KUN KULGISI…

 

 

* * *

 

Katta korxonada ishlaydigan ayol har kuni ishga uch yashar qizalog’ini olib kelardi. Bir kuni hamkasabalaridan biri unga rahmi kelib so’radi:

— Falonchixon, nega qizalog’ingizni buvijonisiga qoldirib kelmaysiz?

Ayol ma’yus javob qildi:

— Chunki qizalog’im qabristonda o’tirishga qo’rqadi.

 

* * *

 

Oyshaxon oq otdagi shahzodasini kutdi. Juda uzo-oq kutdi. Nihoyat kunlarning birida uzoqdan oq otdagi shahzodasi ko’rinish berdi. Oyshaxon xursand edi. Xursandligidan og’zi qulog’iga yetgandi. Ot yetib kelgach esa…

Tarvuzi qo’ltig’idan tushdi.

Oq otdagi shahzoda deb o’ylagani aslida pochtachi ekan.

Oyshaxonning ilk pensiyasini olib kelibdi.

 

* * *

 

Qariya avtobusga chiqdi. Bir yigit o’tirgan o’rindiqqa yaqinlashdi. Yigit qimir etmadi. Qariya jahli chiqib dedi:

— Bolam, uyat emasmi? Qara, anavi kampir zo’rg’a oyoqda turibdi. Joy bo’shatsang bo’lmaydimi?

Yigit qariyaning qulog’iga shivirladi:

— Ota, u mening qaynonam.

Qariya bu gapni eshitgach, yigitning qulog’iga shipshitdi:

— Unda tizzangdagi manavi qop to’la kartoshkaniyam yelkasiga ilib qo’y. O’tirasanmi bekorga tizzangni og’ritib?!.

 

* * *

 

Yigit uylandi. Bir oydan keyin esa kelin bo’lmish unga qo’chqorday o’g’il tug’ib berdi. Yigit azbaroyi to’lqinlanganidan shosha-pisha bozorga bordi-da, portfel, kitoblar, daftarlar, ruchka, qalamlar sotib oldi. Uyga kelgach, kelin bo’lmish so’radi:

— Vay, nega maktab qurollari sotib oldingiz? Kimga?

Yigit javob qildi:

— Xudo biladi. Bir oydan keyin bolang maktabga qatnaydigan bo’lib qolsa shoshib qolmaylik dedim-da!

 

* * *

 

Tadbirkor ayol muallim eriga dedi:

— Azizim, yaqinda bizning ham bolamiz bo’ladi! Men hammasini kelishib qo’ydim!

 

* * *

 

Serjant rota komandiriga hisob beryapti:

— Dushmanni to chegaragacha quvib bordik.

— Uyog’iga nega quvmadinglar?

— Hech birimizda xorijga chiqish huquqini beruvchi pasport yo’q-ku! Qanday quvamiz?

 

* * *

 

Uch yashar bola tinimsiz so’kinaverdi. Oxiri xotin eriga dedi:

— Ko’rdingizmi o’g’lingizning so’kinishini? Boring, o’zingiz gaplashib qo’ying ota bo’lib!

Er asta o’g’ilchasining xonasiga kirdi-da, dedi:

— Bolajonim, so’kinishni bas qil! Agar so’kinaversang, tishing chiqmaydi. Tishsiz yashaysan bir umr!

Bolakay otasiga birpas tikilib turdi-da, og’zini ochib tepadagi ikkitagina tishini ko’z-ko’z qilgancha dedi:

— Sizningcha bular tish bo’lmay katta xolangizmi?

 

* * *

 

Stomotolog mijozdan so’radi:

— Oka, tishingizga plomba qo’yish kerak ekan! Xo’sh, plombaning tekinini qo’yamizmi yo tushib ketmaydiganinimi?

 

* * *

 

Erkak ayolga dedi:

— Kechiring, xonim, sizga bo’lgan qaynoq tuyg’ularim allaqachon sovib qoldi.

— Xohlaysizmi o’sha sovigan tuyg’ularingizni isitib qo’yaman!

 

* * *

 

Er-xotin ajrashyapti. Sudya ayoldan so’radi:

— Ayting, siz nima uchun eringiz bilan ajrashmoqchisiz?

— Tasavvur qiling, o’rtoq sudya, erim bir yarim yil oldin kechqurun do’konga ichkilik sotib olish uchun chiqib ketgandi. Kuni kecha qaytib keldi-da, «Nega kechki ovqat sovib qoldi?», deb janjal qildi.

Olimjon HAYIT tayyorladi