— Xotinim chatoq chiqdi, chatoq, — dedi o’ziga o’zi To’ravoy boshini changallagancha. — Shu ham hayotmi? Qanday chidash mumkin? Ishqilib sabrimga ko’z tegmasin.
Bu xotin erning ko’ngliga qarash, kayfiyatini ko’tarish degan narsani hech bilmadi bilmadi-da.
Mana, tunov kuni uyga juda charcha-ab keldim. O’ziyam to’rtmi, beshmi bekat yo’lni piyoda bosdim-ov. Aslida biz tomonga mashina yurmaydi emas. Ulovi bor yaramaslarning birontasi ham to’xtamadi. Bittasi sal sekinlashgan edi-yu, mastligimni sezib, «gaz»ini bosib ketdi. Lekin men ham anoyilardanmasman. Haydovchini tanib qoldim. Baribir qo’limga tushasan-ku! Xullas, xotinim eshikni ochdi va indamay uyga kirib ketdi. Tarbiya ko’rmagan. Salom yo’q, alik yo’q. Bir pachag’ini chiqaray dedimu, o’zimni bosdim. Er degan maxluq, oila boshlig’i keldi deyish qayda? Qiynalmay keldimmi, kayfiyatim qanday, ayni paytda nimani xohlayapman?.. Bular bilan umuman ishi yo’q. Ko’zimga qaragisi ham kelmaydi. To’g’risi, o’zimam ichvolgan odamning ko’zi tugul, o’ziga ham qaragim kelmaydi. Ana, yaqinda tug’ishgan ukam ichvolib qo’ng’iroq qilganida «O’zingga kelganingdan keyin gaplashamiz» deb shartta go’shakni qo’ydim. Aslida kayfim oshsa, telefonimning puli tugamaguncha o’zimam tinmasdan tanish-bilishlarga sim qoqaveraman. Lekin men, men… haligi… a, kattaman-da. Faqat zarur ish bilan qo’ng’iroq qilsam kerag-ov. Ochig’ini aytay, ertasiga bironta suhbatni eslay olmayman. Ana, yana o’tlab ketdim.
Uyga kirsam, xotin bolalarning dars tayyorlashiga qarashayapti. Ha bu kap-katta bolalarni tinch qo’y. Mustaqil bo’lishsin. Mayli, kichkinasi 1-sinfda. Kattasi-chi? 3-sinfda-ya. Qadim zamonlarda o’n yoshligida mamlakatni boshqargan bolalar bo’lgan. U bolaning kimligi hozir aniq esimda yo’q. Xullas, erkin bo’lishga, ulg’ayishga imkon berish kerak yoshlarga. To’g’ri, xotinim hash-pash degunimcha indamaygina choy-poyimni tayyorlab berdi. Lekin bir og’izam shirin so’z qilmadi. A-a, bizda ham ko’ngil, yurak bor. Yaxshi kayfiyat bilan yeyilgan ovqat tanga shifo bo’lishini bizam bilamiz.
Yana bir gap. Qachon qarama, xotinimdan yo mol-hol, yo dog’lanmagan moy hidi keladi. Nahotki shuni o’zi sezmasa? Masalan, men hidi o’tkir narsalarga juda sezgirman. Biron ziyofatda quyilgan aroq hididan uning narxi va qaysi do’kondan olinganini bilaman. Talantimga o’zimam qoyilman. Ehtimol, o’zingdan ham aroq hidi keladi dersiz? Ana, xorij kinolarida qadah ko’tarib yurgan erkaklar atrofida chiroyli ayollar parvona bo’lib yuradi-ku. Nega bizda unday emas? Yo bu shunchaki kinomikan-a?
Xotinim menga ko’pincha «Nega buncha ko’p ichasiz?» demoqchi bo’lgandek tuyuladi. Bu befarosat bilmaydiki, men shu paytgacha biron marta o’zim uchun ichmadim. Hamisha oilam, jamiyat, insoniyat, kelajak uchun ichaman. Bolalar, qarindoshlar, ota-onalar sog’lig’i va baxtini ko’zlab qadah ko’taraman. Hatto yetti yot begonalarga ham sog’liq tilayman.
Ba’zilarning meni orsiz deganlarini eshitganman. Bo’lmagan gap! Orim juda kuchli. Tekinga yoki chaqirilmagan ziyofatda umuman ichmayman. Faqat o’z pulimga. Xotinim topgani ham oilamizniki, demak, meniki.
Keyingi paytlarda meni issiq-sovuq qilishgan bo’lsa kerak degan taxminga borayapman. Aks holda bunday xo’rlanishlarga, berahm, befahm va bemehr ayolga jimgina chidab o’tirolmasdim…
E-e, mayli, bir gap bo’lar, boshim ham g’ovlab ketdi. Oilam, butun olam tinch bo’lsin. Qani, qani…
To’lqin Jumanazarov,
xabar.uz