O’g’il uylash ota-ona uchun shirin tashvish. Ha, hamma ham «kelinning qo’lidan bir piyola issiq choy ichsam» deydi. Ilgari o’g’il uchun munosib qiz qidirish boshqacha bo’lgan. Barcha tanishlar, yor-do’stlar, mahalla-ko’y, qo’ni-qo’shnidan so’rab-surishtirishgan. Hozir-chi?
E, shunga ham bosh qotirasizmi? Buning yo’li oson. Qanday qiz qidiryapsiz? Hammaning niyati o’qigan kelin olish, sizga ham o’qimishli qiz bo’lsinmi? Unda universitetlarga boring.
Universitet asli talabalarga ta’lim berilishi kerak bo’lgan joy. Biroq… Xullas, hozir universitet «sovchi prodakshn»ga aylandi-qo’ydi. Nega deysizmi? Dekanatga «kelin qidiryapman», deb boring (albatta, quruq qo’l bilan emas), tamom. Oldingizga katta-katta fayllarni taxlab tashlashadi.
Birinchisi, grantda o’qiydigan Toshkent propiskasi bor qizlar ro’yxati.
Ikkinchisi, grantda o’qiydigan viloyatlik qizlar ro’yxati.
Keyingi o’rinlarda kontraktda o’qiydigan, propiskasi bor va yo’q qizlarning ro’yxati.
Darvoqe, sizga bir nechta savollar bilan murojaat qilishadi. Masalan, «Qanday qiz bo’lsin? Grantmi yo kontrakt? Boymi yo o’rtamiyona? Sochi uzunimi yoki kaltasi? Sariqchadan kelgan bo’lsinmi yoki bug’doyrang?..» Xullas, savollarning keti uzilmaydi. Buning nima daxli bor dersiz, biroq unutmang, bergan javobingiz ishingizni osonlashtiradi. Qidiruv tezlashib, darhol kerakli ro’yxat qo’limda deyavering.
Ro’yxatdan qizning ism-sharifi, manzili, telefon raqamidan tortib, butun oila a’zolari haqidagi to’liq ma’lumotni olish mumkin. Yo tavba, shuncha ma’lumotni hatto qizning yaqin dugonalari, qo’shnilari ham bera olmasa kerak. Lekin dekanatda faoliyat yurituvchi «sovchi prodakshn» «shpiyonlik»ni boplaydi.
Bechora qizlarga rahming keladi. Kuni qochish bilan o’tadi. Nega deysizmi? Eshik yonida ham, zalda ham ovchilar… e, kechirasiz, sovchilar tursa, qochmay bo’ladimi, axir? Ayollar ham anoyi emas. Rosa imkoni bo’lmasa, dekanatdan odam yuborishadi. Qarabsizki, qizni bir zumda darsdan olib chiqib ketishadi. Shu paytda qizlar ko’nglidan nima o’tishini bilish qiyinmas. «Nima gap ekan? Biror yomon ish qildimmi?» deya qo’rqa-pisa, yuragi po’killab turadi.
«Sovchi prodakshn» «jonkuyarlari» mana shunday ishlarga qodir. Ular o’z ishini shunchalik ustasi bo’lib ketganki, universitet qizlari podiumga borgan modelyerdek namoyishga chiqaverib xunob bo’lgan.
Ishonmasangiz, bir sinab ko’ring, bo’ydoq o’g’lingiz bo’lsa…
No I La,
«Oila davrasida» gazetasidan