Insonlar har doim kam o‘rganilgan, ekzotik va yashirin maskanlarga sayohat qilishni xohlaydi. Biroq dunyoda shunday taqiqlangan joylar borki, hatto eng sarguzashtsevar sayohatchilar ham u yerga bora olmaydi. Cheklangan hududlarning har biri o‘ziga xos, sirli tarixga ega bo‘lib, bu ularning jozibasini yanada oshiradi va qiziqishni kuchaytiradi. Ana shunday taqiqlangan joy va ularning sirlari bilan tanishib, tanangizni junbishga keltirishga tayyormisiz?
1. Shimoliy Sentinel oroli, Hindiston

Hindistonning Bengal ko‘rfazidagi Sentinel orolida yashovchi sentinel qabilasi 60 ming yildan ortiq vaqt davomida eng yakkalanib yashovchi qabilalardan biridir. Ushbu olis orolni o‘rganishga urinishlar natijasida ba’zi sentinel a’zolari zamonaviy kasalliklarga chalinib, son jihatdan ancha kamaygan.

Nima uchun Shimoliy Sentinel oroliga borish taqiqlangan?
- Hindistondagi eng tajovuzkor qabila deb tan olingan sentinel xalqi begonalarga hujum qilishi bilan mashhur.
- Orolga yaqinlashish yoki aloqa o‘rnatishga urinishlar bir necha bor o‘lim bilan yakunlangan. Masalan, 2006 yilda ikki baliqchi, 2018 yilda esa noqonuniy ravishda orolga kirgan amerikalik missioner o‘ldirilgan.
- Sentinel xalqi zamonaviy kasalliklarga nisbatan hech qanday immunitetga ega emas. Hatto oddiy shamollash ham ular uchun o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda ushbu orol tashqi odamlar uchun butunlay yopilgan hudud hisoblanadi. Hindiston hukumati orol atrofidagi 10 km masofaga yaqinlashishni ham taqiqlagan.
2. 51-hudud, AQSH

1955 yildan beri 51-hudud dunyodagi eng sirli manzillardan biri sifatida tanilgan. AQSH havo kuchlarining sinov maydoni sifatida e’lon qilingan bu joy haqida 2013 yilgacha biror marotaba rasman tilga ham olinmagan edi. Shu sababli ham bu hudud atrofida ko‘plab fitna nazariyalari paydo bo‘lgan. Bu yerda nima qilinayotgani aniq emas, ammo ko‘pchilik hududda jiddiy tadqiqotlar olib borilayotganiga ishonadi.
1947 yilda Nyu-Meksiko shtatidagi Rozuell shahri yaqinida osmondan noma’lum jism qulaydi. O‘shanda hukumat bu uchar jism ekanini ma’lum qiladi. Oradan vaqt o‘tib esa bu yerdan uchirilgan texnika bo‘lgani aytiladi. Bayonotlardagi bunday ikki xillik odamlarda shubha uyg‘otadi va turli nazariyalarni keltirib chiqaradi. Ulardan biri maxfiy 51-hudud edi.

Nima uchun 51-hududga borish taqiqlangan?
- U qattiq qo‘riqlanadi va ruxsatsiz kirgan har qanday shaxs katta jarimaga tortilishi yoki bir yildan ortiq muddatga qamoqqa olinishi mumkin.
- Hududda kuchli xavfsizlik, kuzatuv tizimi, ogohlantiruvchi belgilar va harakat sensorlari o‘rnatilgan.
- 2019 yilda Facebook’da “51-hududga kiramiz” heshtegi ostida harakat boshlangan va unga 2 milliondan ortiq odam ishtirok etishga va’da bergan. Ammo amalda bir nechtagina odam kelgan va ular tezda harbiylar tomonidan olib ketilgan.
Aslida bu joyda milliy xavfsizlik bilan bog‘liq maxfiy harbiy tadqiqotlar olib borilishi ehtimoli yuqori.
3. Sin Shi xuandi qabri, Xitoy

Keyingi manzilimiz – Xitoyning Xi’an viloyatida joylashgan qadimiy qabriston. 1974 yilda ochilgan bu hududda hayotiy o‘lchamdagi minglab terrakota askarlari topilgan. Ular Xitoyning birinchi imperatori Sin Shi xuandining qabri oldida ko‘milgan va uni himoya qilishi uchun yasalgan haykallardir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur 8 mingdan ortiq haykal taxminan 700 ming ishchi tomonidan 40 yil davomida yasalgan. Qabr atrofidagi hudud sayyohlarga ochiq bo‘lsa-da, imperatorning haqiqiy qabri hozirgacha hech kimga ochilmagan. Hatto arxeologlarga ham qazish ishlari olib borishga ruxsat berilmagan.

Nega Sin Shi xuandi qabri taqiqlangan?
- Hukumat bunday qadimiy yodgorlikka zarar yetishidan xavotirlanib, arxeologik ishlarni cheklagan.
- Ba’zi manbalarga ko‘ra, qabr ichida turli qopqon va tuzoqlar mavjud, bu esa uni ochishga harakat qilganlar hayotiga xavf solishi mumkin.
Shu sababli, Xitoyning birinchi imperatori maqbarasi sirli holatda saqlanmoqda va hech kim unga yaqinlasha olmaydi.
4. Ilonlar oroli, Braziliya

Dunyoning eng xavfli orollaridan biri – Braziliyadagi Ilonlar oroli. U yerda 4 mingdan ortiq turdagi zaharli ilonlar yashaydi. Ularning zahri to‘qimalarni tezda yemiradigan darajada kuchli. Shuning uchun bu orol dunyodagi eng xavfli joylardan biri sifatida tan olingan va bu yerga hech bir sayyoh yoki mahalliy aholi bora olmaydi.

Faqatgina maxsus ruxsatga ega tadqiqotchilar qat’iy nazorat ostida tashrif buyurishlari mumkin. Hatto ularga ham malakali shifokorsiz orolga tashrif buyurish mumkin emas.
5. Parij katakombalari, Fransiya

Muhabbat shahri Parij ostida 6 milliondan ortiq odam suyaklari bilan to‘ldirilgan 273 km uzunlikdagi qorong‘i tunnellar yotibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab tosh konlarini mustahkamlash uchun qurilgan bu katakombalar keyinchalik qabristonlar to‘lib ketgani bois murdalarni saqlash joyiga aylantirilgan. Bu joy qorong‘i o‘tmishi, qo‘rqinchli tuzilishi va xatarli holati tufayli dunyodagi eng taqiqlangan hududlardan biri hisoblanadi.

Nega Parij katakombalarini tomosha qilish taqiqlangan?
- Ushbu tunnellarning faqatgina 1% qismi jamoatchilikka ochiq, qolgan qismida ko‘plab nurash xavfi yuqori bo‘lgan yo‘laklar mavjudligi bois yopiq.
- Ichkarida minglab odam tana va bosh suyaklari taxlab qo‘yilgan bo‘lib, ularning barchasi sovuq va qorong‘i muhitda saqlanadi.
6. Uittenum, Avstraliya

Bir vaqtlar yirik kon shaharchasi bo‘lgan Uittenum – hozirda dunyodagi eng xavfli va yopiq joylardan biri. U yerda ilgari asbest (silikat sinfidagi nozik tolali minerallarning umumiy nomi) qazib olingan va bu moddalar havoga tarqalishi oqibatida minglab odam hayotdan ko‘z yumgan.

Shahar asbest bilan ifloslangan havo tufayli 1970 yillarda hukumat tomonidan bosqichma-bosqich yopilgan. Bugungi kunda u to‘liq tashlab ketilgan, xaritalardan ham o‘chirilgan va yo‘l belgilarida ko‘rsatilmaydi. Bu xavfli joy “Avstraliyaning Chernobili” deb nom olgan.
7. Povelya oroli, Italiya

1793 yilda qora o‘lat (vabo) epidemiyasi paytida kasallanganlarni karantin qilish uchun foydalanilgan bu orolga hozirda borish butunlay man etilgan. 160 mingdan ortiq odam aynan shu yerda vafot etgan.

Orol tuprog‘i hali ham inson qoldiqlari bilan aralash bo‘lishi mumkin. 1920 yillarda orolda ruhiy kasallar uchun shifoxona tashkil etilgan bo‘lib, bemorlar ahvoli yomonlashgan.

Bugungi kunda orol butunlay tashlab ketilgan va go‘yoki “arvohlar tomonidan bosib olingan”. Hatto orol sohillariga chiqib qoladigan inson suyaklari haqida afsonalar ham mavjud.
Dunyo sir-sinoatlarga to‘la. Ushbu taqiqlangan joylar insonlar qiziqishini kuchaytiradi, ammo ularning yopiq holda qolishi ko‘pincha atrof-muhitni saqlash, madaniyatni himoya qilish yoki xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘ladi. Ko‘pchilik kamma’lum manzillarni kashf qilishni xohlasak-da, ba’zi sirlar abadiy sirligicha qolishi hammaga yaxshi. Zero, ayrim joylar haqiqatdan ham muqaddas va daxlsiz bo‘lishi kerak.


