MILLIY BANKDAGI MILYoNLARIM… (voqeiy hikoya)

 

 

Birinchi xotinimdan aylanay!

 

Kasalxonadagi palatamda yurakdan noli-ib yotuvdim, telefonim jiringlab qoldi. Shosha-pisha go’shakni ko’tardim.

Birinchi xotinim ekan. Uning fe’lini bilardim. Qachonki, ishi tushsagina qo’ng’iroq qiladi.

— Tuzukmisiz? — tovushi ancha muloyimlashibdimi, yumshoq supurgidek mayin ohangda so’radi u. — Yuragingiz bezovta qilmayaptimi?

Ochig’i, savolidan sal g’ashim kelgandek bo’ldi. «Tezroq tugata qolsaydi gapini», degan xayol miyamga urilib, aft-angorim burisha boshladi. Birinchi xotinim ham go’yo holatimni payqagan kabi boya aytganimday, maqsadga o’tib qo’ya qoldi.

— Sizning nomingizga xat keldi, — dedi u og’ir xo’rsinib. — O’qib ko’rsam, qanaqadir milliy bankdan ekan.

— Milliy bank? — men daf’atan sergak tortib telefonni qulog’imga qattiqroq bosdim… Axir bu ja kattakon banklardan-ku!..

— Nima deb yozishibdi xatda? — so’radim qiziqishim ortib. — O’qidingmi?

— Ha, qanaqadir omonatingiz bor ekan ularda. Shuni tez borib olishingiz zarur ekan.

— Omonat? Qanaqa omonat? Qancha ekan?

— Qanchaligini aytishmaskan. Demak, katta puldir-da!..

«Katta pul» degan jumlasini eshitganimdayoq yurak qurmag’ur bir siltanib oldi.

— Shunaqa degin? — o’zimni arang bosib savol tashladim. — Endi nima qilsa bo’ladi-a?

— Nima qilardingiz? Borib olishingiz kerak-da!

— Men… Davolanishdaman-ku! Qanday qilib boraman u yerga?

— Shuning uchunam o’zim qo’ng’iroq qildim-da, — yanada jonlandi birinchi xotinim. — Besh minuti kam millioner bo’lib qoldingiz shekilli. Negadir yuragim shunday deyotganday bo’lyapti.

— Yo’g’-e…

Vey, pul deganlari sariq shaytondan ham shumroqmi, birinchi xotinimning so’nggi so’zlarini eshitgach, yuragim taka-puka bo’lib qoldi…

Rostdanam-a… Millioner bo’lsam-a?!. Axir, bu bank juda kattakon banklardan. U yerga kazo-kazolargina borishadi…

— Aniq aytishmadimi qanchaligini? — ijikilab qayta so’radim. — Balki mendan yashirayotgandirsan-a?

— O’libmanmi yashirib? — norozilandi birinchi xotinim. — Ularning haqi yo’g’akan. «Kelganda bilasizlar», deyishdi… Menga qarang, agar dollarda millioner bo’lsangiz, nima qilardingiz? — birinchi xotinim bu gaplarini kulgi aralash aytdi. Ammo men uning fe’lini besh qo’lday bilardim. Ochiqchasiga so’ray qoldim.

— Hoynahoy, behuda qo’ng’iroq qilmagandirsan? Arra qilish niyating bordir-a?

— Albatta bor, — dedi u. — O’g’lingiz uylanadigan bo’lib turibdi. Ellikka ellik qilsangizam kamayib qolmaysiz. Bahonada bolalaringiz bir nimali bo’lib qolishadi, boyvachcha!..

Birinchi xotinim oxirgi so’zni jiddiy ohangda tiliga ko’chirgandi. Vey, odamga g’alati singarkan «boyvachcha» degan so’z. Tanam qizib, tomog’im quruqshab, tilim tanglayga yopishgandek birpas kalovlanib qoldim. Lekin darrov o’zimni qo’lga oldim.

— Bo’pti, unda kelaqol, — dedim gapni kalta qilib. — Men shu yerdaman.

— Arra qilasiz-a? — so’radi birinchi xotinim ishonqiramay. — Ovora bo’lganimga yarasha…

— Qilamiz arra! Kelaver! Menga o’sha pullarning yarmisiyam yetadi…

 

Farishtalar omin deganda…

 

Men shu tobda go’yo hushimda emasdim. Yurak og’rig’iniyam unutgandim. O’rnimdan turib nuqul hofizlarday ashula aytvorgim kelardi…

Axir… Men rostakamiga boyvachchaga aylana boshladim. Buni birinchi xotinimning hovliqishiyam isbotlab turibdi. U ayol faqat katta pulning daragini eshitgandagina hovliqadi. Demak, rost. Bir balosi bo’lmasa, u hakillab kelib o’tirmasdi… Nahotki, menam boyigan bo’lsam? Boshlig’im hadeganda «boy aka» deb chaqirardi. Farishtalar omin deb yuboribdi-da!..

— Eh, boss, — dedim ovoz chiqarib. — Ja ajoyib odamsiz-da o’zingizam! Boyishi umuman mumkin bo’lmagan, boylik degan bachchag’arni tushidayam ko’rmaydigan menday g’aribni bir-ikki og’iz gap bilan boy qilib o’tiribsiz-a!..

Ha, aytgancha, tavakkaliga bir chamalab qo’yaveray! Masalan, milliy bank degani haqiqatan katta dargoh. Bu bankka manaman degan boyvachchalar pul qo’yadi. Telefon orqali aytmagan bo’lishsa, sira ikkilanmasam bo’ladi… Xo’-o’sh, basharti ikki yuz million ko’kida bo’lsa, yarmisi yuz million… Uf-f, xudoyim, ishqilib, yurakni bir bahya baquvvat qilib turgin! Sharmanda qilmagin! Falonchi katta pul hovurini ko’tara olmay o’tib qolibdi deyishmasin ishqilib!..

Xullas, to birinchi xotinim kelguncha tinchiy olmadim. Xayolning ming bir ko’chasiga kirib chiqdim…

 

«O’v, men boyvachchaman!..»

 

Ilgari birinchi xotinim bir kunda ishlab topganini xontaxta ustiga tashlasa, mening bir oylik maoshim bu pullarning orasida ko’rinmay ketardi. Shuning uchun tili uzun edi. Biz bo’lsak, ikki qo’limizni ko’ksimizga bosishga mahkum edik. Ming shukr, bu gal tarozining men turgan pallasi og’ir keldi. Birinchi xotinim meni ko’rdi deguncha mashinadan sakrab tushdi-da, mulozamat bilan old eshikni ochdi. Shu lahzalarda umrim bino bo’lib birinchi marta o’zimni haqiqiy erkaklardek mag’rur his etdim. Mashinaga asta o’tirarkanman, boyvachchalar kabi u bilan bosh silkitib salomlashdim. Va ishxonamdagi hamkasblar, hurmatli boshliq, qadrdon o’rinbosar, aziz direktor ko’z o’ngimda gavdalanib, xayolan ularga so’z qotdim.

«Azizlar, nima desangiz deng. Sir ochiladigan bo’lib turibdi. Men boyvachchaman!..»

 

Sirli qarashlar

 

Ha, taxminim to’g’ri chiqdi. Milliy bank rosmanasiga hashamatli, sersavlat ekan. Kassalar qarshisida turganlar ham o’ziga yetguncha bashang kiyingan, asosiysi, boyvachchalarga xos sipo va qovoqlaridan qor yog’yapti. Men ham o’shalarning oldida sharmanda bo’lmaslik niyatida xuddi ular kabi qovoq uydim, qarashlarimga ham sirli tus berdim.

Menga xizmat qiladigan qiz jikkakkina, sovuqqongina ekan. To’g’ri-da, shunday joyda ishlaydi-yu, sovuqqon bo’lmaydimi…

Lekin baribir yurak tipirchilayverardi. Qancha pulga ega chiqqanimni juda-juda bilgim kelardi. Miqdorni eshitgach, hushimdan ketishim, komaga… Ishqilib allambalo holatlarga tushib qolishim xayolimgayam kelmayotgandi.

— O’zi qancha pulim bor? — oxiri bardoshim tugab qizga savol tashladim. Biroq boyvachchalarga xos sipolikni yo’qotmadim.

— Buni keyinroq bilasiz, — dedi qiz qog’ozdan bosh ko’tarmay. — Oldin manavi hujjatlarga imzo qo’ying!.. Darvoqe, pullarni valyutada olasizmi yo so’mdami?..

Shu savoli ensamni qotirdi… Ie, bu nima degani? Menday vatanparvarga shunaqa savol beradimi? Bu, axir, uncha-muncha banklardanmas, milliy, rostakam o’zbekona bank-ku! Qolaversa, xalqda «o’zbekmisan, o’z oshingni ich!» degan ajoyib naql bor. Shunday ekan, so’m ham teshib chiqmaydi…

Tag’in jahdimni ichga yutib, qog’ozga imzo qo’ydim. Qiz shundan so’ng menga bir ola qarash qildi-da, boshqa bir qog’ozni oldimga tashladi…

Ishoning, qizning shu qarashi jahdimni qo’zg’adi. Ammo nima qilay? Boyvachchalar chidamli, og’ir-bosiq, bo’lar-bo’lmas vaziyatlarni mensimaygina o’tadigan bo’lishi lozim. Shuning uchun men ham xuddi hech narsa ko’rmagandek beparvolik bilan qog’ozni qo’limga oldim. Xuddi shu yerda mening boyliklarim qanchaligi yozilgandi…

Sira ko’zlarimga ishonmay, raqamlarga qayta-qayta nazar tashladim. Yuragim uvisha boshlagandek, boshim g’ovlayotgandek tuyilib, bir qo’limni kassaning taxta to’sqichiga tiradim.

— Bu… Qancha o’zi? — so’radim zo’rg’a. — Siz… Aytib bera olasizmi?..

Qiz esa meni eshitmaganga oldi-yu, qo’limga bir parcha qog’ozcha tutqazdi.

— Hov anavi yoqqa borib o’ngga qayrilsangiz kassa bor, — dedi u hanuz qovoq uyib. — Bo’la qoling, hozir tushlikka chiqib ketishlari mumkin!..

Kassaning qarshisida ikki erkak dasta-dasta pullarni qopga joylayotgan ekan.

Shitob bilan bordim-da, bor ovozda qichqirdim:

— Yo’lni bo’shatlaring! Katta «summa» keldi! Qoch yo’ldan!..

Ha, okasi, mana shu yerda mening millionerlik lahzalarim yakun topgandi.

Kassir ayol kulimsiragancha qo’limga to’rtta ikki yuztalik qog’oz pulni tutqazdi.

— Oka, uzr endi, mayda pulimiz yo’q edi, — dedi ayol battar g’ashimni qo’zg’ab. — Uch so’m-u yetmish to’rt tiyin qarz bo’ldik. Rozi bo’lib qo’yasiz!..

Men quloqlarim tom bitgan kabi hech bir shovqin, tovushni ilg’amay, tashqariga chiqdim-u, mashina qarshisida menga umidvor tikilib turgan birinchi xotinimga yovqarash qildim va qo’limdagi to’rtta ikki yuztalikni o’g’limga tutqazdim. Zarda bilan mashinaning old o’rindig’iga o’tirarkanman, alamli va dardli shivirladim:

— Bolam, shu pulga yana ikki yuz so’m qo’shib muzday suv olib bergin! Pulning hovuri bosilmayapti!

Olimjon HAYIT

 

 

MILLIY BANKDAGI MILYoNLARIM… (voqeiy hikoya)MILLIY BANKDAGI MILYoNLARIM… (voqeiy hikoya)MILLIY BANKDAGI MILYoNLARIM… (voqeiy hikoya)