image0

Avvalroq, bundan 53 yil oldin “Venera-8” missiyasi doirasida uchirilgan “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi haqida xabar berilgan edi. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, qulash ehtimoli mavjud hududlar quruqlikda joylashgan, xususan, Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon hududlari. Uzcosmos agentligining Yangi texnologiyalarni tadbiq qilish bo‘limi boshlig‘i Axror Agzamovga ko‘ra, past darajada bo‘lsada, uning O‘zbekiston hududiga qulash ehtimoli ham mavjud.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparat qoldiqlarining yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Hozircha “Kosmos-482”ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholanmoqda.

Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi. Parashyut borligiga qaramay, koinotda 53 yil bo‘lganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km’gacha yetishi kutilmoqda.

Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur “Venera” dasturining so‘nggi bosqichlarida ishtirok etgan. U “Venera-13 va 14” (1982) va “Vega-1 va 2” (1985) apparatlari uchun grunt olish va burg‘ilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.