«Umar» teleseriali keyingi paytlarda omma og’ziga tushib, haddan oshiq shov-shuvga sabab bo’ldi, turli ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Qizg’in bahs va munozaralarni qo’zg’agan mavzulardan biri sahobalar rolini filmlarda o’ynashdir. Bu masala xilofli masalalardan bo’lib, fiqhiy akademiyalarning aksari bunga ruxsat berishmaydi. Shuningdek, ayollarning, garchi tor doirada, iboli kiyimda bo’lsa ham rollarda qatnashishi, ba’zi tarixiy tafsilotlar, rol ijro etuvchi aktyorlarning shaxsiy hayotlari (binobarin, bunday rollarni o’ynashga loyiq-loyiq emasliklari) – ko’plab munozaralarning diqqat markazida bo’ldi.
Ushbu teleserial ishini kuzatish va baholash qo’mitasi (men bu qo’mita a’zolaridan biri edim) yozilgan ssenariyni sinchiklab o’qib, undan so’ng, ishlanayotgan telelavhalar ssenariyga nechog’li to’g’ri kelayotganini tekshirishga e’tibor qaratdi.
Teleserial badiiy asarga aylanib, film bo’lib chiqa boshlagach, qo’mita bu boradagi munozaralarga ko’p ham e’tibor berib o’tirmadi. Negaki, bevosita shariat boshidan o’zgarmas, aniq va muayyan buyruq kelmagan ekan, odamlar ixtilofga borishga, o’z fikrlarini shariat doirasida bildirishga haqlidirlar. Bu xususda qo’mita boshlig’i shayx Qarazoviy dunyoda bo’layotgan o’zgarishlarni e’tiborga olib, maydon turli buzuq niyatli kishilar qo’lida qolib ketmasin degan fikrda ilgari man qilib kelgan (sahobalar rolini ijro etib bo’lmaydi, degan) fikrni o’zgartirishga qaror qildi. Zero, mazkur takrorlanmas avlod (sahobalar avlodi)ga yovqarash bilan qaraydigan yomon niyatli ba’zi kuchlar bu borada turli katta-katta seriallar tarqata boshlagan edi, boz ustiga, butun dunyoda ulg’ayib kelayotgan yoshlarga seriallar, sahna asarlarining ta’siri katta ekanligi barchaga ayon.
Bunga qo’shimcha, shar’iy fatvo hay’atlari, fiqhiy akademiyalar Turkiya, Janubiy Amerika yoki Koreyadan kelayotgan ko’plab teleseriallarni namoyish etishning oldini olib, man qila olmadilar, jamiyatimiz bunday teleseriallarni turli mahalliy va xorijiy kanallar orqali tekshiruv-nazoratsiz, g’alvirdan o’tkazmay shundayicha qabul qiladigan, oshiqib istiqbol etadigan tayyor iste’molchiga aylandi.
Voqeligimiz shunday holga kelib qoldiki, kino sohasida ish yuritish istagida bo’lgan o’tkir nigohli, ummat g’amini yeydigan qobiliyatli ixlosmand kishilar o’zlarini chetga tortdilar, sarmoyadorlar ham bu maydonga sarmoya yotqizishdan tislana boshladilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlaridek «She’r – arablar devoni», ular hayotini aks ettiruvchi ko’zgu bo’ladigan bo’lsa, sahna asari – dunyo xalqlari aksarining ko’zgusi bo’lib kelgan va shunday bo’lib qolmoqda, ularning hayotdagi turli urf-odatlarini, muammo va kamchiliklarini yoritib, turli orzu-umidlarni, og’riq-tashvishlarni ko’rsatib bermoqda, keng auditoriyaga namoyon etmoqda.
Film shunday bir ta’sirli baynalmilal tilga aylandiki, fikrni yetkazishda, o’zgartirishda, ommaviy fikr yaratishda unga yetadigani yo’q bo’lib qoldi. U nafaqat ovozga, balki barcha sezgi a’zolariga tayanadi, insonga butun vujudi-la xitob etadi, bir vaqtning o’zida kishini ham dam oldiradi, ham hissiyotlarini jo’sh urdiradi, ham ta’lim beradi.
Xitoyliklarda shunday maqol bor: «Menga so’zla, yodimdan chiqib ketadi. Menga ko’rsat, eslab qolishim mumkin. Meni qatnashtir, yodlab qolaman».
Bu yerdagi «yodlash» faqat miyada saqlash emas, balki qalbu aqlga o’yilgan belgidirki, o’chirish amrimahol bo’ladi.
Tomoshabin – film ishtirokchisidir: barcha tafsilotlarga beixtiyor qo’shilib ketadi, hodisalarni lahzama-lahza boshdan kechiradi, kuladi, yig’laydi, ta’sirlanadi, hissiyoti ortadi, ba’zan nafratlanib, g’azablanadi, ba’zan rozi bo’ladi… Shu tarzda har doim film ichiga singib, o’ynalayotgan rollar oldida ekanini butunlay unutadi, o’zini hayot jangohining qoq o’rtasida his etadi.
Tomoshabin ishtirokchidir, binobarin, badiiy ishning muvaffaqiyat qozongani yoki aksi, muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga baho berishga haqlidir, hatto, o’zining sermazmun fikrlari, rollarni o’qish va uqish orqali, film falsafasini, ko’zlagan maqsad va oldinga surgan g’oyalarini chuqur tahlil qilish orqali badiiy ish (film)ni yanada mazmunliroq, maroqliroq, jozibaliroq qilishga qodirdir.
Yigit-qizlar teleseriallar orqali o’ziga xos romantik va boshqa hissiyotlarga qo’shimcha, turli sarguzashtlar, kutilmagan ishlar uchun o’zlarida ilhom topmoqdalar, teleseriallar ta’sirida hayotlari ba’zan butunlay o’zgarmoqda.
Ba’zi seriallar qo’yilayotganda turli davlatlarda ba’zan ko’chalarning bo’m-bo’sh, kishidan xoli bo’lib qolayotgani, televizorga qadalib ko’z qoqmay o’tirganlar soni millionlab bo’lib ketayotgani ko’pchilikka ma’lum…
«Inception» filmiga ketgan xarajat 169 million dollar ekani, uning hozirgacha qilgan foydasi 825 millionga yetgani hech kimga sir emas. Hayot tush kabidir, degan g’oyani falsafiy ravishda ilgari surgan bu film dunyoning turli yerlarida ko’rsatildi.
Shuningdek, «Avatar» filmi ham xarajati 237 million bo’lib, keltirgan foydasi 2 milliard 700 milliondan oshib ketdi, hozirga dovur eng ko’p ko’rilgan filmlar qatorida turibdi, uch marta Oskar mukofotini qo’lga kiritdi.
Uganda haqida, urush boshida turganlar haqida hikoya qiluvchi «Kony» hujjatli filmini 500 ming tomoshabin ko’rsa o’zini oqlar edi, deb turishgan bir paytda, 2012 yil oxiriga kelib mazkur film 75 million tomoshobinga ega bo’ldi.
Denzel Vashington, Bred Pitt, Tom Henks va hokazo Hollivud yulduzlarining shuhrati prezidentlar shuhratidan o’tib ketdi, Hindistondagi Bollivud kinolari va yulduzlarining pullari 100 yil ichida barcha sarmoyalar ichida eng katta sarmoya deb e’lon qilindi.
Ishlanayotgan badiiy ishlar, filmlar bir jug’rofiy hududga cheklanmayotir. Yoshlarning aksariyati g’arb kinolarini ko’radigan bo’lib ketishmoqda, telekanallar ham bu borada raqobatlashib, birinchi namoyish huquqi o’zlarida bo’lishi uchun behisob pullar taqdim etishmoqda. Telekanallar ko’plab tomoshabin orttirish niyatida ko’rsatuvlar, kinolarni rang-barang qilib yuborishgan.
Bir kuni internet saytlarida aylanib, turli filmlar qo’yilgan, yangi filmlarni reklama qiluvchi saytga kirib qoldim. Yigit-qizlarning ko’rilgan, ko’rilayotgan filmlar borasidagi taassurotlari, maslahatlar, kinoni baholashdagi fikrlarini o’qib shu narsaga amin bo’ldimki, turli telekanallarda, endi esa internetda qo’yilayotgan bu qadar behisob filmlar yosh avlod fikrlash tarzini, dunyoqarashini, tabiat-xarakterlarini yaratishda, o’ziga xos mentalitet hosil qilishda o’z ishini qilmoqda ekan. Ularning o’ziga xos bir o’zligini, shaxsiyatini yaratishda bevosita bo’lmasa-da, lekin juda faol ta’sir o’tkazar ekan, ularga yangi urflar, yangi odatlar (ba’zilari yaxshi, ba’zilari yomon) shakllab bermoqda ekan.
Tomoshabin ko’pincha filmda kechayotgan voqealar girdobida qolib, bu odatlarni g’alvirlash, sarasini sarakka, puchagini puchakka ajratishga, odob-axloq normalari asosida tahlil qilishga e’tibor bermaydi, natijada ko’z o’ngida takrorlanayotgan narsa oldida taslim bo’ladi-qo’yadi, o’sha odatni o’ziga singdiradi. Negaki, boshqa bir teledastur ro’parasida bir soat o’tira olmaydigan tomoshabin bunday filmlardan 7-8 tasini soatlab, hech zerikmay ko’ra oladi, beixtiyor unda berilayotgan fikrlar, ko’rinishlarga moyillik sezganini bilmay qoladi.
Keng jamoatchilik kiyim-kechak, turli tibbiy, ijtimoiy odatlar, aloqa-munosabatlar, xatti-harakatlar, so’zlar, istilohlar, marosimlar, balki fikrlaru hissiyotlar, sezgilaru dunyoqarashlar, nuqtai nazarlarda shunday qurshovli va chuqur ta’sir ostiga tushadiki, oddiy, primitiv vositalar bilan bunga qarshi tura olishning iloji yo’q.
Azaldan kishilar orasida ko’p nuqtalarda mushtarak, to’g’rirog’i, bir-biriga yaqin madaniyatlar mavjud bo’lgan va shunday bo’lib kelmoqda. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kelishlaridan oldin arablar urf-odatlari, madaniyati ichida forslar urf-odati ham, rumlarniki (vizantiyaliklarniki) ham, xitoylariniki ham, johiliy arablarniki ham mavjud edi. Islom bu urf-odatlardan faqat noto’g’ri va yomon ma’nolarga ega bo’lganlarinigina rad etdi.
Bashariyat – uzoq-uzoqlarga tarqab ketgan, madaniyatlari, hayot yo’llari turlicha, biroq tug’ma, o’zaro mushtarak insoniy tabiatga ega bo’lgan bitta oiladirki, buni har bir xalq o’zi o’sgan qadriyatlari, o’ziga xos merosidan kelib chiqib o’zicha ifodalaydi.
Sahna asarlari ta’siri muayyan bir jamiyatga cheklanmaydi. Masalan, «Masih iztiroblari» (The Passion of the Christ), Titanik, «Taqlidchi qushni o’ldirish» (To Kill a Mockingbird), «Yordam» (The Help) kabi asarlarning g’arb jamiyatlaridagi irqchilik (rasizm), qashshoqlik, bolalar va ayollarga zo’rovonlik kabi ijtimoiy muammolarni, shuningdek, Iroq, Afg’oniston, Falastin voqealari kabi siyosiy muammolarni, yoki tarixiy, aqidaviy masalalarni hal etishga yordami tegishini ko’pchilik inkor etmasa kerak.
Ta’sirlanish (ta’sirchanlik), ta’sir o’tkazish (ta’sirlilik) bir jamiyat ichida ro’y berishi tushunarli, tabiiy holat. Lekin, hududlaru chegaralardan o’tib, qit’alaru ummonlar osha kelgan begona madaniyatlardan ta’sirlanadigan, faqat iste’molchiga aylanib qolgan, o’zgalarga ta’sir o’tkazolmaydigan, o’z oliy qadriyatlarini taqdim eta (eksport qila) olmaydigan jamiyat bo’lib qolish juda ayblidir.
Ilgari imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh aytar edilar:
«Siyrat, tarixni o’rganish ko’p fiqhning o’rnini bosadi».
Tarixiy jihatdan olsak, «sahna asari» qadimgi yunonlardan kelgan san’at hisoblanadi. Lekin sharq, jumladan, arablar jamiyati ham ba’zi badiiy san’atlardan xoli bo’lmaganki, bu narsa kishilar hayotida san’atning muhimligini bildiradi. Masalan, «Soya teatri» deb ataluvchi janr yaqin-yaqingacha qo’llanib kelgan (bu janr – kelib chiqishi Xitoydan bo’lib, asosan, teridan qilingan qo’g’irchoqlarning harakati soyasi tomoshabinlarga taqdim etiladi. Abbosiylar davrida, taqriban 11-milodiy asrda arablarga kirib kelgan. Tarj.). Adabiy merosimiz ichida uchraydigan turli badiiy lavhalar, xilma-xil to’qima rivoyatlar, suhbatlar, musobaqalar to’plami shu sohaga kirib ketsa ham ajab emas.
Bu narsa bizni tarixiy sahna asarlari haqida so’zlash tomon yetaklaydi: dunyo tarixi, Islom tarixi, undagi ta’sir ko’rsatuvchi shaxslar tarixi, turli milliy, iqlimiy, siyosiy, mustamlakachilik kurashlaridagi yaqin tarixni ifodalovchi asarlar xususida to’xtalib o’tsak.
O’sib kelayotgan avlod mustamlakachilikka qarshi kurashgan xalq vakillari ichida Umar Muxtorni ko’proq taniydilar, shubhasiz, bunga o’sha voqealarni aks ettiruvchi sahna asari (film)ning ta’siri bor.
Iroq, Vetnam, Afrikada mustamlakachilik yurishlarini qilgan Amerika xalqlar zehniyatida o’zini yaxshi ko’rsatish uchun sahna asarlari (filmlar)dan foydalanishga urinib, buning uddasidan yaxshigina chiqa oldi, bunga, xususan, haqiqatni ochib beradigan boshqa puxta ishlangan asar (film)larning yo’qligi yordam berdi.
Sahna asarlardan yana bir janr bu – kishilarga tabassum ulashuvchi komediya janridir. Daniyada bir kishi komediya ko’rayotib, kulgining zo’ridan joni uzilibdi. Qarangki, uning xotini mazkur komediya ishlab chiqaruvchilariga tashakkurnoma yozgan ekan..
Qarang, hatto kulgining ham o’z o’rni, o’z vazifasi – tomoshabinga atalgan bir maktubi bor, ba’zan kuchli uslubda, ba’zan esa ishora tarzida bo’lsa-da, o’z ta’sirini ko’rsatmasdan qolmaydi.
Islomda har bir narsaning miqdori bor, shuning uchun Islom kulgidan qaytarmagan, payg’ambarlar kular edilar, tabassumda yurar edilar.
Tabassum – solih, amalli kishilar odatidir, «do’stingiz yuziga tabbassum(ila boqish)ingiz – sadaqadir».
Lekin kulgining ko’p bo’lishidan, hiring-hiringdan qaytariq kelgan. Imom Ahmad, Buxoriy (Adabi mufrad kitobida), Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda «Ko’p kulish qalbni o’ldiradi» deyiladi.
Bolalar o’qishdan ham ko’ra ko’proq vaqtni zangori ekran qarshisida: turli multfilmlar, anime-filmlar ko’rib, kompyuter o’yinlari o’ynab o’tkazmoqdalar.
Ishlab chiqaruvchilar bolalar hayot tarzini o’zgartirish uchun, ular orqasidan behisob pullar topish uchun eng zamonaviy texnikalardan nihoyatda taajjubli suratda, uddaburonlik bilan foydalanmoqdalar.
Keyingi yillarda internet rivojlanib, televizor ta’siri biroz kamaygan bo’lsa-da, bolalar uchun mo’ljallangan kanallar hanuz o’z o’rnini yo’qotgani yo’q, ularning fikrlarini, tillarini, hatto hissiyotlarini shakllantirishda internet bilan yelkama-elka raqobatlashib kelmoqda. Bolalar ba’zan ota-onalarning ogohlantirishlariga qaramay, jozibador multfilmlarni sevib tomosha qilishmoqda.
Texnika (zamonaviy texnika taraqqiyoti) betarafmi?
Qaydam..
Qaniydi bu taraqqiyotni hayotning ijobiy, ajoyib: ezgulikka intilish, sabr, g’ayrat, bag’rikenglik va hokazo oliy qadriyatlarni mustahkamlash uchun ishlata olsak… Yoki o’zaro ijobiy muloqot, hamjihatlik, beg’araz raqobat garovi bo’lgan hamda mehnat, muvaffaqiyat, binokorlik, ijodkorlikka undovchi Islomiy O’zlikni qo’llab-quvvatlashga yo’naltira olsak…
Bu texnika tushmagurni tashqi dunyoni yaxshi tushungan holda o’rganib, u bilan ijobiy muomalada bo’lib, undagi imkoniyatlardan keng foydalanish o’rniga o’zimizdan uzoq qilishimiz durust bo’lmaydi…
Har bir islomiy yurtga muborak Ramazon oyi o’zining ajoyib ruhoniy shukuhi bilan, betakror odatlari bilan kirib keladi. Afsuski, uning bu fayzu shukuhiga, bu ravnaqiga telekanallarda turli ijtimoiy, tarixiy sahna asarlarning to’lib-toshishi rahna solib turadi. Negaki, bularning aksari siyosiy jihatdan «harom» qilingan mavzulardan ko’ra, ijtimoiy, shariat harom qilgan narsalarga «hatlab» o’tishga bemalol jur’at qilgan, qadriyat va madaniyatning asari ham yo’q seriallar bo’ladi.
To’g’ri, ba’zan jiddiyroq, mavjud salbiy voqelikni o’zgartirishga uringan sahna asarlari ham uchrab turadi, (lekin yuqoridagilarga nisbatan bunday asarlar yo’q hisobida desa ham bo’laveradi).
Pirovardida, erkinlik cheklanganligi va iqtisodiy nochorlik muvaffaqiyat, yuksalish yo’liga g’ov bo’lib qolmoqda.
Katta asarlar bilan raqobatlasha oladigan, ta’sir kuchiga ega bo’lgan ishlar o’zimizda hali-hanuz dunyo yuzini ko’rgani yo’q.
Muvaffaqiyat qozonish uchun asarlar metin, o’zgarmas tamoyillar asosida ishlanishi shart emas. Garchi ular biz istagandek mukammal tarzda, yuqori saviyada bo’lmasa ham, ba’zan chet el filmlari o’rnini bosuvchi foydali o’rinbosar vazifasini o’tab, jamiyat islohida katta rol o’ynashi mumkin. Milliy, tarixiy yoki ijtimoiy mavzularda ishlangan, yetuk qadriyatlar, ijobiy xislatlarni ko’zlagan bunday asarlarning salbiy ta’sir etuvchi filmlar o’rnini bosa olib, ijobiy ta’sirga ega bo’la olishi kifoya.
Bu boradagi fiqhiy va shar’iy munozara-nizolar esa davom etaveradi, bu tabiiy hol. Ishlarga shar’iy baho berib, ma’qullash yo noto’g’ri deyish yoki o’zgartirishlar kiritish mumkin. Lekin bunday tortishuvlar hech qachon ishlarning to’xtab, qolib ketishiga sabab bo’lmasligi kerak.
Sahna asarlarini asosidan (tag-tugi bilan) bo’lmaydi, o’zi yolg’on-o’trikdan bo’lak narsa emas, deydigan ilmiy-shar’iy nazarlar ham yo’q emas. Ustozimiz shu fikrda bo’lib, boshqa ko’pchilik ulamolarga qarshi borgan edilar. Mazkur ulamolar esa «bu narsa shariatda kelgan zarbulmasallarga o’xshab ketadi», deb masala negizini inkor etmagan bo’lsalarda, lekin tamoyillarida, tafsilotida, «bunga tor doirada ruxsat etiladimi yo keng ko’lamda qo’llashga izn beriladimi» xususida ixtilofga borgan edilar.
Birinchi nuqtai nazardan kelib chiqadigan bo’lsak, unga ko’ra sahnalashtirish nari tursin, hayotda yuz bermagan, tarixiy bo’lmagan hikoya-qissalarni yozish ham durust bo’lmaydi.
Xulosa, fiqhiy munozaralar to’xtamaydi, uni cheklab o’tirishga ham hojat yo’q. Lekin hayot esa turli: iqtisod, siyosat, texnika, naqliyot (transport), fazogirlik, elektronika jabhalarida faqih aytayotgan so’zlarga qaraganda ancha keng, zudlik bilan jadallashmoqda.
Asar (film)lar ishlab chiqilgandan keyin ham ularni to’g’rilab, mukammallashtirish imkoni mavjud, zotan, rivojlanish, yuksalish, yaxshilash harakati hech qachon to’xtamaydi, quruqdan quruq inkor etib, ikki oyoqni bir etikka suqib olish hech narsa qilib bermaydi, og’riqli voqelikdan nolib o’tirish ham munosib muqobil taqdim eta olmaydi.
Bir narsa amalga oshishi uchun odamlar barchasi bir fikrda bo’lishlari lozim emas. Fikrlar turlicha bo’lishi tabiiy, ba’zilar eshiklarni chambarchas bog’lash tarafdorlari bo’lsalar, boshqalar ochilishini xohlaydilar, o’ksinish yo inkor qilish o’rniga maydonda o’z hissalarini qo’shishni afzal biladilar.
Bu borada tortishuv-nizolar gapdan amalga ko’chish uchun yoki aqalli, ezgu harakatlarni qo’llab-quvvatlash uchun bo’lmaydigan bo’lsa, bunday tortishuvlarga chek qo’ygan yaxshi. Shotibiy aytmoqchi, «amal ko’zlanmagan har qanday (quruq) masalani shariatda yaxshi deb hisoblashga asos yo’q». Hazrat Umar roziyallohu anhu «Amalga oshmaydigan haqni gapirishdan foyda yo’q» der edilar.
Sahna asari (film) atrofda yuz berayotgan mahalliy o’zgarishlar bilan hamohang bo’lib, xalqlar intilishi, orzularini mujassam etmog’i lozim. Turli jabhalarda, jumladan, san’at va ommaviy axborotda yuz berayotgan ijobiy o’zgarishlarni bus-butunicha o’rtaga olib chiqib, inson hayotidagi qiyinchiliklarni aks ettirishi, muammolariga munosib yechim taqdim etmog’i darkor.
Ayni mana shunday asar (film)larning yo’qligi xalqlarning boshqalar tomonidan aldanishiga, gumroh bo’lishiga olib kelmoqda, jinoyatchi shaxs xolis vatanparvar, fidokor qilib ko’rsatilmoqda, rostgo’y vatanparvar kishi esa terrorchi yo qonxo’r, munofiq yo laqma yoxud madaniyatdan orqada qolgan shaxs sifatida tasvir etilmoqda.
Qanchadan-qancha filmlarda dindor roli barcha nafratlanadigan, kalaka-masxara etilishga, haqoratga loyiq kishi o’laroq namoyish etilib kelinmoqda! Ustiga ustak, millionlab tomoshabinlar ko’radigan sahna asarlarida iymoniy ma’nolar, axloqiy qadriyatlar yo’g’rilgan lavhalar qasddan buzilib, kishi nafratlanadigan holda ko’rsatilmoqda. G’arb hayoti, undagi yashash tarzlari esa olqishlanib, rag’batlantirib namoyish etilmoqda.
Biz, ushbu olamga (kino olamiga) shiddat bilan kirib, munosib kadrlarni tayyorlab, ushbu yo’lda pullar sarflamas ekanmiz, dunyo miqyosida o’z nuqtai nazarimizni, hayot yo’limizni to’lig’icha taqdim eta olmaymiz, xalqlar miyasiga singdirilgan salbiy, noto’g’ri tushunchani olib tashlab, haqiqiy musulmon kishi o’zligini, shaxsiyatini, uning tarixida o’tgan haqiqiy qahramonlar siyratini yetkaza olmaymiz.
Odamlar professional tarzda, mahorat bilan ishlangan film orqali bir ijtimoiy odatning yoki shaxsning yomonligini ko’rib, o’sha odatdan tiyilishlari, mazkur shaxsga nisbatan nafrat hosil bo’lishi mumkin, vaholanki, ularni qanoatlantirish uchun boshqa turli usullar foyda bermagan bo’ladi!
Dunyo bugunga kelib shunday bir ekran, bir jihozga aylandiki, bir yigit yo qiz uni cho’ntagida olib yurib, u orqali dunyodagi xohlagan kishisi bilan muloqot qila oladi, xohlaganini ko’ra oladi!
Biz ushbu ekranda o’z e’tiqodimiz, tariximiz, tilimiz, qadriyatlarimiz, tamoyillarimizni mujassam etuvchi asarlar bilan bir IZ qoldira olamizmi? O’zgalarni qanoatlantira olmasak ham, jillaqursa, o’z farzandlarimizni haq-huquqimizni tan olishga, uni himoya qilishga ko’ndira olamizmi?!
Ushbu savolga islomiy odoblar yo’g’rilgan bosiq, oqilona bahs-munozaralar asosida yondashilgan turli – muvofiq va qarshi fikrlar bilan javob bo’lishini kutib qolaman.
manba: azon.uz