* * *
Afandi uylandi. Nikoh kechasi hovlida azbaroyi odam ko’pligidan u bir chekkada qolib ketdi. Hatto, osh ham tegmadi. Xafa bo’ldi-yu, ko’chaga chiqib ketdi. Bir payt chimildiqqa kelinni olib kirishsa, Afandi yo’q. Yugurib ko’chaga chiqishdi. Afandi bir chetda xo’mrayib o’tirardi.
— Hoy, Afandi, — deyishdi unga. — Bu yerda nima qilib O’tiribsiz? Chimildiqqa kirmaysizmi?
— Chimildiqqa osh yeganlar kirsin!..
* * *
Afandining uyiga kechasi o’g’ri tushdi. Qidira-qidira hech narsa topolmagach, Afandi yotgan yerida ko’rpadan boshini chiqardi-da, dedi:
— E, nodon, o’zim kunduzi uyimdan hech vaqo topolmayman-u, sen kechasi nima qilasan ovora bo’lib?
* * *
Afandining yaktagini xotini yuvib dorga ilib qo’ygandi. Afandi kechasi uyg’onib ketib hovliga chiqdi-yu, dordagi yaktakni o’g’ri gumon qilib kamondan o’q uzdi va qaytadan ichkariga kirib ketdi. Ertalab turib qarasa, O’zining yaktagiga o’q uzgan ekan. Chuqur xo’rsinib dedi:
— Xayriyat, yaktakning ichida o’zim yo’q ekanman!
* * *
Afandini eshagi o’ynoqlayverib yiqitib yubordi. Jahli chiqqan Afandi uyga kelib xotiniga tayinladi:
— Bu harom o’lgurni yem-xashakdan tortib qo’y! Kun oralatib ber!
Xotini Afandi aytganidek, eshakka kun oralatib ovqat bera boshladi. Qarashsa, eshakning hangrashgayam madori qolmabdi. Afandi unga rahmi kelib xotiniga shivirladi:
— Mayli, avvalgidek ovqat beraver! Faqat gapimni uning o’zi eshitib qolmasin!
* * *
Afandi yarim kechasi xotinini turtdi.
— Xotin, tur, ko’zoynagimni olib chiqib ber!
— Shu mahalda ko’zoynakni nima qilasiz?
— Tushimga shu qadar mayda narsalar kiryaptiki, ko’zoynaksiz ko’rib bo’lmaydi.
* * *
Afandi Buxoroi sharifga borib o’qidi. O’qishni tugatib uyga qaytgach, otasi uning arabchadan olgan bilimini sinab ko’rish niyatida so’radi:
— Xo’sh, arablar sovigan oshni nima deb atasharkan?
— Arablar sovigan oshni ko’rishsa, indamayeyaverishadi. Shuning uchun ham unga nom qo’yib o’tirishmagan.
* * *
Afandining xotini jazmanini osh damlab chaqirdi. Shu mahal Afandi kelib qoldi. Qarasa, xotini jazmani bilan chaqchaqlashib o’tiribdi. Panalab turib jazmanga bir imlagandi, u qo’rqqanidan qochib qoldi. Afandi esa, hech narsa bo’lmaganday ichkariga kirib bordi. Unga ko’zi tushgan xotini atayin qo’liga bir tutam o’t olib hovliga qarab qichqirdi:
— Mah-mah, jonivor, qo’rqma!..
Afandi kulib dedi:
— Vey, shunday mazali oshga qaramagan, bir tutam o’tga qararmidi?
* * *
Afandining xotini bo’y yetgan qiziga dedi:
— Sen ham katta bo’p qolding. Endi seni turmushga beramiz.
— YO’q, men o’zim tanimagan odamga turmushga chiqmayman.
— Hozir tanimasang, birga yashaganingdan keyin o’rganib ketasan. Mana, men ham tanimagan odamga tekkanman-ku!
— Ho, siz dadamga tekkansiz!
loading…