Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi!!!

 

 

GADOY MONOLOGI

(hajviya)

 

Birodarlar, qornim och, ovqatga ozgina xayr qilinglar! Hozirgina jinnixonadan chiqib kelyapman. Tishlab olsam, xafa bo’lish yo’q. O’zimga javob bermayman. Mana ma’lumotnoma!

Kim aytdi gadoylar ko’payib ketdi deb? E, biz ilgariyam bo’lganmiz. Faqat u paytlarda haydab solishardi. Endi hammasi qonuniy. Mendan hatto intervyu ham olishdi yaqinda.

— Siz azaldan shunaqa kambag’almisiz? — deb so’rashdi.

— Yo’q, — dedim men. — muhandis bo’lganimdan beri…

Leytenant, sobiq harbiyga sadaqa qi-il! Meni Berlin ostonasida urib yiqitishgan. Ie, urushning nima aloqasi bor? Meni «Berlin» restorani ostonasida urib yiqitishgan.

Yaxshi qiz, kinoga tushishni yoqtirasizmi? Sobiq kaskadyorga xayr qiling! Kinolarda suratga tushaverib sog’lig’imdan ayrildim. E, nima deyapsiz? «Qushday yengil bo’ling» filmida Myagkovning o’rniga ichganman. Boshqa bir filmda Xaratyanning o’rniga tomdan sakraganman. To’ppa-to’g’ri Mordyukovning ustiga tushganman. Voy-voy-voy!.. Bir ko’rsangiz edi ikkalamizni o’shanda…

Hoy og’ayni, siz kavkazlikmisiz? Salyam aleykum! Qaynoq nuqtalardan qochib qochoq degan nom olgan bechoraga xayr qiling! O’zim arman, xotinim ozarbayjon, bolalar… Esimda yo’q…

Voy, sayyohmisizlar? Parle franse? Spik inglish? Tel Avivo? Bechora yevreyga yordam qiling! Mana, o’n yildan beri vatanimga o’tkazishmayapti. Juda ko’p maxfiy sirlarni bilarmishman. Balki yevreyligimga ishonmayotgandirsiz-a? Isbot qilaymi yevreyligimni? Agar xayr qilmasang, aniq isbot qilaman!.. Eh, siz yaramaslar! Pulni ja ayyorlik bilan topasizlar-u, bir bechora yevreyga xayr qilishga kelganda…

Singlim, to’xta, men seni chaqiryapman! Uyim yonib ketdi, pasportimni o’g’irlab ketishdi, o’zim vokzalda yashayapman. Men ham bir paytlar senga o’xshagan ayol edim. Faqat… Keyinchalik jinsimni o’zgartirishga to’g’ri keldi… Lyudmila edim, endi Gavrilaman! Shunisigayam rahmat!

Siz o’qituvchimisiz? Maktabda ishlaysizmi? Tirik burchak bormi? Sichqoncha boqasizmi sinfxonangizda? Xo’p, endi mendek bechorahol erkakniyam boqing! Uch kundan beri hech narsa yemadim. Faqat ichdim…

Artistmisiz? Ha, ko’ryapman, artistsiz! Hamkasbingizga yordam qiling! San’atning orqasidan o’n yil o’tirib chiqdim. Otelloni o’ynaganman. Dezdemonani to o’lmaguncha bo’g’ib turganman. Yaramas, partiya a’zosi ekan… Eh, yaxshisi, pul tarqatadigan kassir qizni bo’g’sam bo’lmasmidi?!. U harqalay partiyasiz edi-ku!..

Birodarlar, xayr qiling! Xotinim o’ldi, bolalar turmada, men poezddan qolib ketdim…

Uf-f, hayotni qarang! Bittagina «Mersedes»ga pul to’plash uchun kun bo’yi mana shunaqa sarg’ayib qo’lingda shapka ushlab turishing kerak. Shuyam hayotmi?

Shundan jinoyatchilik kelib chiqadi-da! Ana, yaqinda bir ayol shisha yig’ib yurgandi. U buyoqda shisha yig’ib yuraverdi, uyini o’g’ri urib ketdi. Uyidan uch qop pulga qo’shib axlat to’kadigan idishiniyam olib ketishibdi.

Birodarlar, xayr qiling! Ko’r, maymoq, qayta qurish pachog’ini chiqargan bir sho’rlikka xayr qiling!

Ishqilib sog’ bo’linglar! Chunki siz sog’ bo’lsangiz, biz gadoylar ham sog’-salomat bo’lamiz! Xayr qili-ing!

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading…