«O'RINDOSh» (hajviya)

 

Saksonboy mashinasini sekinlatib muyulishga yetganda to’xtatdi. Yo’l o’rtasida qora charm kurtka kiygan, qo’lida ola tayoq ushlagan DAN xodimi turardi. U tayog’ini shu qadar sekin qimirlatib yo’l harakatini boshqarardiki, tortinchoqligidanmi, har tayoq ko’targanda yuzlari qizarib-qizarib qo’yardi.

Saksonboyning mashinasini ko’rdi-yu, tayog’i havoda muallaq qoldi. Qarshisiga yaqinlashib kelayotgan haydovchining ko’zlariga xuddi quyon kabi qo’rquv aralash tikilib olgach, ohista bosh egdi.

— DAN xodimimisan? — dag’al ohangda undan so’radi Saksonboy.

— Y-yo’q… Yo’g’-e… H-ha… — aybdorona qo’lini ko’ksiga qo’ydi militsioner.

Saksonboy esa, uni boshdan-oyoq kuzatarkan, norozi bosh chayqadi.

— Senmiding kecha mening mashinamni to’xtatgan? — so’radi hamon sovuq ohangda.

— Y-yo’-o’q… Men bu yerga birinchi kelishim…

— Mayli… Qani, hujjatlarni ko’rib qo’yaylik-chi!.. Chiqar hujjatni!.. To’xta, ko’zimga qara!.. «Kuh» de-chi!.. Ichib olganmisan deyman-a?..

DAN xodimi rangi oqarib, qo’rqa-pisa cho’ntagidan guvohnomasini chiqardi-da, Saksonboyga uzatdi. Shu asnoda ichmaganligini isbotlash uchun «kuh» deb qo’yishni ham unutmadi.

— Nimaga soqolni olmading? — so’rashda davom etdi Saksonboy.

— Vaqt bo’lmayapti-da, o’rtoq… Har kuni ish, ish!..

— Ish ko’p degin?.. Bo’pti… Narkotiklar, chet el valyutalari… Agar yashirib olgan bo’lsang, aytib qo’yay, jazolayman!..

— Yo’q, Xudo asrasin unaqa narsalarni olib yurishdan!.. — javdirab Saksonboyga tikildi DAN xodimi.

— Nega yoqang kir?.. Etigingni nimaga tozalamay postga chiqding?.. — Saksonboy militsionerning kirlangan etigiga jirkangannamo qarab qo’ydi.

— Kamandir… Endi… Bir qoshiq qonimdan keching!..

— Vey, meni qiziqtirmaydi! — dedi Saksonboy. — Qani, jarimasiga o’n marta yotib-tur!.. Tez bo’l!..

Militsioner shosha-pisha «to’rt oyoq»da turib buyruqni bajara boshladi.

— Tibbiy ko’rikdan qachon o’tgansan?

— O’tgan oyda.

— Proktologdan ma’lumotnomang bormi?

— Bor…

— Ginekologdan-chi?

— Ie… Kamandir… Men, axir… Erkak kishi bo’lsam…

— Xuddi shu narsani ginekolog tasdiqlab berishi kerak edi! — baqirib berdi Saksonboy.

— Ana, o’n marta yotib-turdim! — nihoyat hansirab qaddini rostladi militsioner.

— Nega kamaring bo’shab qolibdi?..

Militsioner kamariga qarab olgach, o’zining tashqi ko’rinishidan xijolat chekdi shekilli, yana aybdorlarcha bosh egdi.

Saksonboy ham uning holatini sezib turardi. Ammo o’ziga yoqib qolgan bu DAN xodimini osonlikcha qo’yib yuborgisi kelmasdi.

— Xo’-o’sh… Guvohnomangni mening uyimdan olasan!..

— Keling… Shu yerning o’zida kelishib qo’ya qolaylik! — Saksonboyga umidvor termildi militsioner.

— Yaxshi… Xo’-o’sh… Yuz ellik ko’kida berasan!..

DAN xodimi o’zicha nimalardir deb shivirlagan ko’yi cho’ntagidan aytilgan pullarni chiqarib Saksonboyga uzatdi.

— Endi ketsam maylimi? — so’radi u guvohnomasini cho’ntakka joylarkan.

— Yo’qol! — dedi Saksonboy…

Bir mahal qarasa, hov narida bir talay DAN xodimlarini haydovchilar asir qilib olishibdi. Hammasini avtomat bilan yelkasiga turtgancha, qayoqqadir olib ketishyapti.

— Vey, — endigina ketishga chog’langan militsionerni to’xtatdi Saksonboy, — Anavilarni qaerga opketishyapti ekan, bilmaysanmi?

— Ularnimi? — DAN xodimi asirlarga qarab uf tortdi. — Otishga opketishyapti…

— Hov, bu yoqqa kel hammang! — o’tib borayotgan militsionerlarga baqirdi Saksonboy. — Qani, hammang baravariga yotib-tur, yotib tur!..

— Hoy, dadasi, sizga nima bo’ldi?.. — Saksonboy cho’chib o’rnidan turib ketdi. Ko’zlarini ishqalay-ishqalay, tepasiga qarasa, xotini yig’lamsirab turibdi. — Nima bo’ldi sizga?.. Yomon tush ko’rdingizmi?..

Saksonboy sal o’ziga kelgandek, obdon kerishib oldi-da, xotiniga qarab jilmaydi.

— Xotin, umrimda bunaqangi shirin tush ko’rmaganman. Hech qachon bu qadar maza qilmaganman. Qani, nonushtani tayyorla, men avtoinspeksiyaga borib guvohnomamni qaytarib olishim kerak hali!

Hormasboy TOLMASBOYEV

«O'RINDOSh» (hajviya)«O'RINDOSh» (hajviya)«O'RINDOSh» (hajviya)