Bu savolni o’rtaga tashlashimizning o’z sabablari bor. Hozirgi kunda sportning minglab turlari borligini barcha biladi. Kimdir sport bilan shug’ullanadi, boshqa birov qaysidir sport turining ishqibozi hisoblanadi. Shu o’rinda bir savol tug’iladi. Yer yuzidagi eng shafqatsiz sport turi qaysi? Qarang, qadimda eng shafqatsiz sport turi sifatida Venatsio hisoblangan ekan. Bu sport turining asl shartlari shundan iborat ediki, odamlar mahluqlar, hayvonlar bilan gladiatorlik janglarini o’tkazishgan. Buning oqibatida yuzlab hayvonlar o’lim topgan. Birgina Kolizeyning ochilishi munosabati bilan o’tkazilgan Venatsio musobaqasida jami 9 mingta hayvon o’lim topgan ekan. Ana endi tasavvur qiling. Agar sport tushunchasi umuman bo’lmaganda yer yuzi qanday holatda bo’lardi?..
Ayni vaqtda 10 mingtaga yaqin sport turi bor. Qaysidir sport turi shartiga ko’ra sportchilar ishton ichkarisida sichqonlar oilasiga kiruvchi jonivorni iloji boricha uzoqroq ushlab tura olishi lozim. Yoki bo’lmasa, sochiq irg’itish sporti ham juda qiziqarli. Shularning barchasi bo’lmasa, ne qilardik?..
Agar bugungi kunda dunyo bo’yicha 25 million nafar sportchi borligini hisobga olsak, sport mavjud bo’lmasa, ular boshqa kasb yoki hunarning boshini tutishardi. Har yili sport turlari bo’yicha o’tadigan musobaqalarga jami 5 trillion dollar pul sarflanadi. Bu pul ham boshqa maqsadlarga yo’naltirilardi. Sport mavjud bo’lmaganda, biz 53 ta olimpiya o’yinlariga guvoh bo’lmagan chiqardik. Sportga pul tikish degan narsalar ham bo’lmasdi. Dunyoda bunyod etilgan, jami 12 million kishini o’zida mujassam eta oluvchi 426 ta o’yingoh ham bo’lmasdi.
Hozir dunyo bo’yicha olib qaraganda, tub aholining 30 foizi ortiqcha vazndan azoblanadi. Sport bo’lmasa, bu miqdor o’n barobar ko’proqni tashkil etardi.
Ko’rdingizmi? Sportning yo’qligi qanchalar zararli!?. Sport yer yuzida paydo bo’lmaganda, dunyo ahli hech qachon hozirgichalik birlasha olmagan bo’lardi. Yolg’iz qolishdan, sportdek ajoyib va mehribon borliqdan ayrilishdan Xudoning o’zi asrasin!
Behruz HAYITOV tayyorladi