Umra – Makkaga qilinadigan muqaddas ziyorat bo‘lib, kichik haj amali hisoblanadi. Quyida Umra safari narxlari, viza olish talablari va usullari, shu bilan birga, muhim sanalgan ayrim ma’lumotlar keltiriladi.
Kimlar Umraga borishi mumkin?
Umra ziyoratini amalga oshirish uchun aniq va qat’iy belgilangan talab hamda kvotalar mavjud emas. Buni moliyaviy erkin, qarzi bo‘lmagan, ham jismonan, ham ruhan sog‘lom musulmonlar ado etish imkoniga ega. Lekin homilador ayollar, immuniteti zaif yoki surunkali kasalligi bor odamlarga ziyoratni kechiktirish tavsiya qilinadi.
Shuningdek, Umra ziyorati uchun aniq sanalar va narxlar belgilanmagan, ammo Saudiya Arabistoni faqatgina guruh bilan ziyoratlar uchun viza beradi. Safarni guruh bilan birga O‘zbekiston musulmonlari idorasi yoki sayyohlik agentliklari orqali tashkil etish mumkin.
Qancha xarajat ketadi?
2024 yil 10 yanvardan e’tiboran O‘zbekiston musulmonlari idorasining Haj va Umra markazida Umra xizmatlari narxi bir kishi uchun 16 600 000 so‘m etib belgilangan. 11 kunlik paket ushbu xizmatlarni o‘z ichiga oladi: Toshkent – Jidda, Jidda – Toshkent aviachiptasi, mehmonxona, avtobus, 3-4 kishilik xona, 3 mahal ovqat, Qizil dengizga sayohat, doimiy ishchi guruhi bilan Fatvo markazi mutaxassisi, shifokorlar, guruh rahbari.
Tur agentliklar orqali ham sayohat qilish mumkin bo‘lib, ular narxlarni tarif bo‘yicha kiritilgan xizmatlar asosida qo‘yadi.
Masalan:
- 14 kunlik standart paket 1100-1350 AQSH dollariga – viza, mehmonxona, transfer, aviachipta (aviakompaniya tanlash imkoniyatisiz), nimcha, 5 litr zam-zam suvi, shifokor xizmati, 2-3 mahal ovqat, guruhboshi.
- 15 kunlik komfort paket 1400-2500 AQSH dollariga (Ramazon oyida nisbatan qimmat) – viza, qulayroq mehmonxona, transfer (tezyurar poyezd), aviachipta (aviakompaniya tanlash mumkin), nimcha, 5 litr zam-zam suvi, shifokor xizmati, 2-3 mahal ovqat (Ramazon oyida saharlik va iftorlik), guruhboshi. Narxlar onlayn e’lon platformasi ma’lumotlari asosida keltirilgan.
Musulmonlar idorasi yoki turoperatorlar orqali safar qilganda ayrim farqlar mavjud. Masalan, Musulmonlar idorasi bilan faqat Uzbekistan Airways orqali parvoz qilish va safarda faqat avtobus xizmatidan foydalanish mumkin. Aksincha, tur agentliklar bilan safar qilganda aviakompaniya va Saudiya Arabistonidagi transport turini (poyezd, avtobus) tanlash mumkin.
Viza qanday olinadi?
Umra vizasi ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoniga qonuniy kirish va qolish imkoniyatini yaratadi. Bu esa ularga ibodatlarini tinch va xavotirsiz ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi. 18 va undan katta yoshdagi har qanday musulmon Umra vizasiga ariza bera oladi. 18 yoshdan kichik shaxslar esa voyaga yetgan vasiy orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Viza olish jarayonini sayohatni amalga oshirayotgan turistik kompaniyalar amalga oshiradi va buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- To‘ldirilgan ariza shakli – turistik agentliklar orqali to‘ldiriladi;
- Amaldagi pasport – ariza topshirish sanasidan boshlab kamida 6 oy amal qilishi kerak. Bunda o‘zbekistonliklar uchun chet elga chiqish pasporti talab etiladi;
- Yangi tushirilgan surat – oq fonda 3×4 o‘lchamda olingan rangli fotosurat;
- Qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar – ayollar va bolalar o‘z erkak vasiylari (qonuniy nikohdan o‘tgan turmush o‘rtog‘i, mahram) bilan safar qilsa, nikoh yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini taqdim etishi zarur. Barcha yo‘lovchilar vasiy bilan bir reysda bo‘lishi shart;
- Ruxsat xati (ayollar uchun) – 18-65 yosh oralig‘idagi ayollar guruh tarkibida mahramsiz sayohat qilsa, mahram tomonidan berilgan ruxsatnomani taqdim etishi kerak;
- Tasdiqlangan qaytish chiptasi – qaytish reysining oldindan bron qilinishi talab etiladi.
Umra vizasi 90 kungacha faqat bir martalik kirish uchun amal qiladi. Viza rasmiylashtirilgach, tashkilotchilar elektron vizaning nusxasini qog‘oz shaklida taqdim etadi. Ushbu hujjat bilan ziyoratchi sayohatga chiqadi.
Umra yil davomida amalga oshirilishi mumkin. Ob-havo va odamlarning sonini inobatga olgan holda eng qulay sanalarni tanlash kerak. Lekin bu jihatdan qulay fasl Saudiya Arabistonida noyabrdan fevralgacha kuzatiladi. Ramazon oyida ham Umra qilish ajoyib, biroq odam gavjum bo‘lishi mumkin. Shuning uchun nisbatan issiq ob-havo sharoitida yetarli miqdorda suv ichish va ibodat paytida yengil tamaddi qilish uchun yegulik olish tavsiya etiladi. Muntazam yuvinib, jamoat joylarida qo‘llarni dezinfeksiya qilish vositalaridan foydalanish ham tavsiya qilinadi. Muhim maslahat – muqaddas joylarga kirish va Umra marosimlarini ado etish uchun Nusuk kabi mobil ilovalar orqali maxsus ruxsatnoma olish ham zarur.