birini restoranga majburlab olib kirmaydi, har kim imkoniyati ko’targan yerga boraveradi. Ammo imkoniyat darajasini restoran xodimlari belgilashlari, qiziq! Birorta chet davlatda yashagan, u yerga borgan odamlar bilishadiki, xorijda, asosan, Yevropa mamlakatlarida bayram oldi juda ko’p narsa, ayniqsa, oziq-ovyuat va yeguliklar narxi tushadi. «Odamlar xursandchilik bilan bayram nishonlashsin», deya mahsulotlardan tortib, restoranlarning narxlari arzonlashadi ham. Biznikilar esa o’zinikidan «yulib» qolish payida.

 

Boylar ko’payaversin!

Siz chetdan turib, «Past, ziqna, o’z qadrini bilmaydigan», deya hukm o’qishga shoshilmang. “Bayramda bu tabiiy hol”, deyishga ham shoshilmang. O’zbekning boyi ko’payaversin, biroq restoranlar «shilib» qolishlariga jim turish, ilojsiz. Hech kim bayramda och qolganidan, uyida yemagi yo’qligidan restoranga bormaydi, albatta. Bayramni nishonlash uchun hamkasb do’stlar bilan bahonada yig’ilishni, hordiq chiqarishni istasang-u, «biznesmen»lar bundan foydalanib qolishsa.

Xulosa o’rnida nima ham derdik, marhamat, istalgan «prestijnыy», «takoy» restoranga qo’ng’iroq qiling, hamma yer band, narxiga qaramay! Demak, o’zbekda pul ko’p, demak, xalq yaxshi yashayapti, jilla qursa, Yangi yil bayramida «restoran»ga kirib qolaylik!

Mohigul DIYoRXO’JAYEVA