Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

 

«HA BETINGDAN BUZILGUR, YO’LNISA!»

(hajviya)

 

Yigirma yil oldingi husnimni ko’z oldimga keltirsam, yuraklarim uvishib ketadi. Qanday edim-a o’shanda! Ikki yuzimdan nur yog’ilardi. Bahormi, kuzmi, qishmi, farqi yo’q, hatto daydi shamol ham yuzlarimni mayingina silab o’tar, mabodo ul yer, bul yerimga xas-xashak tushgan bo’lsa, asta tozalab qo’yardi.

Manaman degan okaxonlar ro’paramga kelardi-da, hayratdan yoqa ushlashardi. Sira yonimdan ketgilari kelmasdi. Nuqul husni jamolimni tomosha qilishar, bir-birlariga og’iz ko’pirtirib meni maqtashardi. Basharti biror yerimda qora dog’ sezishsa bormi, dunyoga jar solishardi. O’sha lahzadayoq Yevropaning eng so’nggi modadagi bo’yoqlaridan toptirib, dog’imga chaplashardi. Ko’ribsizki, yana chehram ochilib, kayfim chog’lanardi. Ishonasizmi, o’sha manaman degan okaxonlar chet eldagi og’aynilariga ham faqat meni maqtashardi, ko’z-ko’z qilishardi. Ehtiyotkorlikni qarang, ular-chi, og’aynilari ketishi bilan isiriqmi, ishqilib, nimadir tutatib qo’yishardi. Keyin-chi, shishada qandaydir oqimtir suyuqlikni olib kelishardi-yu, qopqog’ini ochishardi. Suyuqlik ko’pirib-ko’pirib yuzlarimga quyilardi. Okaxonlarim qolganini ichib, yuzlarimni ohista silab qo’yishardi va istar-istamas ortga qaytishardi.

Yarim kechasiyam yuzimdan yog’ilayotgan nur yo’qolmasdi. Oy shu’lasida yanada yarqillab ketardi. Faqat bu oyga yoqmasdi, bilardim, sezardim. U azbaroyi alam o’tida yonganidanmi, qora bulutlar bilan darhol tilni bir qilib, yomg’irmi, do’lmi yog’dirardi. Ko’ribsizki, shu zahoti a’zoyi badanim shallabo bo’lardi. Yaramas, hasadgo’y oy, ertasi kuniyam tinchimasdi. Xuddi o’shaning chaqirig’i bilan bo’lsa kerak, jonimni olgudek o’kirib «Kamaz», traktorlar ustimga bostirib kelishardi. Bir zumda qalbimni tirnashardi-yu, ko’ksimni parcha-parcha qilib ketishardi. Ammo bu dard uzoqqa bormasdi. Chunki okaxonlarim mendan tez-tez xabar olib turishardi. Parchalangan ko’ksimga boqib mushtlarini tugishardi-da, tag’in Yevropada modaga aylangan bo’yoqlardan, malhamlardan olib kelib surishardi. Aybdorlarni esa uzoq vaqt meni oyoqosti qilmaslikka majbur etishardi. Ha, men o’sha paytlarda oy desa degudek, bir qoshiq sut bilan yutsa yutgudek husn egasi Yo’lnisa edim.

Afsus… Xudoyo xudovando g’iybatchilarni, hasadgo’ylarni, mehrsiz, eshaksifatlarni yer yutsi-in!.. Biz taraflarga chet elliklarning kelishi ko’paygan bir mahal sho’rimga sho’rva to’kishdi qo’yishdi. Hoynahoy, o’sha oymoma qurib ketkurning ishidir bu. «Kamaz», traktorlarni yo’ldan uribdi. Quyosh boboning aytishiga qaraganda, ular garajga yig’ilib, bir ovozdan «Yo’lnisa betidan buzilsin!» deb qarg’ashibdi. Ko’pning qarg’ishi o’q-da! Qay go’rdan paydo bo’ldi, bilmayman, oradan bir necha kun o’tib- o’tmay, «Kamaz»ga ikkita keladigan g’alati, turqidan ot hurkkilik mashinalar ustimga bostirib keldi. Dodladim, yolvordim, tavallo qildim, quloq osishmadi. Hali yuzlarimni, hali ko’ksimni bosib o’taverishdi, o’taverishdi…

Okaxonlar ham anchadan beri yuz dollarlikday ko’rinmay qolishgan. Qamalib ketishganmi, yo katta pul topish ilinjida o’zlari bilan o’zlari ovora bo’lib ketishdimi, menga bunisi qorong’i. Har kuni, hatto yarim tunlari bedor bo’lib kutaman ularni. Qachonlardir meni bo’yantirgan o’sha Yevropacha bo’yoqlarini, moyday mayin malhamlarini qo’msayman. Nadomatlar bo’lsinki, ulardan ham darak yo’q. O’yiqdan o’yiq ko’ksimni quchgancha zor qaqshab tong otishini qo’rqa-qo’rqa kutaman. Chunki yangi chiqqan mashinalar tong yorishgandanoq gurillab kela boshlashadi. Shundog’am o’yiq ko’ksimga oyoq bosib, meni toptab, ezg’ilab-ezg’ilab o’tishadi. To’xtab bir og’iz uzr so’rashni-da bilishmaydi. O’yiq ko’ksimga shundog’am botib azob berayotgan toshlar ularning yuki tushganda jonimni uzib olar kabi bag’rimga qadaladi. Dod deyman, qani birov eshitsa!..

Hushlariga kelsa, qandaydir begonadan begona odamlar kelishadi-da, ko’ksimdagi o’yiqlarning ba’zilariga o’zimizda ishlab chiqarilgan tosh aralash malhamdan surib qo’yishadi. Bu malham dardimga davo bo’lmaydi. Aksincha kasalimni kuchaytiradi. O’yiqlar chuqurlashsa chuqurlashadiki, bitmaydi, egachi!..

Yaxshiyam bir-biridan go’zal, hashamdor, qomatlari xipchadan-xipcha yengil mashinalar bor ekan. O’shalar o’yiq ko’ksimni juda ehtiyotkorlik bilan bosib o’tayotib, bir marta bo’lsa-da, yuzlarimni siypalab qo’yishadi. Ayniqsa, ko’ksimning loy chaplangan o’yiqlaridan o’tayotganda menga taskin berib, bir muddat sukutga ham tolishadi. Iloyo xudo xayrlarini bersin!..

Lekin baribir o’sha go’zal va ajoyib damlarni qo’msayveraman. Yana go’zal, ko’zga yaqin, huriliqo Yo’lnisaga aylanish istagi qalbimni sira tark etmaydi. O’zimning okaxonlarimni kutishdan charchamayman. Ularning puli ko’paygandan ko’payishini xudodan qayta-qayta so’rayman. Pullari ko’payib ketsa, menga Yevropaning eng so’nggi modadagi bo’yoqlaridan, malhamlaridan olib berishardi. Okaxonlarim, qaerdasiz? Yo’lnisani qarg’aganlarning dodini bermaysizmi? Qachongacha qarg’ishlar ostida qolib ketama-an?

Olimjon HAYIT

loading…