***
— Bo’rivoy, sen dadangni yaxshi ko’rasanmi, oyingnimi?
— Bizda bu masalada boshqacha yo’l tutilgan. Dadam oyimni yaxshi ko’radi, men aralashmayman.
***
— O’g’lim, maktabni tugatganingdan so’ng albatta vrachlikka o’qigin!
— Dada, bu nima deganingiz? Men, axir, pashshaniyam o’ldira olmayman-ku!
***
— Eshmatvoy, bugun qanday savob ish qilding? Sinfdoshlaringga gapirib ber-chi!
— Ertalab dadamni safarga kuzatish uchun vokzalga borgandim. Qarasam, bir odam poezddan kech qolib, yugurib ketayotgan ekan. Itimni qo’yib yuborgandim, o’sha odam poezdga birpasda yetib oldi.
***
Fil sichqonga tikilib turib dedi:
— Sen dunyodagi eng jirkanch va iflos hayvonsan!
— Iltimos, qaytarib yuboring! Men shu gaplarni o’zim yomon ko’radigan bir burgaga aytmoqchi edim.
***
Kinoteatr omborida sichqon kinotasmani yeyish bilan band edi. Sherigi so’radi:
—Xo’sh, yaxshi filmmikan?
— E, kitob holida yaxshiroq edi.
***
Sichqon hammayog’i tirnalgan, loyga botgan holda uyiga qaytib, oila a’zolariga dedi:
— Odamlar “Qora mushuk yo’lingni kesib o’tsa, baxtsizlik yuz beradi” deb bekorga aytishmas ekan.
***
Chumoli va fil razvedkaga chiqishdi.
Chumoli:
— Fil! Yot! Dushmanlar meni payqab qolishdi!
***
Ikki sichqon diskotekadan qaytishardi. Biri ikkinchisiga dedi:
— Bugun menga toza charmdan kurtka, shim kiygan, ikki yuzi qip-qizil yigit gap otdi.
— U ko’rshapalak-ku!
— Nima? Nega unda menga uchuvchiman dedi?
***
Bolakay maktabdan qaytgach, otasi undan so’radi:
— Xo’sh, bugun necha baho olding?
— To’rt.
— Nega besh emas?
— Voy, bugun to’rt soat dars bo’ldi xolos-da!
***
Muallim o’quvchilardan so’radi:
— Bolalar, qaysi qush tuxum qo’ymaydi?
—Kakku.
— Nega?
— Chunki, u soatning ichida o’tiradi.
***
Birinchi sentyabr. Birinchi sinf. Muallima dedi:
— Bolalar, sizlar maktabimizga ilk bor qadam qo’ydingiz. Bu yerda jim o’tirish kerak. Nimanidir so’ramoqchi bo’lsangiz, sekin qo’l ko’taring!
Shunda bir o’quvchi sekin qo’lini ko’tardi.
Muallima:
— Nimadir so’ramoqchimisan?
— Yo’q, sistema qanday ishlashini tekshirib ko’rmoqchiman.