Bundoq olib qarasangiz, bolalarning aksariyati nima kerak bo’lsa, uni Qorbobo olib kelishiga ishonadi. Ammo Amelia Kampbell bu jihatdan tengdoshlariga o’xshamaydi.
Londonda yashaydigan Amelianing onasi Jessika Kampbell Independent nashriga intervyu berarkan, hayriya jamg’armasiga pul o’tkazib, shov-shuv ko’targan qizalog’i haqida qiziq voqealarni gapirib berdi.
“Har kuni maktabdan kelayotganimizda ko’chada, burchak-burchaklarda yotadigan uysizlarni ko’rib, ichi achirdi. Ular nega uylariga borishmaydi, deb mendan so’rardi. Men qizimga ularning yaqinlari yo’qligini, uylari ham yo’qligini aytardim, Amelia jim bo’lib qolardi. Keyinchalik ularga ovqat tashib yurdi. Uyga olib kelsam bo’ladimi, deb ham so’radi. Biroq undaylar juda ko’pligini, hammasiga yordam berolmasligimizni, barchasi pulga borib taqalishini yotig’i bilan tushuntirdim, – deydi Jessika Kampbell va so’ng qo’shimcha qildi. – Ana shundan so’ng ko’p o’tmay, gonoraringizni olib keting, deya qizimga bitta gazetadan qo’ng’iroq qilishdi. Keyin bilsam, Amelia bolalar uchun hikoyalar yozayotgan va pul yig’ayotgan ekan”.
Eslatib o’tamiz, Amelianing dastlabki hikoyasi “Ikki ajdarho” (The two dragons) deb nomlangan. Kichkintoy yozuvchi ayni damda 1200 funt sterlik ybg’ishga ulgurdi. Uning ishlarida yaqindan yordamchi va maslahatchisi bo’lib qizning otasi shug’ullanyapti va pullar uysizlarga boshpana ajratadigan hayriya jamiyatida yig’ilyapti.
Humoyun tayyorladi.