Qarilik yomon-da! Keksa dazmolni suyukli taxtasi tashlab ketdi. Yo’q, olisga ketib qolmadi. Qaerda turgan bo’lsa, o’sha yerda qoldi. Lekin zamonaviy, yosh, yangi dazmolga ko’ngil qo’ydi. U o’zidan bug’ chiqarib, dazmol taxtaning bag’rini yoqar, muloyim erkalashlar bilan xayolini o’g’irlardi.
Qari dazmol esa shkafning eng tepasida mung’aygancha ularni kuzatardi. Bu ham yetmagandek, yolg’iz qolishganda, dazmol taxta unga achchiq-achchiq so’zlab bag’rini tilardi.
— Sen munkayib qolding, — derdi unga taxta. — Qara-ya, turishingni, bitta rejimli, eski zamon sarqitisan. Buning ustiga og’irsan. Kiyimlarni dazmollaganingda yuking ezib o’lay derdim. Xayriyat, baxtimni topdim. Zamonaviy, yosh dazmol keldi-yu, jonim orom oldi. Uning mehri ko’nglimni tog’dek ko’tardi.
Ularning mahzun suhbatini shkafning pastki polkasida kerilib yotgancha tinglayotgan yosh dazmol ora-sirada maqtanib qo’yardi.
— E, bu nima bo’pti, birodarlar! Men hali yettinchi rejimgacha ko’tarilaman! Harqalay, texnika zamonida yashayapmiz.
Bu va’dalar yoqib tushgan taxta quvonchdan yorilay dedi.
— Azizim! — hayqirdi yangi, yosh dazmolga o’tli boqib. — Men seni hech kimga bermayman! Sen bilan faxrlanaman!
Shkaf tepasidagi qari dazmolning ko’zlarida yosh xalqalandi. Og’ir va munkaygan gavdasini arang qimirlatib nimadir demoqqa shaylandi. Lekin xo’rlik yo’l bermadi.
Uning gapirmoqqa urinayotganini ko’rgan dazmol taxta battar dardiga dard qo’shib hayqirardi.
— Sen yoshingni yashab, oshingni oshab bo’lgan qariyasan! Namuncha biz yoshlarning gapimizni poylayvermasang? Ko’rdingmi, hali go’zal va jozibaliman! Aks holda yoshlar menga xushomad qilib o’tirishmasdi.
«Bular uyat degan narsani unutib qo’yishibdi, — o’yladi qari dazmol ularga yer ostidan boqib. — Mundoq kattalarni hurmat qilishniyam bilishmaydi. Yaramaslar! Hali ko’raman ahvolingni!..»
Keksalik qursin! Yarim kechasi uyqu orasida beixtiyor qari dazmol polga quladi. Qulaganda ham to’ppa-to’g’ri yosh dazmolning ustiga tushdi.
Qari dazmolga jin ham urmadi. Ammo yosh dazmolning jihozlari har tarafga sochilib ketdi. Ayniqsa, tezligini o’zgartiradigan plastmassa moslama, suv purkaydigan moslama ishdan chiqdi. Garchi uy egasi yangi dazmolni epaqaga keltirib qo’ygan bo’lsa-da, avvalgi shiddatidan darak ham qolmabdi.
— Avvalgi shiddating, mehring qayoqqa g’oyib bo’ldi? — qichqirardi taxta yosh dazmolga. — Bug’ qani? Nega bag’rimga purkamaysan?.. Boringdan yo’g’ing yaxshi-e!..
Xullas, jazavaga tushgan taxta yosh dazmoldan yuz o’girdi. Uni uy egalari qaergadir olib ketishdi.
Uy bekasi esa asta shkaf tepasidan qari dazmolni oldi-da, uni arta-arta eriga dedi:
— Yaxshiyam buni tashlab yubormagan ekanmiz. Hozir bunaqa dazmol ishlab chiqarishmayapti, dadasi! Qarang, og’ir, mustahkam! Suvni o’zim purkab turaveraman.
Ana, yana qari dazmol kiyimlarni shoshilmasdan dazmollay boshladi. Taxta esa hanuz sir boy bergisi kelmas, qovog’ini uygancha sukut saqlardi.
Shkafdagi eski, qadimiy buyumlar qari dazmolni tezlay ketishdi.
— Kuydir u yaramasni, kuydir! Adabini yesin!
Qari dazmol asta jussasini ko’tardi-da, birodarlariga qarab bosh chayqadi.
— Yo’q, azizlar, unga azob bera olmayman! Tushuninglar! Shu g’alchani… sevaman!
Bu iqrorni yana bir bor eshitgan taxta ko’zlari yoshlanib qari dazmolga yalingan ohangda so’z qotdi.
— Kechir meni, dazmolboy, kechir! Mana, bag’rimga bosh qo’yishing bilan hayotimda ahmoqligim tufayli qadrdon bir kishimni yo’qotganimni angladim. Endi seni hech qaerga qo’yib yubormayman, azizim, kechir!
— Unga quloq solma, ishonma! — qichqirdi uydagi qadimiy buyumlar. — U va’daboz! Qasamxo’r!
— Unday demanglar! — shivirladi qari dazmol. — Uning aybi yo’q…
Afsus, kunlarning birida yangi dazmol ta’mirlanib tag’in taxta huzuriga qaytdi. Taxtaning insofi yo’q ekan. Qari dazmolni shu zahoti quvib soldi. Yosh, zamonaviy dazmolga erkalana boshladi.
Ammo qaytar dunyo deganlar. Yangi dazmol yana buzildi. Bu ham yetmagandek, taxta sinib qoldi. Uni shkafning bir burchagiga taxlab qo’yishdi. Qari dazmolga esa yangi, ohori to’kilmagan dazmol taxta olib berishdi.
Qari dazmolning harakatlarini shkaf burchagidan turib kuzatarkan, singan dazmol taxta alamdan, rashkdan ado bo’lar, lekin dardi ichida, lom-mim demay unsiz yig’lashga, sabr qilishga, chidashga mahkum edi.