BILASIZMI?..

 

 

QANDAY QILIB BITTAGINA GOL 318 KIShINING O’LIMIGA SABAB BO’LGAN?..

 

Aslida futbol matchlari paytidagi fanatlar tarafidan sodir etiladigan tartibsizliklar oddiy holga aylangan. Ammo bu sport turi tarixidagi eng dahshatli tartibsizlikni hanuz dunyo ahli unuta olmagan. Bu fojia 1964 yil 24 may kuni bo’lib o’tgandi. Shu kuni Peru poytaxti Lima shahrida Tokioda bo’lib o’tadigan olimpiya o’yinlari uchun saralash bahslaridan biri tashkil etilgandi. Matchda Peru va Argentina terma jamoalari o’zaro kurash olib borishi lozim bo’lgan. Argentinalik futbolchilar birinchi bo’lib hisobni ochishdi va bu hisobni deyarli o’yin oxiriga qadar ushlab tura bilishdi. Ammo match tugashiga 2 daqiqa qolganda maydon egalari hisobni tenglashtirdi. Durang perulik futbolchilar uchun yetarli edi. Shu holatda ham ular olimpiya o’yinlariga yo’llanmani qo’lga kiritishardi. Lekin uchrashuv arbitri Angel Pazos maydon egalari tarafidan qoidabuzarlikka yo’l qo’yilganini aytib golni bekor qildi. Ana shundan keyin fanatlar rosmana to’polonni boshlashdi. Ularning biri yashil maydonga chopib chiqdi-yu, arbitrga tashlandi. Ammo politsiyachilar uni to’xtatib qolib barchaning ko’z o’ngida kaltaklay ketishdi. Bundan jahl otiga mingan fanatlar politsiyachilarni do’pposlashga tushdi. Tashkilotchilar esa futbolchilarni zudlik bilan yechinish xonasiga olib kirib ketdi. Ko’plab fanatlar baravar tashqariga o’zini urishi tufayli tirbandlik, ur-yiqit yuzaga keldi. Peru terma jamoasi fanatlari adolat istab mamlakat prezidenti Fernando Belaunde qarorgohiga yo’l oldi. Oradan hech qancha o’tmay, tartibsizliklar butun shaharga yoyildi. Lima ko’chalarini to’ldirib bo’lgan fanatlar duch kelgan binoni yoqa boshladi. Kasalxonalar vrachlari jarohat olganlarni qabul qilib ulgura olmay qoldi. Xuddi shu fojia sababli jami 318 kishi o’lim topdi. 500 dan ziyod odam turli darajada jarohatlar oldi. Qarangki, Tokioda o’tgan Olimpiya o’yinlariga yo’llanmani Argentina terma jamoasi qo’lga kiritdi. Biroq ularga ham omad kulib boqmadi. Guruhda oxirgi o’rinni egallashdi.

Olimjon HAYIT tayyorladi

BILASIZMI?..BILASIZMI?..BILASIZMI?..