2024 yil yakunlari bo‘yicha tabiiy ofatlardan ko‘rilgan umumiy zarar 20 foizga o‘sib, 320 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Germaniyaning Munich Re sug‘urta kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, shu tariqa 2024 yil kuzatuvlar boshlangan 1980 yildan beri zarar hajmi bo‘yicha beshinchi o‘ringa chiqdi.
“Iqlim o‘zgarishi o‘z “tishlarini” ko‘rsatmoqda – dunyo haroratning ko‘tarilishi oqibatida kuchli dovul, bo‘ron va toshqinlar bilan yuzlashmoqda”, deyiladi hisobotda.
Germaniya kompaniyasi 2024 yilni eng issiq yil deb hisoblamoqda – harorat 1,5°C ga oshgan. Ushbu sharoitda ko‘rilayotgan zararning aksariyat qismini tabiat hodisalari keltirmoqda, ularning ko‘lami hattoki zilzilalardan ham oshib ketmoqda. Munich Re o‘tgan yil davomida barcha tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar miqdorini 320 milliard dollarga baholagan. Bu 2023 yilga nisbatan 19,4 foiz ko‘p (268 milliard dollar inflyatsiya hisobga olingan holda). Umumiy zararning 140 milliard dollari sug‘urtalangan mulk bo‘yicha hisoblangan. 2023 yilda esa bu ko‘rsatkich 106 milliard dollarni tashkil qilgan. Sug‘urtalangan zarar hajmi bo‘yicha 2024 yil kuzatuvlar tarixida uchinchi, umumiy zarar hajmi bo‘yicha esa beshinchi o‘rinni egallagan.
O‘tgan yili tabiiy ofatlar barcha yo‘qotishlarning 93 foizini tashkil qilgan. Ushbu hodisalar oqibatida jami 11 mingga yaqin odam halok bo‘lgan.
Toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari va bo‘ronlardan ko‘rilgan moddiy zarar 136 milliard dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda biroz pastroq (143 milliard dollar), ammo so‘nggi 10 yil ichidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori (110 milliard dollar). Tropik siklonlardan (dovul, tayfun va boshqalar) ko‘rilgan zarar 135 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning katta qismi – 105 milliard dollari AQSHga tegishli. Eng katta zarar “Helen” va “Milton” dovullari yetkazgan. “Helen”ning shamol tezligi soatiga 225 kilometrga yetib, 56 milliard dollar zarar keltirgan. “Milton” esa 200 km/soat tezlikdagi shamollar bilan 38 milliard dollar zarar yetkazgan.
Mutaxassislar 2024 yilning uchinchi eng katta zarar keltirgan tabiiy hodisasi sifatida 1 yanvar kuni Yaponiyada sodir bo‘lgan zilzilani qayd etgan. Magnitudasi 7,5 ball bo‘lgan bu zilzila oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, moddiy zarar 15 milliard dollarni tashkil etgan. O‘tgan yili eng ko‘p inson hayotini olib ketgan tabiiy hodisa esa “Yagi” tayfuni. Ushbu tayfun Filippin, Xitoyning Xaynan provinsiyasi va Vetnamning shimoliy hududlariga zarba berib, 850 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Ushbu tayfunning moddiy zarari 14 milliard dollarga baholangan.
“Oddiy fizika – harorat qanchalik baland bo‘lsa, suvning bug‘lanishi shunchalik kuchli bo‘ladi va atmosferaga ko‘proq energiya chiqadi. Sayyoramizning ob-havo tizimi tezlashmoqda. Bunday sharoitda hammamiz “buzilgan” tabiat uchun badal to‘layapmiz. Bu ayniqsa, tabiiy ofatlar xavfi yuqori hududlarda yashaydigan va ularga qarshi kurashish uchun yetarli moliyaviy yordamga ega bo‘lmagan odamlar uchun og‘ir kechmoqda”, dedi Munich Re iqlim o‘zgarishlarini kuzatish bo‘yicha rahbari Tobias Grimm.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Komissiyasi tomonidan boshqariladigan "Kopernik" doimiy Yerni kuzatish dasturi 2024 yil kuzatishlar boshlangandan beri eng issiq yil bo‘lganini ma’lum qilgandi. O‘rtacha global harorat 15,10 darajani tashkil etgan, bu 1991-2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,72 darajaga va o‘tgan rekorddagi eng issiq yil 2023 yilga nisbatan 0,12 darajaga yuqori.