«XAY-XAY TV». ERTANGI TELEDASTURLAR… (Ikkinchi qism)

 

04: 00 da: Oyparastlar uchun «Osmondagi oyimdan, tomorqadagi loyimdan» ko’rsatuvi;

05: 00 da: Farg’ona vodiysi nonvoylari faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Ustoz-shogird» turkumidan «O’v, tandirni qizitmabsan-ku, qizitaloq! Bir urib chalpak qip qo’yaymi?» deb nomlangan telefilm efirga uzatiladi;

06: 30 da: Ko’p xotinli erkaklar uchun «Imperator» ko’rsatuvi;

08: 00 dan 10: 00 gacha tanaffus;

10: 00 da: «Anjancha salomlashamiz» ruknidagi navbatdagi ko’rsatuv efirga uzatiladi. «Ikki do’st uchrashuvi»

«— Vey, ming yo’l bo’ldi-yov ko’rishmaganimizga!.. Qalaysan, haromi?..»

«— Yaxshiman. O’zing-chi, iflos?..»

Ko’rsatuv davomida xuddi shu salomlashishning salomatlik va odamlar o’rtasidagi mehr-oqibatga ta’siri xususida so’z yuritiladi.

11: 00 da: Qashshoq va yurak kasaliga yo’liqqanlar talabiga ko’ra, «Eshiklar yopiladi, keyingi mehmon gazchilarmish» ko’rsatuvini tomosha qilasiz;

12: 45 da: Jamiyat uchun illat hisoblanmish fohishabozlikka qarshi kurash doirasidagi «Tungi kapalak — bu arvoh kapalak» ko’rsatuvi;

13: 45 dan 18: 00 gacha profilaktika;

18: 00 da: Havaskor shoira Oybegim Quyoshbek qizi o’zining «Hm-m… Savil-ey» deb nomlangan yangi she’rini she’riyat muxlislariga havola etadi;

18: 30 da: Qandli diabet xastaligini bartaraf etish masalasiga bag’ishlangan «Shakarim» ko’rsatuvi efirga chiqadi. Ko’rsatuvda tibbiyot fanlari nomzodi Asalxon Orzuqilovna ishtirok etadi;

19: 30 da: «Siz uy hayvonlarini sevasizmi?» ko’rsatuvini tomosha qiling. Ko’rsatuvni xorijlik yetuk mutaxassis Kim Sen It xonim olib boradi;

20: 30 da: «Suvaraklardan qanday qutulay?..» Bu ko’rsatuvda professor Stas Saranchayevning qimmatli maslahatlarini tinglaysiz.

22: 00 da: Otarchilar hayotiga bag’ishlangan «Tomsuvoqqa xushim yo’q» tahliliy ko’rsatuvini e’tiboringizga havola etamiz. Ko’rsatuv davomida aynan otarchilarimizning jonli qo’shiqlaridan ham tinglash baxtiga musharraf bo’lasiz.

01: 00 da: Uyqusizlik kasaliga yo’liqqanlar uchun «Xayrli tong, xayrli tong va yana xayrli tong… Yoki Olimtoy, qo’radagi qo’ylar nechtaykin?» hajviy telejurnalimizni miriqib tomosha qiling.

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi «Telegramm» dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t. me/olimjonhayit