image0

Iqlim o‘zgarishi sababli Arktika hududi tezlik bilan isiyapti va muzliklarning erishi oqibatida yuz yillab muz ostida uyquda bo‘lgan xavfli mikroblar yuzaga chiqmoqda. Ushbu mikroblarga zamonaviy odamning immuniteti yo‘q. Bu haqda BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) va Xalqaro ilmiy kengash tomonidan tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.

Hisobotda Arktikada erib ketayotgan abadiy muzliklarning oqibatlari, jumladan, xavfli kasalliklarning tarqalishi va sayyoraga yetkazadigan salbiy ta’siri haqida so‘z yuritilgan. 

“Bu mikroblar hozircha abadiy muzlikda bo‘lgani sababli ularning qanchalik keng tarqalishi yoki xavfli ekanini aytish qiyin. Ammo xavotirlanish uchun asoslar bor”, deydi UNEP'ning bosh ilmiy xodimi Andrea Xinvud.  

Qayd etilishicha, 2016 yilda Sibirning Yamal yarimorolidagi favqulodda issiq yoz paytida Sibir o‘lati bakteriyasi 2500 dan ortiq bug‘ularning o‘limiga sabab bo‘lgan. Tadqiqotga ko‘ra, bu patogen ilgari abadiy muzlik ostida uyqu holatida saqlangan bo‘lsa-da, oxir-oqibat insonlarga ham tarqalib, 12 yoshli bolakayning hayotiga zomin bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu hodisani kelajakdagi xavfli voqealarning ogohlantiruvchi belgisi deb hisoblamoqda. 

“Environmental Sustainability” jurnaliga ko‘ra, Arktika boshqa hududlarga nisbatan to‘rt barobar tezroq isimoqda. Buning ortidan har yili muzliklardan to‘rt sekstillion mikrob yuzaga chiqmoqda. Bundan tashqari, abadiy muzliklarda taxminan 1500 gigatonna uglerod mavjud bo‘lib, bu atmosferadagi uglerod miqdoridan ikki baravar ko‘p. Muzliklar erigan sari uglerod uglerod dioksid yoki metan shaklida atmosferaga chiqadi va global isishni kuchaytiradi. Bu esa yanada ko‘proq muzliklarning erishiga olib keladi. 

Xinvudning bildirishicha, xalqaro hamjamiyat global isishni keltirib chiqaradigan issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishi kerak. Bundan tashqari, mamlakatlar eriyotgan abadiy muzliklarni kuzatib borishi va ularda yashayotgan mikroblar turlarini xaritalashga sarmoya kiritishi lozim. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022 yilda qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq 2025 yil “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” deb e’lon qilingan edi.